O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hamda Toshkent shahrida “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish – buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir” shiori ostida respublika “Kitob bayrami” o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori yurtimiz madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi. Matbuot, noshirlik va axborot sohasining mustahkam huquqiy asosini yaratish maqsadida qator qonun va qonunosti hujjati qabul qilindi.
Hozir yurtimizda 1 677 ta matbaa korxonasi, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta viloyat axborot-kutubxona markazi, tuman markazlari va shaharlardagi ta’lim muassasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazi tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdota’minoti” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, kitobning jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi o‘rnini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning yorqin xotirasini, zamonamiz qahramonlari timsolini haqqoniy va xalqchil aks ettiruvchi adabiyotlar salmog‘ini oshirishda adib va noshirlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida respublika “Kitob bayrami” tashkil etildi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida “Namunali kitob do‘koni” tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi va unda har bir viloyatning eng yaxshi, deb topilgan kitob do‘konlari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Bugun menga berilgan mukofotni yurtimizda kitobxonlikni oshirishga qaratilgan e’tibor namunasi deb bilaman, – deydi “Namunali kitob do‘koni” tanlovining Buxoro viloyati bosqichi g‘olibi, Buxoro “Kitob olami” MCHJ rahbari E’zoz Bobomurodov. – Ma’rifat bayrami tadbiri yurtimiz bo‘ylab har yili yanada katta miqyosda davom etishi lozim. Shu yo‘l bilan yosh avlod vakillarini kitobga oshno, qadrdon qilish mumkin.
Ikki kun davom etgantadbir doirasida poytaxtimizning markazi – Sayilgoh ko‘chasida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida 100 dan ziyod nashriyotlar, ijodiy uylar, matbaa korxonalari hamda kitob savdosi tashkilotlari tomonidan kitob va kitob mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Kitob bayramida mualliflar o‘z asarlari haqida keng kitobxonlar ommasiga hikoya qilib berdi.
Respublika “Kitob bayrami” tadbirida Yoshlar ittifoqi tomonidan viktorinalar tashkil etildi. Maktab o‘quvchilari, oliy o‘quv yurti talabalarining katta qiziqishiga sabab bo‘lgan mazkur loyihada – kitobxonlar uchun atalgan savollarning hech biri javobsiz qolmadi. Bu yurtimiz uzra kitobxonlik madaniyati tez sur’atlarda yoyilayotganidan darakdir.
“Eng faol ishtirokchi”, “Eng yaxshi stend”, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Yosh kitobxon” viktorinalari g‘oliblari aniqlandi va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir so‘nggida “Kitobsevarlarni qutlaymiz” nomli konsert dasturi namoyish etildi.