“O‘ZBEKISTON BO‘YLAB SAYOHAT SAYYOHGA O‘ZINING MA’NAVIY DUNYOSINI BOYITISH IMKONINI BERADI”

Hindistonda nashr etiladigan “The Statesman” gazetasida mamlakatimizning ziyorat sayyohligi borasidagi salohiyatiga bag‘ishlangan maqola bosilib chiqdi.

Nashr o‘z o‘quvchilarini O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolar bilan tanishtirar ekan, mehmonlar Toshkentda Hazrati Imom majmuasiga borishlari va u yerda saqlanayotgan Usmon Mushafini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkinligini ma’lum qilgan. “Bu muborak Qur’on uchinchi xalifa Usmon ibn Affon buyruqlariga asosan VII asrda (644-648 yy.) kiyik terisiga ko‘chirtirilgan”, deb yozadi nashr.

Maqolada sharif shahar hisoblanadigan Buxoroda ham juda ko‘p masjidlar va islomiy ziyoratgohlar, jumladan, Hazrat Naqshbandiy maqbarasi joylashganini o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan.

Samarqand bag‘rida joylashgan o‘rta asrning betakror me’moriy yodgorligi – Shohi Zinda majmui haqida to‘xtalar ekan, muallif Muhammad payg‘ambarning amakivachchalari Qusam ibn Abbos roziyallohu anhuning qabrlari joylashgan qadamjo majmuaning asosiy maqbarasi hisoblanishini qayd etgan.

Muallif Xoja Doniyor maqbarasi Samarqanddagi eng mo‘‘tabar va mashhur ziyoratgohlardan hisoblanishi va u yerda 18 metrlik qabr mavjudligini ham qalamga olgan.

“The Statesman”ning yozishicha, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat sayyohga o‘zining ma’naviy dunyosini boyitish imkonini beradi.

“Jahon” AA,

Dehli

E-visa Form
Uzbek