Boysun tumanida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Boysun bahori” folklor festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Festivalning ochilish marosimida mamlakatimizda madaniyat va san’atni yangi bosqichda rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bunday ezgu ishlar milliy qadriyatlarimizni tiklash, qadimiy merosimizni, xususan, xalq ijodi an’analarini muhofaza qilish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishda yuksak samaralar berayotir. Ming yillardan buyon ajdodlarimiz qalb qo‘rida saqlab, rivojlantirib kelgan xalq amaliy san’ati, xalq og‘zaki ijodi singari nomoddiy madaniy meros durdonalari hayotimizdan mustahkam o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda. Navqiron avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan festival betakror va boy madaniy merosga ega vohaning xushmanzara tog‘lari qo‘ynida o‘tkazilayotganida chuqur ma’no mujassam. Zero, Boysun – o‘zining moddiy va nomoddiy madaniy merosi, go‘zal tabiati, insoniyatning ilk manzilgohi, noyob qadriyatlar beshigi sifatida jahonga tanilgan. Teshiktosh g‘ori insoniyat madaniyatining o‘tmishdagi qadimgi o‘chog‘i, ming yillar avval yaratilgan “Alpomish” dostoni xalq og‘zaki ijodining noyob durdonasi sifatida dunyo olimlarida alohida qiziqish uyg‘otib keladi.
Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizni tiklash va asrab-avaylashga qaratilayotgan e’tibor xalq amaliy san’ati va xalq og‘zaki ijodi kabi nomoddiy madaniy meros durdonalarimizga jahon ahli qiziqishini yanada oshirdi. YUNESKO tomonidan 2001-yil “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari” sifatida e’tirof etilgan Boysun 2008 yilda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani buning yaqqol dalilidir.
Bu yil ushbu festivalga asos solinganiga 16 yil bo‘ldi. Biroq, nafaqat yurtimizda, balki ko‘plab xorij davlatlarida ham katta qiziqish uyg‘otgan “Boysun bahori” so‘nggi 11 yilda o‘tkazilmay qolgan edi.
–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil noyabr oyida Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda “Boysun bahori” ochiq folklor festivalini qayta tiklash hamda uni mazmunan boyitish masalasini ilgari surdi,– deydi viloyat hokimi o‘rinbosari R.Choriyev,– Shunga muvofiq, o‘tgan yili festival qayta bo‘y ko‘rsatib, yuqori saviyada o‘tkazildi. Bu yilgi tadbirning yanada qiziqarli, jozibali o‘tishi uchun alohida hozirlik ko‘rildi. Ishtirokchilar uchun ham, mahalliy va xorijlik tomoshabinlar uchun ham barcha sharoitlar yaratildi. Havo sharlari keltirildi. Tomoshabinlarga sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda o‘rnatilgan o‘tovlar yurtimizning barcha hududlariga xos qadimiy urf-odat va an’analarni asosida bezatildi. Festival doirasida xalq ansambllari va badiiy jamoalarining chiqishidan tashqari baxshilar ko‘rik-tanlovi, kurash musobaqalari, uloq-ko‘pkari, tosh ko‘tarish, arqon tortish, varrak sayli, xo‘roz urishtirish kabi qiziqarli xalq o‘yinlari tashkil etish rejalashtirilgan. Milliy liboslar, taomlar hamda yosh rassomlar ijodiy ko‘rgazmalari, shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan turli aksiyalar o‘tkaziladi. Bularning barchasi moddiy va nomoddiy boyliklarimizni keng namoyon etib, turizm, ayniqsa eko va ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilgi “Boysun bahori” ochiq folklor festivalida mamlakat va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib kelayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Bes perde”, Andijon viloyatining “Zilol”, Buxoro viloyatining “Vardonze navolari”, Jizzax viloyatining “Bog‘don gullari”, Navoiy viloyatining “Vang‘ozi”, Namangan viloyatining “Yor-yor”, Samarqand viloyatining “Chavqi”, Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo navolari”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Toshkent viloyatining “Qurama”, Toshkent shahrining “Nodirabegim”, Farg‘ona viloyatining “So‘x chashmasi”, Qashqadaryo viloyatining “Oydinoy” folklor-etnografik jamoalarining 250 dan ortiq vakili ishtirok etmoqda. Shuningdek, mahalliy va xorijlik mehmonlar Tojikiston Respublikasining “Padida” teatr jamoasi va tojikistonlik mashhur xonanda Shabnam Surayyo, Afg‘oniston Islom Respublikasining taniqli hofiz-xonandalari maxsus dasturlarini miriqib tomosha qiladi.
Tadbirda mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Festivalning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev, Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.