Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi amaliy qadam

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 17, 2018

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi amaliy qadam

2017-2021- yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi sud-huquq sohasidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Strategiyaning ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, «Xabeas korpus» institutini qo‘llashni kengaytirishga qaratilgan 50 dan ziyod qonun hujjati qabul qilindi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 -yil 30- noyabrdagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni muhim ahamiyat kasb etadi.

Unda sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilish, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish, konstitutsiyaviy prinsiplarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalari ko‘tarilgan.

Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, konstitutsiyaviy prinsiplarga so‘zsiz rioya qilish maqsadida BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentida so‘roq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xona tashkil etildi.

Maxsus xona dunyo tajribasi va xalqaro standartlarga mos. Bu kabi maxsus xonalarning tashkil etilishi, fuqarolarning, xususan, voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarning huquq va erkinliklarini sudga qadar ish yurituvda himoya qilishni kuchaytiradi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh va tergov qilish samaradorligini oshiradi.

– Biz sudga qadar ish yurituv bosqichida tergov harakatlarida ishtirok etayotgan voyaga yetmaganlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishlari yoki ruhan qiynalishlariga yo‘l qo‘ya olmaymiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Akromxon Boboxonov. – Mazkur maxsus xonalarda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslar hamda voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish, tanib olish, yuzlashtirish, masofadan turib videokonferensaloqa vositasi yordamida tergov harakatlari o‘tkaziladi.

Maxsus xona jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari kabi noqonuniy usullarni qo‘llashni bartaraf etishga xizmat qiladi.

– Jinoyat natijasidagi ruhiy jarohatlar voyaga yetmaganlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, ularning o‘sishi va rivojlanishida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, – deydi YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. – Sudgacha ish yurituv jarayonida voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohlarni himoya qilish choralari ko‘rilishi juda muhimdir. Bu ularning normal hayotga imkon qadar tezroq qaytishiga yordam beradi.

Ichki ishlar vazirligi va YuNISEF voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish borasida qonun hujjatlarini mustahkamlashda hamkorlikni davom ettiradi. Shu maqsadda kelgusidagi hamkorlik bu kabi maxsus xonalarni O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida ham tashkil etish, ichki ishlar organlari xodimlarining voyaga yetmaganlar bilan tergov harakatlarini o‘tkazish malakasini oshirish, uslubiy qo‘llanma va materiallarni ishlab chiqishni ko‘zda tutgan.