«TravTalk» jurnalida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan sahifa chop etildi

Ushbu loyiha mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi va «Aeeroworld Aviation» kompaniyasi hamkorligida amalga oshirildi.

Janubiy Osiyoning ommabop sayyohlik nashrlaridan birida berilgan maqolada Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekistonga har yili dunyoning turli davlatlaridan yuz minglab turistlar tashrif buyurishi ta’kidlangan. Mamlakatimiz nafaqat qo‘hna obidalar, madaniy va tarixiy meros obyektlari, osori-atiqalari bilan, balki betakror tabiatining go‘zal manzaralari bilan ham sayohatchilar e’tiborini o‘ziga tortishiga alohida urg‘u berilgan. O‘zbek zaminining sharqiragan soylari, cho‘qqilari bulutlar bilan tutashgan purviqor tog‘lari, bepoyon kengliklari, ko‘l va daryolarini bir marta ko‘rgan kishi uzoq payt uning taassuroti bilan yuradi.

Bundan tashkari, bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqi, uning rang-barang urf-odatlari va takrorlanmas milliy ananalari, yeganda ta’mi og‘izlarda qoladigan milliy taomlari va shirinliklari, faqat O‘zbekistonda uchraydigan mevalari, ta’mi tilni yoradigan qovun-tarvuzlarining dovrug‘i allaqachon dunyoga doston bo‘lgan. Ushbu manzaralarni aks ettirgan sifatli fotolavhalar jurnal sahifasidan o‘rin olgan.

Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgan bugungi kunda xalqaro miqyosdagi bunday nufuzli nashrlarda O‘zbekistonning targ‘iboti dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlash joizki, «TravTalk» jurnali 40 mingdan ortiq adadda chop etiladi. Hindistondan tashqari Janubiy Osiyoning barcha davlatlaridagi turizm kompaniyalari, yirik biznes tashkilotlari, aviakompaniyalar, turagentliklar va mahalliy sayyohlar orasida keng tarqatiladi. Ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston turizmiga bag‘ishlangan turli mavzulardagi materiallar jurnal sahifalarida har oyda muntazam berib borilishi rejalashtirilgan.

E-visa Form
Uzbek