Mo‘jizaviy g‘orning siri nimada?

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 16, 2018

Mo‘jizaviy g‘orning siri nimada?

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Omonxona bulog‘i shifobaxshligi bilan allaqachon mashhur bo‘lib ulgurgan. Bu suvning o‘t pufagi, jigar va boshqa ichki organlarni yuvib, darddan forig‘ etishda zamonaviy tibbiyotda qo‘llaniladigan gemodezdan bir necha barobar afzalligi aniqlangan.

Mutaxassislarning fikricha, tog‘ bag‘ridan sizib chiqayotgan buloq suvi tarkibida kremniy kislotasi, temir, alyumin kabi inson organizmi uchun ko‘plab foydali elementlar mavjud.

So‘lim go‘shadagi obi-hayotdan samarali foydalanish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bu yerda zamonaviy shifoxona barpo etdi. Har yili so‘lim maskanda minglab yurtdoshlarimiz salomatligini tiklayotir.

Odamlarga shifo ulashayotgan tog‘ bag‘rida tabiatning yana bir tilsimi – g‘aroyib g‘or ham bor. Buloqdan uncha uzoq bo‘lmagan balandlikda joylashgan ushbu g‘orni mahalliy aholi “Omonxona sovutgichi”, deb ataydi. G‘or tuynugidan odam tanasi biroz siqilib o‘tadi. Uch metrcha chuqurlikdagi g‘or ichkarisi keng, xuddi xonani eslatadi. Shu yerlik odamlarning aytishicha, yer qismi mayda tog‘ toshlaridan iborat bu xona yoz chillasida 5-6, qishda 20 darajagacha iliq bo‘ladi. Shu bois, ko‘p asrlardan buyon tevarak-atrof odamlari sariyog‘ni shu g‘orda saqlashga odatlangan.

Yo‘lingiz tushib, Surxondaryo taraflarga kelib qolsangiz, Omonxonadagi mo‘jizaviy shifobaxsh suvdan bahramand bo‘ling. G‘aroyib g‘orni ham tomosha qiling, albatta. Hech afsuslanmaysiz. Mabodo, yoz chillasida salqin va bahavo g‘orga tushsangiz, ko‘nglingiz sust ketib, mahalliy aholi tomonidan qo‘yilgan sariyog‘dan bir chimdim bo‘lsa-da, olib chiqishga urinmang. Aks holda, g‘or tuynugi kutilmaganda torayib, tashqariga chiqishingizga yo‘l qo‘ymasligi ehtimoldan xoli emas. Har qalay omonxonaliklar o‘tmishdan qolgan bu rivoyatga hozir ham qatiy amal qilib keladi.

Surxondaryo – ona tabiat in’om etgan go‘zal va betakror manzaralar, turli mo‘jizalar makoni. Qadimiy vohaning tog‘li go‘shalaridagi noyob shifobaxsh suvlar va boshqa tilsimlar haqida bilishni istasangiz, saytimizni kuzatib boring. Zerikib qolmaysiz.