Toshkent tumani Guliston qishlog‘idagi oilaviy poliklinikada Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutini bitirgan 12 nafar umumiy amaliyot shifokori, pediatriya va onkologiya mutaxassislari o‘z faoliyatini boshladi.
Muhammadorif Safoyev ham tengdoshlari qatori tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Qizg‘aldoq” qishloq vrachlik punktiga umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishga joylashdi.
– Biz, yoshlarga bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, xalqimiz salomatligini mustahkamlashdek sharafli ishga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan baxtiyorman, – deydi M.Safoyev. – Ustozlarimizdan olgan bilimlarimizni amaliyotda qo‘llagan holda, shifokorlik qasamyodiga sodiq qolamiz. Diplomli bo‘liboq ishga joylashganimni eshitgan ota-onam va yaqinlarim ham juda xursand bo‘lishdi.

























