Statistika tizimida yangi islohotlar

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Milliy statistika tizimidagi islohotlar” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Unda mutasaddi tashkilot vakillari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.

photo5202041557325294152.jpg

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 31-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, ularni internet tarmog‘i, ommaviy axborot vositalari va mahalliy telekanallar orqali keng tarqatishni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida kichik korxonalar, firmalar, dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyatining statistik kuzatuvlari takomillashtirildi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlari bo‘yicha norasmiy faoliyatning muntazam statistik kuzatuvlari tizimi kengaytirildi. Inflyatsiya darajasini hisoblash va monitoringini yuritishning yangi uslubi amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlar, statistika idoralari va moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda.

photo5201727998942881988.jpg

– Statistik axborotlarning erkinligi, oshkoraligini ta’minlash, mamlakatimizning rivojlanish ko‘rsatkichlarini xalqaro statistik to‘plamlarda chop etish hamda turli yo‘nalishdagi reytinglarda aks ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Davlat statistika qo‘mitasi mas’ul xodimi Usmon Abdurasulov. – Shundan kelib chiqib, xalqaro statistik tashkilotlar bilan hamkorligimiz yanada mustahkamlanmoqda. Xususan, o‘tgan yilda Qirg‘iziston Respublikasi milliy statistika qo‘mitasi bilan tashkilotimiz o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, BMTning tegishli idoralari bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Davra suhbatida tizimdagi bu kabi yangiliklar haqida ma’lumot berildi.

E-visa Form
Uzbek