«Made in Uzbekistan» Milliy sanoat ko‘rgazmasi – hamkorlikning yangi bosqichi

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida «Made in Uzbekistan» Milliy sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Ko‘rgazmaning ochilishida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston davlatlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va manfaatli aloqalarga asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani barcha sohalarda hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning o‘tgan yili mart oyidagi Turkmanistonga davlat tashrifi, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlarining muntazam muloqotlari O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarib, uni sifat jihatdan yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.

Bu jihatlar Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston Respublikasi Milliy sanoat ko‘rgazmasi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ham o‘z ifodasini topdi:

«Ko‘p tomonlama Turkmaniston – O‘zbekiston aloqalarining mustahkamlanib borayotgani do‘stlik va qardoshlik tamoyillari asosida asrlar davomida sinovdan o‘tgan savdo-iqtisodiy hamkorlikning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolatdir».

Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligida alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston va Turkmaniston nizoli  vaziyatlarni bartaraf etish, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatlarni e’tiborga olgan holda, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror rivojlanishning shaffof va samarali mexanizmlarini yaratish tarafdoridir.

Tinchlik va xavfsizlik masalalaridan tashqari, mamlakatlarimiz muhim global masalalar – barqaror taraqqiyot, energetika xavfsizligi, xalqaro transport-tranzit aloqalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga birgalikda e’tibor qaratmoqda.

Transport sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. O‘zbekiston va Turkmanistonning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda.

Turkmanobod – Farob yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ishga tushirilishi hamda yuklarning temir yo‘l tranzitida o‘zaro chegirmalar taqdim etilishi yuk tashish hajmi va ikki mamlakat tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatlarimiz mintaqadagi keng qamrovli energetik loyihalarda faol ishtirok etayotir. Bu loyihalar to‘g‘risida gap ketganda, yiliga 25 milliard kub metr gaz o‘tkazadigan Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy quvurini alohida ta’kidlash joiz.

O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida izchil hamkorlik qilinmoqda.

Xalqlarimizning tarixan shakllangan yaqin do‘stlik rishtalari va mushtarak madaniy ildizlari O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv mustahkamlanishi hamda sermahsul hamkorlik rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

2017-yilda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177 million dollarni tashkil qildi. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish ko‘rsatkichlari ham oshib bormoqda.

Ashxobodda o‘tayotgan «Made in Uzbekistan» Milliy sanoat ko‘rgazmasi Turkmanistonda O‘zbekiston milliy sanoat mahsulotlari va investitsiyaviy salohiyatini namoyish etish, ushbu mamlakat kompaniyalari bilan tijoriy-sheriklik shartnomalari tuzish, ishbilarmon doiralarni yurtimizning ilmiy-ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan 100 dan ortiq yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

Mazkur ko‘rgazma ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, turkmanistonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlarining o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, o‘zaro ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu ko‘rgazma Turkmaniston ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Uning doirasida bir necha million dollarlik tijoriy shartnomalar, katta qiymatga ega bo‘lgan hamkorlik loyihalari imzolanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu anjuman ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish, hududlararo aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etmoqda.

Ikki blokdan iborat yarmarka pavilyonlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan keng turdagi sanoat mahsulotlari, jumladan, to‘qimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal, maishiy texnika, qurilish mollari va boshqa mahsulotlar namoyish etilmoqda.

E-visa Form
Uzbek