Quvvai hofizam (xotiramning kuchliligi) bilan maqtanolmayman. Biroq… mana 24 yil muqaddam bo‘lib o‘tgan bo‘lsa hamki, ushbu voqea бутун tafsilotlari bilan yodimda.
Turkiy xalqlarning eng qadimiy eposlaridan hisoblangan “Dada Qo‘rqut” kitobining 1000 yilligi va Boyburt (Turkiya) shahrining 10 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanda ishtirok etdim.
To‘rt kun mobaynida bir-biridan qiziq, yangi ilmiy-nazariy fikrlarga boy ma’ruzalar tinglandi.
To‘rtinchi kuni beixtiyor talabalarimga “rahmim” kela boshladi. Biz o‘qituvchilar ba’zan bir soatdan ortiq vaqt davomida ularni ma’ruzamizni tinglashga mahkum qilganmiz. Yurtga qaytgach, endi ma’ruzam “uslubi”ni o‘zgartirishni, ma’ruza orasida “lirik chekinish”larga o‘rin ajratishni ko‘nglimdan o‘tkazdim.
Axir, insondagi tinglash qobiliyati ham chegaralangan, inson bir xillikdan malollanar ekan-da.
Nihoyat, anjumanning beshinchi kuni she’riyat kechasi o‘tkazilishi e’lon qilindi. Bu ko‘pchilikka, jumladan, kaminaga ham xush yoqdi. Axir “She’rda sehr bor” degan muborak hikmat bejizga aytilmagan.
She’riyat kechasini Boyburt viloyati hokimi boshqardi. Uning adabiyotga, kitobga, kitobxonlikka muhabbatli ekani, gap-so‘zlari, xatti-harakatlaridan shundoq bilinib turardi.
Kirish so‘zidayoq biz “ichi tor” ishtirokchilarni o‘ylantirayotgan muammoga yechim ko‘rsatdi:
– Aziz mehmonlar, muhtaram ilm odamlari, she’riyat shaydolari! Bilaman, bu fayzli she’riyat kechamizda hamma ko‘p-ko‘p she’r o‘qigisi keladi. Agar biz bunga “yo‘l qo‘ysak” she’riyat kechamiz tugashni bilmaydi. Ruxsat bersangiz, bir narsani qat’iy belgilab olsak. Bu yerga chiqqan (minbarni ko‘rsatdi. – A.T) har bir ishtirokchi faqat bitta she’r o‘qib berish huquqiga ega.
She’riyat kechasining bu sharti hammaga ma’qul bo‘ldi.
Xullas, yana uzoq-yaqindan kelganlar o‘z ijod namunalaridan o‘qiy boshlashdi…
Taxminan uch soatlardan so‘ng, tushlikka yaqin, konferensiya ishchi guruhidan bir vakil kelib:
– Xo‘jam (turklar o‘qituvchilar, ustozlarga ko‘pincha shunday murojaat qilishadi), siz ham she’r o‘qiysizmi? Ro‘yxatga yozib qo‘yaymi? – deb so‘radi. “Yo‘q” deyolmadim. Rozilik bildirishga bildirdimu, nimani o‘qiyman? – deb o‘yladim. Xotiram daftarini bir-bir “varaqlay” boshladim:
“Ko‘zim ko‘zing ko‘rgaymi yo,
Ko‘zim tolgay, ko‘zing istab.
Dilim, diling topgaymi yo
Toqat tolgay o‘zing istab…”
Bo‘lmaydi.
Yutgim kelar sukunatni
Ozor bermay tishimga…
Balli sabr sening sabringga,
Chidadim-ey bergan jabringga.
Poymonang to‘lgan chog‘ beshak
Tosh qo‘yaman o‘zim qabringga.
Shunday nufuzli anjumanning xotimasidagi she’riyat kechasida bunday she’r o‘rinsiz.
Jonimga boshlovchining “Endi 15 daqiqalik tanaffus!..” degan e’loni oro kirdi. Zaldan chiqishim bilan ko‘zim konferensiya tashkiliy hay’ati tomonidan olib kelingan ko‘chma kitob do‘koniga, yana ham aniqrog‘i kitoblar orasida “savlat to‘kib turgan” “?zbekistan’l? ?air Abdullah Aripov. H?r ?lkem” kitobiga tushdi. Oliboq ochdim. Bilmadim, tasodifmi yoki bir hikmatmi, shoirimizning “Ayol” (Turkcha tarjimasi – “Kad?n”) she’rining tarjimasini oxirigacha o‘qib chiqdim va qaror berdim: “Ayol”ning turkchasini o‘qib beraman!
***
Tanaffusdan so‘ng Abdulla Oripov she’rning turkcha tarjimasini o‘qiy boshladim.
Yiğitler mektuplarını yazdıklarında kanlarından,
Gelinler firaktan çektiklerinde “Ya Hu!”
Onunda koruyucusu dönmedi cenkten,
Ondоkuz yaşında dul kaldı, gözleri sulu…
Zalni ajib sukunat chulg‘ab oldi. Butun nigohlar menga hayajon bilan qarayotganini his qilib turibman.
Eng qizig‘i, eng hayajonli onlar meni kutayotgan edi.
Viloyat hokimi – she’riyat kechasini boshqarayotgan rais o‘rnidan turib, bunday dedi (men imkon qadar so‘zma-so‘z eslab qolganman – A.T):
O‘rtoqlar. Mana necha yildirki, xizmatingizdaman. Meni oz-moz taniysizlar. Ayniqsa, so‘zidan qaytgan odamni umuman yoqtirmayman. Biroq men hozir hayotimda BIR MARTA SO‘ZIMDAN QAYTMOQChIMAN…
Mana, hammangiz guvoh bo‘lganingizdek, O‘zbekistonlik qardoshimiz o‘zbek shoirining “Ayol” she’rini turkcha tarjimasini o‘qib berdi. Hammamiz to‘lqinlandik. Hammaga birdan ta’sir qildi.
Bunday dilbar, go‘zal she’r asliyatida qanday yozilgan ekan, qanday jaranglar ekan?!
Agar ruxsat bersangiz, she’riyat kechamizning avvalidagi qoidamizni “buzgan” holda qardoshimizdan ushbu she’rning o‘zbekchasini o‘qib berishini iltimos qilsak…
Rozilik alomatini bildiruvchi olqishlar…
Bu satrlarni yozyapmanu, beixtiyor o‘sha hayajon meni chulg‘ab olyapti.
Bo‘g‘zimga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Bu holatda she’r o‘qish u yoqda tursin, birgina so‘zning chiqishi amrimahol.
Minbarda ichishga suv ham qolmagan, balki almashtirishga ulgurishmagan.
Qarasam, rais janoblarining oldilarida suroxiy(bakal)da suv turibdi.
O‘zbekona odobga xilof bo‘lsa-da, minbardan tushib, rais oldidagi suroxiydan o‘zimga bir bardoq (stakan) suv quyib, minbarga qaytdim. Suvni ichdim va she’rni o‘qiy boshladim:
Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan chekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
O‘n to‘qqiz yoshida beva qoldi u.
Sevgidan yetimu umrdan yarim,
Qurigan ko‘ksida yolg‘iz belanchak.
Abadiy firoqni, hayhot, do‘stlarim,
Abadiy visol deb bildi kelinchak…
Shundaylar bo‘lmasa agar dunyoda,
Bu qadar muhtaram bo‘lmasdi ayol!
Xayriyat, she’rni oxirigacha o‘qish nasib etdi. Yana o‘sha samimiy, biroq yana-da jarangdor olqishlar.
Men o‘shanda she’rning, so‘zning ta’sir kuchiga, adabiyot ko‘ngillarni bog‘lovchi, qalblarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi ma’naviy vosita ekaniga amin bo‘ldim.
O‘zimcha o‘yladim: “Bu olqishlar o‘zbek ayoliga, umuman AYoLga olqish, O‘zbek shoiriga, O‘zbek she’riyatiga bo‘lgan ehtirom, e’tibor, e’tirof olqishlari edi.
Allohga shukrki, 24 yildan beri yozishni ko‘ngilga tukkanim maqolani yozish nasib etdi. Omon bo‘ling!