O‘ZBEKISTON — TURKIYA: TURIZM SOHASIDA ISTIQBOLLI LOYIHALAR AMALGA OSHIRILMOQDA

Joriy yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga qilgan tashrifi doirasida ikki tomonlama imzolangan qator kelishuvlarga asosan, turizm sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham aniq tashabbuslar ilgari surilgan edi.

Ayni chog‘da ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlarning dastlabki samarasi sifatida Samarqand hamda Istanbul shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yilib, turkiyalik jurnalistlar yurtimizda bo‘lishdi.

Yaqinda Turkiyada o‘tkazilgan xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillari ham qatnashdi. Ushbu aloqalarning uzviy davomi sifatida Turkiyaning yirik sayyohlik kompaniyalari ishtirokidagi delegatsiya a’zolari mamlakatimizga tashrif buyurishdi. Ular qadimiy shaharlarimizdagi tarixiy qadamjo va ziyoratgohlarda bo‘lib, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.

— O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan yurtingizda mehmonmiz, — deydi turk sayyohlik kompaniyasi vakili Mehmet Chabuk. — Buxoro, Xiva hamda Samarqand shaharlarini tomosha qildik. Bu yerlarning o‘ziga xosligi Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashganligidir. Sayohatimiz ko‘ngilli o‘tmoqda. Endigi vazifa — ushbu mo‘‘jizalar haqida turk sayyohlariga gapirib berish. Bu ularni go‘zal shaharlarga chorlashi aniq. Ha, bu yurtda hamma narsa go‘zal, odamlari ham, odatlari ham o‘ziga xos. Hunarmandchilik an’analari esa o‘zi bir olam…

Turk va o‘zbek turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda mehmonlarning yurtimiz sayyohlik imkoniyatlari, sohani jadal rivojlantirish borasida qonunchiligimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, sarmoyaviy muhitni yaxshilash, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, infratuzilmalar faoliyatini jahon standartlariga ko‘tarish borasida ko‘rilayotgan amaliy tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida boshlangan ishlar, tashrif buyuradigan sayyohlar uchun xizmat ko‘rsatish tizimi, gid-tarjimonlar bilimini oshirish xususida atroflicha o‘zaro fikr almashildi.

— Mamlakatlarimiz rahbarlarining uchrashuvidan so‘ng barcha sohada hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda, — deydi Turkiya sayyohlik agentliklari birligi direktorlari kengashi vakili Ismoil Haqqi Yuksel. — Xususan, turizm sohasidagi kelishuvlar yangi bosqichga chiqmoqda. O‘zbekistonga 20 ga yaqin sayyohlik kompaniyalarimizdan vakillar tashrif buyurdi. Uch kun davomida qadimiy kentlarning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdik. O‘ylaymizki, turizm rivoji yo‘lidagi bu kabi aloqalar kelgusida yanada kengayib, mustahkamlanib boraveradi.

Anjumanda sayyohlik agentliklari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olib, o‘zbekistonlik hamkorlari bilan kelgusidagi aloqalari yuzasidan kelishib olishdi.

E-visa Form
Uzbek