Xitoyda 23 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining final bahsida O‘zbekiston va Vyetnam yoshlar terma jamoalari o‘zaro bahslashdi.
Birinchi bo‘limning 8-daqiqasida Dostonbek Hamdamov burchakdan to‘pni Rustamjon Ashurmatovga uzatdi va himoyachimiz ushbu vaziyatdan unumli foydalanib, to‘pni boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Hisob – 1:0. 41-daqiqada darvozamiz tomon qo‘yilgan jarima to‘pini vyetnamlik Nguyen Kuang Xai muvaffaqiyatli amalga oshirdi va hisobni 1:1 ko‘rinishiga olib keldi.
“Qor jangi”ning ikkinchi bo‘limini futbolchilarimiz ko‘k libosda o‘tkazdi. Ushbu taymda har ikkala jamoa vakillari qator hujumlar uyushtirgan bo‘lsa-da, ammo hisob ochilmadi. Shu tariqa asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi.