Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Buyuk Britaniyada bo‘ldi. Mazkur safar Birlashgan Qirollikning Toshkentdagi elchixonasi va O‘zbekistonning Londondagi diplomatiya missiyasi ko‘magida tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy boshqarilishi, mamlakatning xalqaro obro‘-e’tiborini shakllantirish va mustahkamlash bo‘yicha xalqaro tajribani, shu jumladan, Britaniya tajribasini o‘rganish, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi xolis axborotlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan izohlanadi.
Ushbu safar doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari qator uchrashuvlar o‘tkazishdi, rasmiy idoralar, jamoatchilik va boshqa tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar, yetakchi media korporatsiyalarida bo‘ldilar.
Masalan, Buyuk Britaniya parlamentida o‘zbekistonlik mehmonlarni quyi palataning Uyali tizimlarni tadbiq etish, OAV, madaniyat va sport qo‘mitasi a’zolari qabul qildilar. Ular bilan sohaning qonunchilik zaminini boshqarish va yangilash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Britaniyaning VVS teleradiokorporatsiyasi bosh qarorgohida hamda CNN London byurosida ham bo‘lishib, samarali muzokaralar o‘tkazdilar, amaliy hamkorlikning yo‘nalishlari belgilab oldilar.
Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz delegatsiyasi respublikamiz Konstitutsiyasining 25 yilligi munosabati bilan Britaniya – O‘zbekiston jamiyati tomonidan tashkil etilgan tantanali tadbirda ham ishtirok etdilar.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va tadbirlar chog‘ida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida hayotga tadbiq etilayotgan o‘zgarishlarning amaliy ahamiyati va natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar britaniyalik suhbatdoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ular islohotlarning tizimli tus olganiga, shuningdek, jamoatchilik muhokamasi mexanizmlarini qo‘llash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berdilar.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda boshqa kommunikatsiya vositalariga oid qonunchilik va boshqaruv tajribasi haqidagi foydali axborotlarni “birinchi qo‘l”dan oldilar.
Safar yakunlari bo‘yicha qator amaliy kelishuvlarga erishildi.
“Jahon” AA,
London