Toshkent Fotosuratlar uyida yog‘och o‘ymakori G‘ulomjon Yo‘ldoshev va uning shogirdlari ijod namunalaridan iborat «Ustoz va shogird» nomli ko‘rgazma ochildi.
Mamlakatimizda tasviriy san’atni yanada rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning estetik didini oshirish, shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan ijod ahli imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ularga shart-sharoit yaratish borasidagi ishlar o‘z samarasini bermoqda.
G‘.Yo‘ldoshev ko‘p yillardan buyon yog‘och o‘ymakorligi san’ati an’analarini davom ettirib kelmoqda. Ustaning Akmal Yusupov, Bunyod Zoirjonov va Saidkomil Xo‘jayev kabi shogirdlari yaratgan ishlarini kuzatgan kishi ularning ustoz saboqlarini zehn bilan o‘zlashtirib, o‘ziga xos uslubga ega bo‘lib ulgurganini ilg‘ash mumkin.
Ko‘rgazmadagi yog‘ochdan yasalgan sakkiz qirrali xontaxta, Olti gumbazli yirik hajmdagi lagan, shuningdek, «Bellashuv», «Tanlov», «Hayot zavqi» va «Beg‘ubor bolalik» kabi kompozitsion buyumlarda tabiatning kishi ko‘zi ilg‘amaydigan qirralari mahorat bilan ishlangan. Turli texnik uslublar uyg‘unligida yasalgan qutichalardagi naqshlarda o‘ziga xos tasvirlar aks etgan.