Qurilish materiallari ishlab chiqarishda jahonda yetakchi kompaniyalardan biri – Knauf xalqaro guruhi Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan korxonasida modernizatsiya qilingan yuqori sifatga ega gipskarton ishlab chiqaruvchi liniyani ishga tushirdi.
“Knauf Gips Buxoro” xorijiy korxonasida 16 may kuni ushbu liniyaning rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasihukumati, Knauf xalqaro guruhi rahbariyati, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Germaniya – O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “Knauf Gips KG” kompaniyasi ijrochi direktori M.Grundke, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi G.Overfeld «Knauf” kompaniyasi mamlakatimiz qurilish materiallari bozorida mustahkam o‘rin egallab kelayotganini ta’kidladi.
“Knauf Gips Buxoro” korxonasida gipskarton ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish ishlari salkam ikki yil davom etdi. 16 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflangan ushbu loyiha natijasida liniya quvvati 30 foizga oshdi. Ya’ni, bu yerda yiliga 30 million kvadrat metrdan ziyod knauf qoplamalari – gipskarton ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.
«Knauf Gips Buxoro” korxonasi bosh direktori Dmitriy Deripalkoning qayd etishicha, ishlab chiqarish liniyasini modernizatsiya qilish germaniyalik mutaxassislar bilan birgalikda amalga oshirildi. Yaqin kelajakda bir necha turdagi yangi gipskarton assortimenti qurilish do‘konlari peshtaxtalariga chiqariladi.
Hozirgi paytda korxonada 240 ishchi-mutaxassis mehnat qilmoqda.
«Knauf” kompaniyasi yaqin istiqbolda O‘zbekistonda gips asosidagi quruq qurilish aralashmalarini tayyorlash hajmini oshirishni rejalashtirgan. Bu ishlab chiqarish liniyasi ham “Knauf Gips Buxoro” korxonasi hududida barpo etiladi. Loyiha amalga oshirilgach, quruq aralashmalar ishlab chiqarish quvvati ikki barobar oshiriladi.
Tadbirda O‘zbekiston – Germaniya Ishbilarmonlar kengashi majlisi va uning doirasidagi biznes-forumda muhokama etilgan masalalar yechimi o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, kompaniyaning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi faolligini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. «Knauf” kompaniyasi rahbariyati O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.