Farg‘ona tumanining eng olis chegara hududi – Shohimardon va Yordon qishloqlari yurtimizning eng xushmanzara maskanlaridan. Bu yerlar o‘zining maftunkor tabiati, mo‘tadil iqlimi, purviqor tog‘lari, zilol soylari, shirindan-shakar meva-sabzavotlari va tarixiy me’moriy obidalari bilan mashhur.
Qirg‘iziston Respublikasi hududidan o‘tib borilgani va yillar davomida chegaradan o‘tishdagi qiyinchiliklar ushbu hududlar aholisiga jiddiy muammo bo‘lib kelgani ayni haqiqat. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan oqilona siyosat tufayli qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarimiz kundan-kun yaxshilanib borayotgan, uzoq yillik “muz”lar erigan bugungi kunda mazkur qishloqlar aholisining farovon hayot shukuhidan bahramand bo‘lishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Ana shu maqsadda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan ushbu hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlashga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan Shohimardon va Yordon qishloqlari aholisi bilan samimiy muloqotlar o‘tkazilib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, muqim ish o‘rinlari yaratish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Viloyat hokimi Sh.G‘aniyevning bir necha bor ushbu hududda bo‘lib, aholi vakillari bilan yuzma-yuz o‘tkazgan muloqotlari natijasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida Shohimardon va Yordon qishloqlarida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlariga 1 ming 416 gaz balloni tarqatildi. “Yordon” tez tibbiy yordam shoxobchasi va Shohimardondagi 64-qishloq oilaviy poliklinikasi qoshida tunu kun ishlaydigan ijtimoiy dorixonalar tashkil etildi. Tibbiy xizmat sifati, patronaj hamshiralari faoliyatini yaxshilash uchun kerakli sharoitlar yaratildi. Ayni paytda tijorat banklari tomonidan 4 mini-bank shoxobchasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, bog‘dorchilik va tomorqadan unumli foydalanishga imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha aholining talab va takliflari o‘rganilmoqda.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan Farg‘ona tuman davlat xizmatlari markazining Yordon va Shohimardon shoxobchalari tashkil etildi. Markaz mutaxassislari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilib, “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi”, tamoyili asosida sifatli va tezkor davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Viloyat ichki ishlar, adliya boshqarmalari, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bo‘limlari mutaxassislari tomonidan fuqarolik pasporti olish, nikoh qaydnomasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olish kabi murojaatlarni joyida hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Yuzma-yuz muloqotlarda viloyat bandlik bosh boshqarmasi, “Ibratli beka” o‘quv markazi, “Mohigul” xususiy chevarchilik korxonasi rahbarlari tomonidan Shohimardon va Yordon qishloqlari aholisi, ayniqsa, yoshlar va uy bekalarini bepul o‘quv kurslari orqali kasbga yo‘naltirish, o‘quv va malaka oshirish davri uchun stipendiyalar tayinlash bo‘yicha imtiyozlar to‘liq tushuntirildi. Agar xususiy tadbirkorlar ish o‘rni yaratsalar, ish haqi uchun yo‘naltirayotgan mablag‘larining 50 foizi viloyat bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasi tomonidan to‘lab berilishi mumkinligi qayd etildi. Tabiiyki, ish haqi uchun yo‘naltirilgan bu mablag‘ tadbirkorlik subyektlaridan undiriladigan soliqlardan ozod etilishi ta’kidlandi. Farg‘ona neftni qayta ishlash korxonasi mutasaddilari esa nogiron farzandlari bor, kam ta’minlangan oila bekalarini kasanachilik asosida ishga qabul qilish borasida xohlovchilar ro‘yxatini shakllantirishga kirishdi.
– Bugungi kunda hududimizdagi 857 xonadonda 3 ming 352 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Normatova. – Ishchi guruh tomonidan mahallamizdagi har bir oila, avvalo, kam ta’minlangan 41 oilaning yashash sharoiti, tirikchilik manbai, farzandlari ta’lim-tarbiyasi, ish o‘rniga ega ekani o‘rganildi. Shu asosda ishga joylashtirish, o‘quv kurslariga yo‘naltirish, tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha ish olib borilayotir. Bunday e’tibor va rag‘batdan shohimardonliklar juda minnatdor.
– Hududdagi har bir oila tomorqasidan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mevali daraxtlar, sabzavot ekinlari urug‘i va ko‘chatiga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq o‘rganilib, ro‘yxat asosida kerakli urug‘ va ko‘chatlarni yetkazib berish ishlari boshlandi, – deydi Farg‘ona tumani hokimining birinchi o‘rinbosari A.Ro‘zmatov. – Aholining o‘z tomorqasidan oladigan daromadini oshirish, tomorqa yumushlaridan bo‘sh vaqtida ish haqi to‘lanadigan boshqa yumushlarga jalb etish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Shohimardonning betakror tabiat manzarasi, tarixiy ziyoratgohlari hududda turizmni rivojlantirishda juda qo‘l keladi. Ichki turizm rivoji hudud aholisining muqim daromad manbaini ta’minlovchi yana bir muhim omil bo‘ladi. Xorijlik sayyohlarni jalb etish va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida korxona-tashkilotlarga qarashli hududdagi 120 dam olish va hordiq maskani ro‘yxati shakllantirilib, ularni kapital ta’mirlash orqali sayyohlarni jalb etish chora-tadbirlari belgilandi.
Hazrat Ali maqbarasida Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidan mehnat faxriysi Halima Toshqo‘ziyeva boshchiligida kelgan bir guruh mehmonlar bilan suhbatlashdik. Onaxonlar yo‘llar ochilib, qadrdon maskanlarni yana ko‘rish imkoniyati yaratilganidan behad xursand ekanliklarini izhor qilishdi. Shohimardondagi mo‘jazgina eski bozorda savdo qiluvchi Mavluda Yo‘ldosheva yangi loyiha asosida zamonaviy bozor majmuasi qurish rejalashtirilayotganidan xursand.
– Chunki mehmonlar tashrifi ko‘payib borar ekan, savdo va xizmat ko‘rsatish sifati ham shunga monand bo‘lishi kerak, – deydi u.