Toshkent shahrida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan 8 kichik sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Bular: Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Mirobod, Chilonzor, Bektemir, Yakkasaroy, Yunusobod va Sergeli kichik sanoat zonalari.
Ularni tashkil etishdan asosiy maqsad nima edi? Bugungi faoliyati qanday, ko‘zlangan maqsadga erishilayaptimi? Kichik sanoat zonalarida Prezident qarorlari ijrosi ta’minlanmoqdami yoki yo‘q?
O‘zA muxbiri bu savollarga Bektemir kichik sanoat zonasi faoliyati misolida javob izladi.
Toshkent shahri tumanlarida yirik korxonalarning foydalanilmay turgan, qarovsiz yoki samarasiz ishlab turgan binolari negizida kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Maqsad o‘ziga xos imkoniyat va imtiyozlar maydoni bo‘lgan hududda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga sharoit yaratish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish edi.
Kichik sanoat zonalarida tadbirkorlar uchun bir qator imtiyozlar mavjud. Bular nimalarda namoyon bo‘ladi?
Kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishda ko‘maklashish maqsadida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining vakolatxonasi, “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yagona markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, mini-banklar xizmat ko‘rsatmoqda.
KSZ ishtirokchilari bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari uchun eng muhim yana bir qulaylik bank xizmatlari ko‘rsatish va imtiyozli kreditlar ajratishdir.
Bu borada Bektemir kichik sanoat zonasida Prezident qarorlari ijrosi to‘liq ta’minlanmagan. Ya’ni, ayrim tadbirkorlar imtiyozli kredit olish uchun oylab sarson bo‘lmoqda. Natija esa “nol”ga teng. Navbatdagi maqolamizda Bektemir KSZ ishtirokchisi bo‘lgan tadbirkorlarning kredit olishda duch kelayotgan muammolari haqida hikoya qilamiz. Ularning bizga bergan intervyusi, AT Xalq banki Toshkent shahar Bektemir filialining tadbirkorga javobi va boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlar ko‘rsatmalarini e’tiboringizga havola etamiz.