JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun foydalimi?

Poytaxtimizdagi “Wyndham” mehmonxonasida o‘tkazilgan seminar O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonini qayta yo‘lga qo‘yish masalasiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Jahon banki va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy davlat organlari, Jahon savdo tashkiloti, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlari vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, bugun O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasi yana mahalliy va xalqaro ekspertlarni fikr-mulohazalar hamda amaliy muloqotlarga chorlayapti.

Yaqinda mamlakatimiz hukumati oliy darajada Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini davom ettirishga tayyorligi haqida xabar berdi. Shu munosabat bilan Tashqi savdo vazirligi huzurida JSTga kirish bo‘yicha mas’ul ishchi guruh va 7 ixtisoslashgan kichik guruh tashkil etildi. Ayni chog‘da JSTga kirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.

Xo‘sh, mamlakatimiz bu tashkilotga a’zo bo‘lsa, qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi? Faktlarga ko‘ra, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirish uchun 1994 yilda ariza topshirgan. Bugungi kungacha JST vakillaridan iborat ishchi guruhning 3 ta sessiyasi bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar bu masalada aniq kelishuv amalga oshirilmagan.

– Tashkilotga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslikning o‘ziga yarasha obyektiv va subyektiv sabablari bor edi, – dedi Iqtisodiy tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi Ashurali Xudoynazarov. – Negaki, avval bu borada tushuncha va qarashlar boshqacha bo‘lgan. Lekin bugungi shiddatli jarayonda mazkur masalaning o‘rtaga tashlanishini tabiiy qarash kerak. Chunki bu tashkilot a’zo davlatlar ishonchini oqlab ulgurgan. Masalan, Xitoy iqtisodiyotining jadal ravnaqida JSTning o‘rni katta bo‘ldi. Bundan tashqari, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston tashkilot a’zosi hisoblanadi. Bugungi o‘tkazilgan seminarning asl mohiyati ham shunga qaratildi. O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lsa, qanday iqtisodiy o‘sishga erishadi, degan savol bo‘yicha fikrlar va ilmiy tahlillar qilinmoqda. Bu jarayonda biz a’zo davlatlar tajribasi, yutuq va kamchiliklarini o‘rganamiz. Bu masalada har jihatdan puxta va aniq yechimga kelamiz. Buning uchun biz orttirgan bilim va malaka qo‘l keladi.

– O‘ndan ziyod turli yo‘nalishdagi bitimlar asosida ish ko‘radigan Jahon savdo tashkilotiga 164 mamlakat a’zo bo‘lgan, – dedi USAID loyihasining Jahon savdo tashkiloti va savdo masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Yovan Yekich. – Unga a’zo bo‘lgan davlatlar mahsulotini jahon bozoriga chiqarishga erishadi. Ayniqsa, bunda tashkilot xalqaro investitsiya kiritishga katta ko‘mak beradi. Yangi sarmoya yangi qulayliklarni yaratadi. Investor kompleks yangi texnologiyalarini olib keladi. Buning natijasida korxonalar rivojlanadi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Raqobat muhiti o‘z-o‘zidan yaxshilanib boradi. O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi ham mamlakatingiz iqtisodiy o‘sishini ta’minlab beradi, degan ishonch bildiraman.

Seminarda JSTga kirish bo‘yicha xalqaro, ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar, JST kelishuvlari bo‘yicha nizomlar, minimal majburiyatlar va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.

Seminar o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.

E-visa Form
Uzbek