Ma’naviyat
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Shukrullo bilan shoir Bahrom Ro‘zimuhammadning bundan roppa rosa 5 yil oldin bo‘lgan suhbatini, ayni qish chillasining ko‘klam nafasiga bo‘y berish pallasida, saytimizda e’lon qilishimizning ham o‘z sababi, o‘zgacha hikmati bor.
Zero, otaxon yozuvchimizning yillar tegirmonidan o‘tgan Iymon va E’tiqodi, achchiq va shirin haqiqatlari, o‘y- qarashlari, fikr mulohazalari, bugungi kun uchun ham muhim va zarurat deb o‘yladik. Qolaversa, bu suhbat mazmuni, yosh avlod uchun ham nafaqat tirik tarix, ibrat, qolaversa ezgulik darsi bo‘lishi shubhasiz!
—Domla, yozuvchi, shoirlar orasida uzun umr ko‘radiganlar siyrak uchraydi. Mana, siz bu bahorda to‘qson uchinchi yilingizni qarshilaysiz…
— Ha, shundoq. Aslida 1920-yilda tug‘ilganman. Pasportimda 1921-sanasi bitilgan…
— Shu yoshga kirib ham ko‘rinishingiz yaxshi…
— Ko‘rinish bo‘laveradi. Hamma narsa ichimda. Xudoga shukur,qilib o‘tiribman. Shu yoshga kirdim. o‘ylab qo‘ygan orzu-niyatlarimga yetdim. Xavaslarimga erishdim. Afsuslanadigan joylarim kam.
— Bizga, yosh ijodkorlarga qanday nasihatlar qilasiz?
— Endi yosh emassizlar. Men o‘zim o‘ylab yurganlarimni aytmoqchiman. Bu gaplarim e’tiqodga taalluqli. Alloh yozish layoqatini juda ko‘p bandalariga in’om etadi. Juda ko‘p odamlar shoir, yozuvchi sifatida xalqqa taniladilar, elning nazariga tushadilar. Bu iste’dod tarafidan sodir bo‘ladi. Ammo, shuni yodlaringdan chiqarmanglarki, iste’dod boshqa, e’tiqod boshqa… Iste’dodli odamlarning barchasi ham e’tiqodli bo‘lavermaydi. Shayton ham iste’dodli bo‘lgan. Farishtalarga dars o‘tgan. Biroq bu farishtada Allohga e’tiqod yo‘q edi. Jamiki mavjudotlarga saboq bo‘lsin, deb Alloh Shaytonni la’natladi. Shaytoni mal’un, deydilar. «Mal’un»ning ma’nosi «razil», «qabih», «yuzsiz» demak. Mal’un majoziy mazmunda aytsak, tashi-yu ichi qora mahluq. Bundaylardan e’tiqodli odamlar nari qochadi.
Agarda qalam ushlagan, qalamidan durlar to‘kiladigan insonda iste’dod va e’tiqod o‘zaro birlashsa, o‘sha insonning Yer yuzasida tengi kam bo‘ladi. Misol tariqasida Mir Alisher Navoiyni aytaman. Navoiy — noyob iste’dod egasi… Bul zotning yozganlari shu kunlarimizga ham to‘g‘ri keladi. U kishi o‘zini nihoyatda kam o‘ylaganu, xalqni ko‘p o‘ylagan. Bul zot o‘zining nafsini o‘ldirgan. Topgan-tutganini elu yurt bilan baham ko‘rgan. Xalq uchun masjidlar, boshqa inshootlar qurdirgan. Shoiru tarixnavislarni, olimlarni, umuman, hunar ahlini, g‘oyat foydali kishilarni ham ma’nan, ham moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan. Ana shuning uchun Navoiy bizning oramizda hozir ham yashayapti. Oybek aka Navoiy boboni nihoyatda qadrlar, u to‘g‘risida roman yozgan edi. Maqolalar yozgan edi. Bu yozganlari jahonga ma’lum. Uzoq yashashingga, shuni katta harflar bilan yoz, E’TIQOD sabab bo‘ladi. Aslini olganda, bir yil yashaysanmi, yuz yil yashaysanmi, bari mohiyatan yaqin: yorug‘ dunyoni ko‘rasan. Gap ko‘p yillar yashashda emas, gap — ota-onangni, elu yurtni xursand qilishda! Hech kimni xursand qila olmasang… kun ko‘rib yurgandan ne foyda.
— Domla, bu gaplarni eshitib odam ham ruhlanadi, ham ruhing tushadi. Ruhlanganimiz — Siz Insonni ulug‘layapsiz. Ruhim tushgani — biz ham ko‘p nojoiz ishlar qilganmiz. Shuni o‘ylasak… yashagimiz kelmay qoladi…
—Barchamiz xom xomsut emgan bandalarmiz. Bilib xato qilamiz, bilmay xato kilamiz. Beayb — Parvardigor, deydilar. Agarda gunoh qilganingni payqasang, tavba qil! Shu gunohlaringni yaxshi amallar bilan yuvgin! Mabodo, jur’ating yetsa, o‘zingni fosh et, kechirimlar so‘ra! Fikru xayoling el uchun biron ezgu ish qilishda bo‘lsin! Nasihatlarim shu.
— Domla, siz juda qiyin zamonlarda yashagansiz. Otangizning qismati qanday kechganini bilamiz. Bolalik davrlaringiz og‘ir kechgan. Endi o‘ttizga kirganingizda yigirma besh yilga qamalgansiz. Bu voqeliklar hazilakam emas. Qanday chidagansiz shularga?
— Avvalo Xudodan sabr so‘raganman, iroda so‘raganman. Dardni Alloh beradi, davosini ham o‘zi beradi, degan gap bor. Qismatni ham Alloh taqdir qilgan. O‘zi shu qismatni ravo ko‘ribdimi, o‘zi uni tuzatadi. Men qilaman o‘ttiz, Tangrim qiladi to‘z-to‘z, deydi xalq. Shuning uchun ham sabr, iroda so‘raganman. Alloh yomonliklarni jazosiz qo‘ymasligiga qattiq ishonganman. Agarda qamoqdan chiqsam, qo‘limdan kelganicha haqiqat yo‘lidan yuraman, xalqimga foyda keltiraman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berganman. Allohga beadad shukrlarkim, havasimga erishdim.
— She’rlaringizni yosh paytlarimizda yod olganmiz. «Inson va yaxshilik» degan kitobingizdagi to‘rtliklarni «Do‘stlik» daftarlariga bitib qo‘yganmiz. Xullas, o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlarimizda she’riyatingiz bizni maftun etgan. Shaxsiyatingiz bilan esa saksoninchi yillarning oxirlarida yaqindan tanishganman. Mana, bugun iste’dod boshqa, e’tiqod boshqa, deb turibsiz. Iste’dodlilarni bilamiz. E’tiqodli shoiru yozuvchilar qatorida kimlarni ko‘rasiz?
— Yigirmanchi asrni so‘rasang… Yigirmanchi asrda ham, hozir ham iste’dodli va e’tiqodli odamlar ko‘p. Ularning hammasini nom-banom sanasam, gapimiz cho‘zilib ketar… E’tiqodning bir jihati tuzumlarga ham bog‘liq bo‘lgani sir emas. Sho‘ro davrida partiyaga e’tiqod qildik, uning aytgani bizga dasturulamal bo‘ldi… Ko‘rdikki, bu e’tiqod puch ekan, Mustaqillik o‘zligimizni qaytarib berdi. 74 yil mobaynida partiya bizni uxlatib qo‘ygan ekan, Mustaqillik yomon tushli uyqudan uyg‘otdi.
— Domla, e’tiqodsiz shoiru yozuvchilarning belgisi qanday bo‘ladi?
— E’tiqodsizlikning belgilari: lafzsizlik, o‘zi aytgan gaplariga o‘zi amal qilmaslik, gapidan tonish, yuzsizlik, tavba-tazarru qilmaslik, xalqni aldash… Masalan, men bir iste’dodli shoirni taniyman. Unga Toshkentda «hujum» uyushtirib, shaxsini sindirmoqchi bo‘lganlarida «Literaturnaya gazeta»da unga «Oq yo‘l» tiladim. She’rlarini Moskvada e’lon etdilar. U sobiq ittifoqdagi manaman, degan shoirlarning nazariga tushdi. Menga kitobini sovg‘a qildi. Toshkentdek shahri azimda otam o‘rniga otamsiz, akam o‘rniga akamsiz, mazmunida dastxat bitdi o‘z kitobiga… Keyin bilmadim, nima uchundir, mendan yuz o‘girib ketdi. Bir anjumanga borsam, hamma o‘rnidan turib, men bilan ko‘rishdi, u ko‘rishmadi. Bu kishi kim o‘zi, nima yozibdi, dedi ko‘zlarini lo‘q qilib. Kecha otamsan deganning bu qilig‘i yuragimga og‘ir botdi. U (domla aytgan ism-sharifni sir tutmoqdamiz) hammani aldaydi. Nafsini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Bundayligi bois, she’rini yodlasalar-da, shaxsini bilganlarning ixlosi qaytadi. U yurt nazaridan qoladi.
— Domla, G‘afur G‘ulom haqida nima deysiz? Shu yilning may oyida buyuk adibimizning 110 yilligi nishonlanadi… (suhbat 5 yil oldin bo‘lgan)
—Men G‘afur aka to‘g‘risida ko‘p yodnomalar yozganman. Yana aytsam, qaytariq bo‘lib qoladi. So‘rading — aytaman. 1944 yilda Pushkin parkida G‘afur aka bilan qo‘l berishib tanishganman. «Kimning o‘g‘lisan?» — deb so‘ragan. Yusuf qori akaning o‘g‘liman, deya otam haqida bir oz ma’lumot berganman. «Iye, domlamning do‘stining o‘g‘li ekansan. Yusuf qori domlani yaxshi taniyman», degan va uyimga kep turgin mazmunida gap aytgan. She’rlarimni ko‘tarib borganman… «Durust. O‘zbeklardan ham Fet chiqibdi-da», deganlari yodimda. She’rlarimning bo‘sh misralarini tahrir qilgan. Menga she’r ham bag‘ishlaganini bilarsan?
—Bilaman. o‘sha she’r, Tishlaring tushibdi, desam Shukrullo, satri bilan boshlanadi…
— To‘g‘ri. G‘afur aka bilan do‘st edik. Nafaqat do‘st, ota-bola bo‘lib qolganmiz. «So‘fi azon aytmasdan avval uyga kel!» — derdi. Uyida suhbatlashardik. Xotirasi o‘tkir, yodaki she’r, hikoya aytishga usta odam edi. Bir kuni: «Istagan mavzuingni ayt, o‘sha mavzuda she’r yozaman», deb qoldi. Siyoxdon turgan ekan, shu haqda she’r to‘qing, dedim. Hech o‘ylab o‘tirmasdan she’r to‘qidi. Yana bir boshqa buyumlarni aytdim. She’r to‘qidi. Osmonga qarasam samolyot uchib borayotgan ekan. Samolyot haqida she’r bo‘lsin, dedim. To‘qidi… Yana umuman qiyin mavzularni aytdim. G‘afur aka g‘ururi katta odam edi. «Ixxi» deb yo‘talib qo‘ydi. O‘ylandi. She’r to‘qiy boshladi. Shunda men ro‘paramda zamonning eng nodir kishisi, ya’nikim dahosi o‘tirganini payqadim. Bu odamning bitganlari durdona asarlar qatoriga mansub. Maqolalaridayam shirin ta’m mavjud. Lekin G‘afur aka zamondan hayiqib, to‘g‘rirog‘i, qo‘rqib yashadi. Haqiqatni baralla aytib bilmadi. Negadir, shunday bo‘ldi. Agar haqiqatni ochiq aytganida jamiyat ko‘p foyda ko‘rgan bo‘lar edi. Shundoq deymanu, o‘sha sho‘rolar davrida kim o‘z jonidan bexavotir yashagan? «G‘iring» deb ovoz chiqarganni zindonga tashlayversa… Lekin mana bunaqangi xonaki suhbatlarda G‘afur aka Lenini ham, Stalinni ham, partiyasiyu hukumati ham qolmay chaparosta qilib so‘kardi, ammo ertasiga partiyaga bag‘ishlanganmi, baynalminalga bag‘ishlanganmi, oktabr inqilobiga atabmi, biron she’r yozib, matbuotda e’lon qilardi. G‘afur aka yaxlit talant edi, daho edi. Endi… bu shoirlar hozirgilar kabi mol-mulkni o‘ylagan emas. Jonini saqlashni o‘ylagan, xolos. Bundaylarni kechirsa ham bo‘ladi, kechirmasa ham bo‘ladi.
Bir voqea yodimga tushdi. Moskvada mehmonxonada dam olayotgan kezlarim. Shayx aka (Maqsud Shayxzoda – B.R.) Kreml shifoxonasida davolanib, mehmonxonaga o‘tgan ekan. Diydorlashdik. Bir kuni kayfi chog bo‘lib keldi yonimga. Sababini so‘rasam: «G‘afur G‘ulomni sog‘inib» degan she’r bituvdim. Gazetda chiqibdi. Gazetni yetkazishdi. Shunga xursandman», dedi. E, Shayx aka, bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Qamalganingizda Sakina opaga (Maqsud Shayxzodaning rafiqasi – B.R.) G‘afur aka: «Men Maqsud Shayxzoda degan shoirni mutlaqo tanimayman», deb biron yordam ko‘rsatmagan ekan… Siz nega sog‘inib she’r yozdingiz», desam, Shayx aka xiyol kulimsirab turib: «G‘afurdan xafa bo‘lib bo‘lmaydi. Nimasidan xafa bo‘lay?! Xayoli parishonroq odam edi», dedi. Men bu gaplarni yozsam qizining jahli chiqibdi. To‘g‘ri gapni yozishimiz kerak-ku, axir? G‘afur aka qadrdonim, ammo bir faylasuf aytganidek, haqiqat hamma narsadan ustun bo‘ladi.
—Jamiyatdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida nima deysiz? Bugungi ko‘p shoiru yozuvchilar bor haqiqatni ro‘yi rost aytayapti, deb o‘ylaysizmi?
— O‘zgarishlarni o‘zing ko‘rib turibsan. Qanchadan-qancha shaharlar chiroy ochmokda. Qanchadan-qancha inshootlar qurildi. Buni Toshkent misolida ham bilish mumkin. Ko‘chaga chiqsang, ko‘zing yayraydi. Qishloqlarda fermer tabaqasi paydo bo‘ldi. Ba’zi qishloqlar shahardan qolishmaydi, deydilar. Muhimi, Mustaqillik sharofati bilan, Xudoga shukr, sho‘ro mafkurasidan qutildik, Islom dini jamiyatimizga yana kirib keldi, so‘z erkinligi, vijdon erkinligi barqaror topdi. Sho‘ro davrida xususiy gazeta-jurnallar, nashriyotlar bormidi? Bunga aslo yo‘l qo‘yilmasdi. Sho‘ro davridagi senga o‘xshagan jurnalistlar ziyolilar bilan shunaqangi bemalol suhbat o‘tkazib, matbuotda bosa olarmidi? Bosib ko‘rsinchi, darrov KGB degan tashkilot u bilan shug‘ullanardi. Bunga oid bir voqeani aytay: Navoiy teatrida qaysidir sanaga bag‘ishlangan konsert bo‘lishi kerak ekan. Bu konsertga Yusufjon qiziq bilan Oxunjon qiziq ham taklif etilibdi. Teatr rahbari «Sahnaga chiqqandan keyin ramkada turib gapiringlar, ortiqcha qiliqlar ketmaydi, katta rahbarlar ham konsertga kelishadi», deb tayinlabdi. Haqiqatan ham, konsertda partiya va hukumat arboblari ishtirok etishibdi. Navbat qiziqchilarga berilganda, har ikkovi dereza romini ko‘tarib chiqib, yuzlariga tutgancha tomoshabinlarga besh minutcha qarab turib, qaytib kirib ketishibdi. Kattalardan biri qiziqchilardan birini huzuriga chaqirtirib, nima gap, nega bunaqa qildinglar, deb so‘raganda, Yusufjon qiziq rahbarimiz ramkadan chiqmanglar dedi, shunga romni ko‘tarib chiqib mo‘ltayib turaverdik, degan ekan. Sho‘ro davrida shunaqa ramkalar bor edi, bu ramkalar qalin temirdan ishlangan edi.
Biz faqat va faqat qariyalar bilan cheklansak, yutqazamiz. Yutqazganimiz bugun ma’lum bo‘lmasa, ertaga oydinlashadi. Odamni qiynaydigan, odamni azoblaydigan jihatlar yo‘q emas. Men shu jihatlar qatorida birovlarning haddan tashqari boyib, birovlarning nonga pul topa olmayotganini ta’kidlayman… Qarib qoldim. Yosh yigitlarday viloyatlarga chiqishga madorim sust. Ammo sizlar borsizlar-ku! Nega shular to‘g‘risida yozmaysanlar? Daftaringga shularni yoz: shoiru yozuvchining burchi faqat ma’noli asarlar bitib, e’lon qildirish emas, burchning asosiysi — xalqni o‘ylash, xalq to‘g‘risida urish, xalqni himoya qilish! Qorni to‘q odamning, usti but odamning qorni och, yupun odam holatini tushunishi, tasavvur etishi juda mushkul bo‘ladi.
Bir dono Shaxs mamlakatimizni idora qilib turibdi. O‘zing o‘yla: oilangni boshqarasan. Boshingda ming tashvish, ming o‘y. Sening tashvishingki shunday katta ekan, Yurtboshiniki qanaqa bo‘ladi?! Uning tashvishlari millionta… Bir kunini o‘yla… Hamma narsani surishtirishga, nazorat qilishga vaqti yetmaydi-ku, axir?! Hozir O‘zbekiston butun Osiyo qit’asida qudratli mamlakatga aylandi. Yurtboshi jahon mamlakatlari rahbarlari bilan so‘zlashmoqda…
Ana shuning uchun ham shoiru yozuvchilar unga hushomad qilishi emas, balki yordam berishi kerak. Bu yordam haqiqatni aytish hisobiga bo‘ladi. Mayli, rostgo‘y kishilar bir fursat qiynalishar, ammo ularning yuraklari rohat topadi.
Odam och yursa, piyoda yurib charchasa, bu — qiynoq emas. Vijdon qiynog‘i yomon! Eng yomoni – Vijdon qiynog‘i… E’tiqodli, iste’dodli odam — donishmand odam. Donishmand odamning vijdoni qiynalmasligi mumkin emas. Vijdon qiynog‘i uni bir yoqlik qilib, bolalari, nevaralariga ham o‘tib ketadi,
Musulmon xalqida bir aqida bor. O‘lishini bilgan odam jigargo‘shalarini qoshiga chorlab, mendan rozi bulinglar, deydi. Shu gapni yorug‘ yuz bilan aytish hammamizga nasib etishini xohlayman.
Mutafakkirlar aytib o‘tishgan: bu bir o‘tkinchi dunyo. Yuz, ikki yuz yil yashasang ham bir-ikki kuncha bo‘lmaydi. Masalan, men kechagina ko‘cha changitib yurgan bolakay edim. Shuncha yil o‘tganini sezmay qolibman. Ozgina yashagandekman… Hayot kechirishdan ma’no-mazmun ko‘p yil umr ko‘rish emas, balki bu dunyoda iqtidori, imkoniyatiga yarasha ish qilib, chin dunyosiga ravona bo‘lishdir. Yo‘l chekkasiga bir tup ko‘chat o‘tqazib ketish ham bir jihatdan katta ish. Ko‘chat daraxtga aylanadi. Uning shirin mevasidan odamlaru qushlar, hayvonlar, qurt-qumursqalar bahramand bo‘ladilar. Yoki bitta quduq qazish ham katta amal. Bir og‘iz haqiqat aytilsa-yu, bundan elga naf tegishi — katta amal.
Yana takrorlayman: iste’dodingdan elga foyda kelsin. Yozuvchiyu shoirlar xonasiga bekinib, asar yozib o‘tirishi o‘zi uchun foydali. Ammo quruq so‘z elni qoniqtirmaydi. Shuning uchun rost gapir. Rost gapirsang tani-joning rohatlanadi. Elga kerakli tosh ham o‘zicha baxtli. Mening aytar so‘zlarim shu.
— Domla, Allohdan sizga uzun umr tilaymiz. Yuz bilan yuzlashing. Iste’dod, e’tiqod mavzusidagi suhbatingizni tayyorlab, matbuotda yoritishga va’da qilaman. Va bu suhbatingiz biz kabilarni uyg‘otganini ta’kidlashni istardim.
—Sen ham sog‘ bo‘l! Boshlig‘ingga, kasbdoshlaringga salomimni yetkaz. Hamma amallarimiz xayrli bulsin!
Suhbatdosh: Bahrom Ro‘zimuhammad 10-fevral, 2013-yil.
Biz ham ijodiy jamoamiz nomidan donishmand yozuvchimiz Shukrulloga Allohdan sog‘- salomatlik, kuch quvvat tilaymiz. Ko‘p yillar xalqimizning duogo‘yi, tilovchisi bo‘lib yurishlarini Yaratgandan so‘rab qolamiz.