Osiyo polvonlari Puna shahrida qit’a chempionligi uchun gilamga tushadi

Joriy yil 22-25-mart kunlari Hindistonning Puna shahrida Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasining (KSAO) taqvimidan joy olgan nufuzli musobaqa – kurash bo‘yicha X Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.

Musobaqalar erkaklar o‘rtasida 7, ayollar o‘rtasida 8 vazn toifasida o‘tkaziladi.

KSAO matbuot xizmatidan ma’lum qilinishicha, chempionat doirasida Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasining ijroiya qo‘mitasi majlisi va Kongressi tashkil etiladi.

Kongress kun tartibiga konfederatsiya vitse–prezidentlari va qo‘mita rahbarlari hisobotlarini tinglash, yangi federatsiyalarni a’zolikka qabul qilish, kurashni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni muhokama qilish va boshqa masalalar kiritilgan.

Musobaqa davomida joriy yil Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha bellashuvlargi boshqaradigan hakamlar uchun maxsus o‘quv-seminari o‘tkaziladi. Shuningdek, 2017-yil yakuniga turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan bir guruh sport vakillarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Hindiston kurash federatsiyasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, mazkur nufuzli sport anjumanini yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Kurash bo‘yicha Osiyo chempionatlariga shu paytgacha Toshkent, Shahrisabz (O‘zbekiston), Dehli, Kerala (Hindiston), Tehron, Mashhad (Eron), Qobul (Afg‘oniston), Ulan-Bator (Mo‘g‘uliston), Bayrut (Livan) shaharlari mezbonlik qilgan.

Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tarkibidagi Osiyo va Okeaniya kurash konfederatsiyalarining 2017 yil 4 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birlashuv kongressida yagona konfederatsiya sifatida tashkil etilgan.

Osiyo Olimpiya kengashining 2017-yil 20-sentabrdagi Bosh Assambleyasida sportning kurash turi joriy yil avgust-sentabr oylarida Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgan.

E-visa Form
Uzbek