“Boysun bahorida” yana ko‘rishguncha, xayr!

Surxondaryo viloyatida 28-29 aprel kunlari “Boysun bahori” ochiq folklor festivali bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yurtimizning turli hududlari va xorijdan kelgan mehmonlar ishtirok etdi. Ular folklor-etnografik jamoalar, aktyor va xonandalarning bayram dasturlaridan bahramand bo‘ldi.

Xalq amaliy san’ati va xalq og‘zaki ijodi kabi nomoddiy madaniy meros durdonalari, maftunkor tabiat manzaralari, boy arxeologik yodgorliklari bilan dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otayotgan Boysun bayramona bezatilib, festival ruhini aks ettiruvchi pannolar o‘rnatilgan. Maftunkor Padangsoy bo‘ylari musiqa sadolari, ona tabiatning buyuk qudrati, archayu, rang-barang giyohlar, gullar ifori bilan yanada go‘zal, ko‘rkam va fayzli ko‘rinish kasb etgan. Erta tongda Boysun shahridan osmonga ko‘tarilgan havo sharlari baland qiru adirlar osha birin-ketin Padangsoyga qo‘ndi.

Bir tomonda boysunlik qo‘li shirin pazandalar rang-barang milliy taomlar tayyorlab, mehmonlarni xushnud etgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda bolajonlar turli milliy xalq o‘yinlari namoyish etdi. Milliy hunarmandchilik buyumlari, tasviriy san’at va liboslar ko‘rgazmalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Xalq sayli, dor o‘yinlari, kurash musobaqalari, baxshi, oqin va jirovlarning xonishlari festivalga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

6.jpg

15.jpg
– Xalqimizning azaliy orzu-intilishlari, sadoqat, vafo, jasorat kabi olijanob fazilatlari keng tarannum etiladigan festival yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Boysun tumanidagi 23-umumta’lim maktabi yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Ilhom Chorshanbiyev.­ – Baxshi, oqin va jirovlarning chiqishlarini tomosha qildim. Menga, ayniqsa, qoraqalpoq jirovining milliy termalari juda yoqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan festival betakror va boy madaniy merosga ega vohaning xushmanzara tog‘lari qo‘ynida o‘tkazilayotganida chuqur ma’no mujassam. Zero, Boysun – o‘zining moddiy va nomoddiy madaniy merosi, betakror tabiati, insoniyatning ilk manzilgohi, noyob qadriyatlar beshigi sifatida jahonga tanilgan. Teshiktosh g‘ori insoniyat madaniyatining o‘tmishdagi qadimgi o‘chog‘i, ming yillar avval yaratilgan “Alpomish” dostoni xalq og‘zaki ijodining noyob durdonasi sifatida dunyo olimlarida alohida qiziqish uyg‘otib kelmoqda.

Mustaqillik yillari milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash va rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor xalq amaliy san’ati va xalq og‘zaki ijodi kabi nomoddiy madaniy meros durdonalariga jahon ahli qiziqishini yanada oshirdi. YUNЕSKO tomonidan 2001-yil “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari” sifatida e’tirof etilgan Boysun 2008-yilda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani buning yorqin dalilidir.

Bu yil moddiy va nomoddiy boyliklarimiz ulug‘lanayotgan festivalga asos solinganiga 16 yil bo‘ldi. Biroq ba’zi sabablarga ko‘ra, “Boysun bahori” so‘nggi 11 yilda o‘tkazilmay qolgan edi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil noyabr oyida Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda “Boysun bahori” ochiq folklor festivalini qayta tiklash hamda uni mazmunan boyitish masalasini ilgari surdilar, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari R.Choriyev. – Shunga muvofiq o‘tgan yili festival qayta tiklanib, yuqori saviyada o‘tkazildi. Bu yilgi tadbirga o‘zgacha hozirlik ko‘rildi. Ishtirokchilar uchun ham, mahalliy va xorijlik tomoshabinlar uchun ham barcha sharoitlar yaratildi. Havo sharlari keltirildi. Tomoshabinlarga sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda yurtimizning barcha hududlariga xos qadimiy urf-odat va an’analar aks etgan 100 dan ortiq o‘tov o‘rnatildi. Hunarmandlar, kosiblar, oshpazlar va boshqa kasblarga xos 10 ga yaqin ovul tashkil etildi. Festival doirasida xalq ansambllari va badiiy jamoalarning chiqishlaridan tashqari baxshilar ko‘rik-tanlovi, kurash musobaqalari, tosh ko‘tarish, arqon tortish, varrak sayli, xo‘roz, qo‘chqorlar jangi kabi qiziqarli xalq o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Milliy liboslar, taomlar hamda yosh rassomlarning ijodiy ko‘rgazmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan turli aksiyalar o‘tkazildi.

Festivalning tantanali ochilish marosimida mamlakatimizda madaniyat va san’atni yangi bosqichda rivojlantirishga, soha xodimlarining iste’dod va izlanishini, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Joriy yilda viloyatda 700 o‘rinli muhtasham san’at saroyi, yangi amfiteatr binosi, mamlakatimizda yagona baxshilar maktabi foydalanishga topshirildi. Bunday ezgu ishlar ajdodlardan meros milliy qadriyatlarimizni tiklash, xususan, xalq ijodi an’analarini muhofaza qilish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishda yuksak samaralar berayotir.

Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Bes perde”, Andijon viloyatining “Zilol”, Buxoro viloyatining “Vardonze navolari”, Jizzax viloyatining “Bog‘don gullari”, Navoiy viloyatining “Vang‘ozi”, Namangan viloyatining “Yor-yor”, Samarqand viloyatining “Chavqi”, Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo navolari”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Xorazm viloyatining “Xorazm”, Toshkent viloyatining “Qurama”, Toshkent shahrining “Nodirabegim”, Farg‘ona viloyatining “So‘x chashmasi”, Qashqadaryo viloyatining “Oydinoy” folklor-etnografik jamoalari o‘z hududlariga xos liboslar, urf-odatlar, qadimiy kuy-qo‘shiqlar asosida tayyorlagan maxsus dasturlarini namoyish etdi.

63.jpg

67.jpg
– Ko‘p ming yillik milliy qadriyatlarimiz o‘z ifodasini topgan festivalda xalqimizga xos olijanob fazilatlarni keng tarannum etayotganimizdan mamnunmiz, – deydi Jizzax viloyati “Bog‘don gullari” folklor-etnografik xalq ansambli rahbari B.Usmonov. – Hududimizga xos urf-odat va an’analar aks etgan repertuarimizni xorijda ham namoyish etishni rejalashtirganmiz. Bu festivalda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ham ega bo‘ldik.

Mannon Uyg‘ur nomidagi Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tayyorlagan Alpomish, Barchinoy, Yodgor obrazi va ularning o‘z davriga xos milliy libosda tog‘ qo‘ynida otda kezgani barchani xalq og‘zaki ijodining noyob durdonasi – “Alpomish” dostonini qayta-qayta mutolaa qilishga chorlayotgandek yurtiga, eliga sodiq, muhabbatiga vafodor buyuk ajdodlarimiz siymosini gavdalantirdi.

Milliy kurash musobaqalarida yurtimizning turli hududlari va qo‘shni davlatlardan kelgan polvonlar keng maydonda o‘zaro bellashdi. Kuchi, chaqqonligi va epchilligi bilan raqiblaridan ustun kelgan polvonlar turli sovrinlar bilan taqdirlandi.

Eng kuchli polvonlar bahsida Surxondaryo viloyati Termiz tumanilik Samijon Ubaydullayev mutlaq g‘olib bo‘ldi va festivalning oliy sovrini – yangi rusumdagi “Neksiya” avtomashinasini qo‘lga kiritdi.

82.jpg

– Ajdodlarimiz necha ming yillardan buyon ardoqlab kelayotgan milliy kurash musobaqasi xalollik, chaqqonlik, mardlik kabi udumlarga asoslangani bilan ham bolalikdan meni o‘ziga maftun etgan. Yoshligimdan to‘ylardagi bellashuvlarda qatnashib, toblanganim, kurash sirlarini chuqur o‘rganganim endilikda o‘tkazilayotgan xalqaro turnir va boshqa musobaqalarda qo‘l kelmoqda,­ – deydi S.Ubaydullayev.­

Milliy qadriyatlar keng tarannum etilgan, tinchlik va millatlararo do‘stlik, ona tabiatga mehr va go‘zallik ulug‘langan shodiyona, ayniqsa, xorijlik sayyohlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

– Festivalga kelib, xalqingizning milliy qadriyatlari va jozibador urf-odatlari bilan yaqindan tanishishga muyassar bo‘lganimdan xursandman, – deydi yaponiyalik sayyohKamiyama Chisan. – Tabiat qo‘ynidagi toza havoda o‘rnatilgan salqin o‘tovda miriqib hordiq chiqardim. Bu yurtning turli xalq o‘yinlari, hunarmandchilik buyumlari va jozibador san’atini zavq bilan tomosha qildim. Menga o‘zgacha zavq ulashgan bu kunlarni, jozibali san’at bayramini hali ko‘p yillar sog‘inib yashasam kerak.

Dunyoda insoniyatning og‘zaki va nomoddiy meros makoni sifatida e’tirof etilgan Boysunning qadimgi manzillari Yaponiya, Rossiya, Fransiya, Chexiya kabi davlatlar olimlari tomonidan mamlakatimiz arxeologlari hamkorligida chuqur o‘rganilib, ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

“Boysun bahori” doirasida o‘tgan yillarda tashkil etilgan ilmiy konferensiya va forumlarda ishtirok etgan olimlar, hunarmandlar 50 ga yaqin noyob yodgorlikni aniqlagan. San’atshunos olimlarning YUNЕSKO homiyligida amalga oshirgan xalqaro ekspeditsiyasida 100 ga yaqin ijrochilik san’ati namunasi odamlar tilidan yozib olingan.

Festivalda mahalliy va xorijlik mehmonlar, ko‘p ming sonli muxlislar Vatanimiz poytaxtidan kelgan san’at ustalari, Tojikiston Respublikasining “Padida” teatr jamoasi va tojikistonlik mashhur xonanda Shabnam Surayyo, Afg‘oniston Islom Respublikasining taniqli hofiz-xonandalari Abdumajid va Abdurauf Adlxuiylar tayyorlagan maxsus dasturlardan zavq oldi, madaniy hordiq chiqardi.

Festival yakunida Surxondaryo viloyatining “Boysun” folklor-etnografik jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Bes perde”, Jizzax viloyatining “Bog‘don gullari” va Xorazm viloyatining “Xorazm” jamoalari ikkinchi, Toshkent viloyatining “Qurama”, Farg‘ona viloyatining “So‘x chashmasi” va Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo navolari” folklor-etnografik jamoalari uchinchi o‘rinni egalladi. Turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, eng chechan baxshi-shoir, oqin va jirovlar, eng yaxshi o‘tov-uy o‘rnatgan jamoalar ham taqdirlandi.

G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.

“Boysun bahori” ochiq folklor festivali doirasida Termiz davlat universitetida “Boysun – moddiy va nomoddiy madaniyat beshigi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda yurtimiz olimlari, mutaxassislari bilan birga Xitoy, Chexiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston kabi davlatlardan olim va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Festivalning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B. Sayfullayev so‘zga chiqdi.

E-visa Form
Uzbek