SAMARQANDDA PARIJ MINTAQASI SAYYOHLIK KOMPANIYALARI UYUSHMASINING YIRIK TADBIRI BO‘LIB O‘TADI

Parij mintaqasi sayyohlik kompaniyalari uyushmasi prezidenti Lionel Rabiening taklifiga binoan, Frantsiyaning yetakchi sayyohlik agentliklari hamda ularning hamkor tashkilotlari tomonidan 2018 yil 30 mart – 3 aprel kunlari navbatdagi konferentsiyani o‘tkazish uchun Samarqand shahri tanlandi.

«Le Quotidien du tourisme» elektron sayyohlik nashrida e’lon qilingan shu mavzudagi maqolada L.Rabie Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur anjuman boshqalaridan farq qilajagini ma’lum qilgan. Buning uchun Parij mintaqasi sayyohlik kompaniyalari Uzbekistan Airways aviakompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari vositasida Parijdan Samarqandga kelishadi. L.Rabiening xabar qilishicha, tadbir doirasida ular uchun noyob va mahobatli Registon maydonida katta qabul marosimi uyushtiriladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Beshinchi respublikaning sayyohlik sohasi vakillari startap-kompaniyalar o‘rtasida tanlov o‘tkazishni rejalashtirishgan. Musobaqalarda Yevropa mamlakatlarining yosh tadbirkorlari ishtirok etishadi. Loyiha Frantsiya shahar sayyohligiga ko‘maklashish “Welcome City Lab” tashkiloti hamda “Amadeus” sayyohlikni rivojlantirish kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladi.

Maqolada ta’kidlanishicha, Samarqandda o‘tkaziladigan mazkur tadbir Frantsiya va O‘zbekiston turoperatorlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni hayotga tadbiq etishga ko‘maklashadi.

Nashr bo‘lajak tadbirning dasturi hamda Buxoro va Samarqand bag‘rida joylashgan tarixiy yodgorliklar to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlarni ham o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilgan.

“Jahon”AA,

Parij

E-visa Form
Uzbek