G‘alaba onlarini yaqinlashtirgan fidoyi mehnat

Ularning halol, fidoyi va kasbga sadoqat bilan qilgan mehnati Ikkinchi jahon urushi balosini yengishda, g‘alaba onlarining yanada yaqinlashuvida muhim ahamiyat kasb etdi. Kimdir zavodda tunu kun zahmat chekib mehnat qildi. Boshqa hamyurtimiz maktabda bolalarga ta’lim berdi. Shifokor va hamshiralarning sa’y-harakatlari bilan urush olovida jarohatlangan ming-minglab harbiylar davo topdi.

9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida mamlakatimizning barcha go‘shalarida urush va mehnat faxriylarini e’zozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Anashunday tadbirlar poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Avayxon” mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan tashkil etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 16 aprelda qabul qilingan “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga oid ezgu sa’y-harakatlar qamrovini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yurtimizda urush va mehnat faxriylarining ko‘nglini ko‘tarish, yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Barcha joylarda bo‘lib o‘tayotgan “Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas”, “Mardlik, burch va sadoqat” shiorlari ostidagi tadbirlar yoshlarni ona-Vatanga muhabbat, fidoyilik, sadoqat, tinch va osoyishta kunlarimizni, istiqlolimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

– Urushning og‘ir asorati uzoq yillarga cho‘zildi, – deydi front orti mehnat faxriysi Saltanat Soyipova. – Bugungi har bir tinch va osoyishta, to‘kinlikda, fayzu farovonlikda kechgan kunlarimiz barchamiz uchun bebaho boylik. Uning qadriga yetish, yurt ravnaqi, tinch va osuda hayotni saqlash yo‘lida halol mehnat qilish o‘zini shu aziz Vatanning farzandi, deb bilgan barchaning, ayniqsa, yoshlarimizning chin insoniy burchidir.

O‘tkazilgan aksiya davomida “Avayxon” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Shermat bobo Hamitov, Osiyo Risqulova, Raisa Zaynullina, Zoya Kulikova, Ro‘zimat Qurbonov, Valentina Bobrikova singari front orti mehnat faxriylarining xonadonlariga Xalq demokratik partiyasining Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi deputatlari borib, nuroniylarga sovg‘alar topshirdi. Bugungi dorilomon kunlarimizda fidoyi faxriylarimizning hissasi beqiyos ekani alohida ta’kidlandi.

E-visa Form
Uzbek