Yoshlarning eng yaxshi innovatsion g‘oyalari

Qoraqalpog‘istonlik kollej o‘quvchilari eskirgan avtomobil shinalarini qayta ishlash orqali yoqilg‘i olish, qashqadaryolik yoshlar sayyohlar uchun esdalik sovg‘alari tayyorlash, poytaxtlik o‘quvchilar “Kovorking” markazida kitob mutolaasini tashkil etish g‘oyalarini taklif etdi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Savdo-sanoat palatasi, Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi hamda mazkur mamlakat elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan “Eng yaxshi innovatsion fikr – 2018” tanlovining yakuniy bosqichi ana shunday innovatsion g‘oya va ishlanmalarga boy bo‘ldi.

Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha jabhalarida innovatsion g‘oyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish va mehnat unumdorligini oshirishda samarali yechimlarni amaliyotga tatbiq qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Elektron hukumat” tizimi takomillashtirilayotgani, iqtisodiyot va sanoatda, shuningdek, ijtimoiy sohada axborot texnologiyalarining o‘rni ortib borayotgani bu fikrga tasdiq bo‘la oladi.

2018-yilning Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb nomlanishi innovatsion yondashuvlarni hayotga tatbiq etishda yangi davrni boshlab berdi.

“Eng yaxshi innovatsion fikr” tanlovi iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsion takliflarni joriy etish maqsadida izlanayotgan ko‘plab ixtirochi yoshlarni birlashtiryapti. Tanlovning bu galgi mamlakat bosqichida 14 jamoa o‘zaro bahs olib bordi. Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, Samarqand yengil sanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji yoshlari maqsadli biznes g‘oyasiga ega jamoa sifatida birinchi o‘ringa loyiq topilib, o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun boshlang‘ich sarmoya sifatida 5 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Qoraqalpog‘istonlik yoshlar ikkinchi, xorazmlik yosh ixtirochilar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Jamoamiz turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida “QR” kodlari imkoniyatlaridan foydalanishga oid loyiha bilan ishtirok etdi, – dedi Samarqand yengil sanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi M.Vafoyeva. – Biz taqdim etgan ishlanma yordamida sayyohlar tarixiy obidalar haqida ma’lumot, shifokorlar esa shoshilinch hollarda bemorning kasallik tarixi, qon guruhi haqida tezkor xabar olishi mumkin. Loyiha onlayn va oflayn rejimda birdek ishlashi uning ommaviyligini oshiradi. Maqsadimiz mamlakatimizda turizm sohasi imkoniyatlarini kengaytirish va samaradorligini yanada oshirishga hissa qo‘shishdir.

G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

E-visa Form
Uzbek