O‘ZBEKISTON MILLIY KUTUBXONASI GRUZIYA MILLIY QO‘LYOZMALAR MARKAZI BILAN MEMORANDUM IMZOLADI

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Korneliy Kekelidze nomidagi Gruziya Milliy qo‘lyozmalar markazi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Shu munosabat bilan Milliy kutubxonada bo‘lib o‘tgan tadbirda soha mutaxassislari, keng jamoatchilik va Gruziyaning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Kutubxona direktori A.Abduazizov, Gruziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi K.Jgenti va boshqalar O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori davlatlararo ilmiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, kutubxonalar fondini zamon talabi darajasida saqlash, ilmiy va badiiy merosni kelajak avlodga yetkazish borasidagi ishlarga keng yo‘l ochib berdi.

Korneliy Kekelidze nomidagi Gruziya Milliy qo‘lyozmalar markazi 1958 yilda tashkil etilgan. Ushbu maskanda saqlanayotgan manbalar orasida xalqimizning bebaho ma’naviy merosiga oid o‘zbek, turk va arab tillarida bitilgan qo‘lyozmalar va boshqa hujjatlar bor.

– Bundan ikki yil avval men Samarqandda xalqaro konferensiyada ishtirok etgan edim, – deydi Gruziya Milliy qo‘lyozmalar markazi direktori Zaal Abashidze. – O‘shanda O‘zbekiston tarixi, mamlakatda madaniy va ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otgandi. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanayotgani kutubxona va fond ishini ham yanada takomillashtirish, tajriba almashish, ilmiy yutuqlar, milliy merosni o‘rganishga xizmat qiladi. Biz o‘zbek olimlarini hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borishga taklif etamiz. O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning markazimizda saqlanayotgan qo‘lyozmalaridan fotonusxalar taqdim etdik.

Mazkur memorandumda xalqaro ilmiy konferensiyalarda qatnashish, birgalikda seminar-trening, mahorat darslari, ma’ruzalar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

– Kutubxona tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Central Asia-2018» xalqaro konferensiyasi, «INFOLIB» milliy axborot-kutubxona haftaligiga ushbu markazning mutaxassislarini taklif etamiz, – deydi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Umida Teshaboyeva. – Bundan tashqari, xodimlarning ish o‘rganishi, qo‘lyozmalar, nodir nashrlarni saqlash va qayta tiklash, milliy meros namunalarining nusxalarini almashish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va tatbiq etish bo‘yicha hamkorligimiz ijobiy natija beradi.

Shuningdek, tadbir doirasida Korneliy Kekelidze nomidagi Gruziya Milliy qo‘lyozmalar markazi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Samarqand davlat universiteti axborot-resurs markazi hamda Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazi o‘rtasida ham memorandumlar imzolandi.

E-visa Form
Uzbek