Avvalroq, Jenevada BMTning Inson xuquqlari bo‘yicha kengashi UDSH bo‘yicha ishchi guruhning 30-sessiyasida O‘zbekistonning ma’ruzasi tinglangani haqida ma’lum qilgan edik.
Adliya vazirligidan ma’lum qilishlaricha, yig‘ilish doirasida 78 mamlakat vakili so‘zga chiqib, 200 dan ortiq tavsiya kiritdi.Aksariyat mamlakatlar delegatsiyalariO‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari va yutuqlari, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy, institutsional va ma’muriy islohotlar, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatga integratsiyasini oshirish va konstruktiv muloqotga samimiy ochiqligini yuksak baholadi. Avstraliya, Aljir, Armaniston, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Vengriya,Germaniya, Litva, Malayziya, Finlyandiya, Fransiya shular sirasidandir.
Shuningdek, Bolgariya, Gruziya, Gretsiya, Eron, Italiya, Qozog‘iston,Irlandiya, Estoniya kabi davlat vakillari O‘zbekistonning BMT huquqni himoya qilish tuzilmalari bilan hamkorligini rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. BMT Oliy komissarining mamlakatimizga ilk tarixiy tashrifi va uzoq tanaffusdan so‘ng din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachining tashrifi, ularning yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ning qabul qilinishi bunga yorqin misoldir
A’zo mamlakatlar, shuningdek O‘zbekistonning ayniqsa paxta terishda bolalar mehnatiga barham berish (Kanada, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Tojikiston), majburiy mehnatga chek qo‘yish bo‘yicha aniq qadamlar (Kanada, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Tojikiston), tegishli sohalarda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan yaqin hamkorlik (Kanada, Marokash) masalalaridagi yutuqlariga ijobiy baho berdi.
Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasining qator mamlakatlari (Belgiya, Argentina, Vengriya, Litva, Meksika, Norvegiya, Irlandiya, Shvetsiya, Shveysariya) siyosiy, huquqni himoya qilish yoki jurnalistika faoliyati uchun qamoqqa olingan shaxslarning ozod etilishini qo‘llab-quvvatladi.
So‘z va OAV erkinligi (Rossiya, Belgiya, Argentina, Bolgariya, Vengriya, Italiya, Slovakiya), fuqarolik jamiyati institutlarini ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish (AQSH, Urugvay, Armaniston), inson huquqlari bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini shakllantirish (Kuba, Armaniston), korrupsiyaga qarshi kurash (Misr), qiynoqlarga qarshi kurash (Finlyandiya, Buyuk Britaniya), odam savdosi va ularning qurbonlarini reabilitatsiya qilish (Misr, Islandiya, Eron, Pokiston, Filippin, Tojikiston, Aljir) bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar samarali deb e’tirof etildi.