Sayyohlik salohiyati taqdimoti

Poytaxtimizda O‘zbekiston va Turkiya Respublikasi o‘rtasida turizmni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, turkiyalik mehmonlarni yurtimiz sayyohlik salohiyati bilan tanishtirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ikki davlat ommaviy axborot vositalari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi. Unda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, istiqboli porloq rejalarni hayotga tatbiq etish, o‘zbek turizmi salohiyatini yanada takomillashtirish yuzasidan fikrlashildi.

Mamlakatimizdagi 7 mingdan ziyod me’moriy obida sayyohlarni, butun dunyo ahlini qiziqtirib keladi. Shu bois mazkur obyektlarni zamonaviy sayyohlik maskanlariga aylantirish, xorijliklar va yurtdoshlarimiz uchun qulaylik yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ba’zi davlatlar uchun viza tizimida qulaylik yaratilgani, elektron tizim yo‘lga qo‘yilgani, qisqa muddatlarda hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyati berilayotgani yurtimizga keluvchilar safini kengaytirmoqda.

Bundan tashqari, bayram, dam olish hamda ta’til kunlarida transportdan foydalanish tizimining arzonlashtirilishi esa ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimizning o‘zida 150 mehmonxona bo‘lib, 11 mingdan ziyod keluvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Bu kabi qulaylikni sayyohlik hududi hisoblangan viloyatlarda ham yaratish, yurtimizga qiziqish bildirayotgan xorijlik investorlarni sohaga keng jalb etish yuzasidan takliflar berildi.

Turizmni rivojlantirish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishda barcha transport vositalaridan keng foydalanilmoqda. Sohani yanada rivojlantirishga xorijlik aviakompaniyalarni jalb etish, boshqa davlatlar tajribasini o‘rganish, xususan, turkiyalik mutaxassislardan yordam olishda rejali ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda sayyohlar uchun mehmonxona, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish turlari, narxlari,elektron manzillar, telefon raqamlari haqida to‘liq ma’lumotlar berildi.

E-visa Form
Uzbek