1,1 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

Mamlakatimiz hududlarining, shu jumladan, olis qishloq va mahallalarning yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish tashabbusi ilgari surilgan.  

Qayd etilishicha,  davlatimiz rahbarining  joriy yil 2 apreldagi  “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra, 2021  yilda 352 ta ob’ektda, 3 447,3 km uzunlikdagi tarmoq va 359 ta inshootda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 1 trillion 55 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan 839,3 milliard so‘mlik manzilli dastur tasdiqlangan.

Mutaxasis tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning  1 oktyabr holatiga ko‘ra, 760,8 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 3  ming 285 km yoki yillik rejaga nisbatan 95 foiz tarmoqlar qurilib, rekonstruksiya qilindi. Ushbu dasturlarda ko‘zda tutilgan 352 ta ob’ektga  Qurilish vazirligining qurilish-pudrat tashkilotlari reytingida “SS” va undan yuqori pog‘onaga ega bo‘lgan salohiyatli pudrat tashkilotlari tanlab olinib, shartnomalar tuzildi hamda qurilish ishlari boshlandi.

Bundan tashqari, qurilish ob’ektlariga sifatli polietilen quvurlarini yetkazib berish maqsadida “O‘zstandart” agentligi bilan quvur ishlab chiqaruvchi korxonalar xatlovdan o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 222 ta quvur ishlab chiqaruvchi korxonaning mahsulotlari talab darajasiga mosligi o‘rganilib, shundan 32 ta korxona hamda ob’ektda ishlatiladigan asosiy qurilish materiallari va zamonaviy energotejamkor asbob-uskunalarni yetkazib beruvchi tashkilotlar belgilab olindi.  

Brifingda ta’kidlanishicha, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ijrosining ta’minlanishi 1,1 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga va  2,9 million nafar aholining  suv ta’minoti yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA

E-visa Form
Uzbek