O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan 2017-yildagi faoliyat yakunlari va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Qo‘mitaning o‘tgan yilgi faoliyat rejasiga qonun ijodkorligi yo‘nalishida 6 qonun hujjatini ishlab chiqish kiritilgan. Amalda 12 ta qonun tayyorlangan va qabul qilingan.
Qabul qilingan hujjatlardan 9 tasi qo‘mita a’zolari tomonidan qonun tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqildi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi, “Jamoat nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunlar shular jumlasidan.
2017-yilda qo‘mita a’zolari tomonidan xalqimiz duch kelayotgan muammolar, qonunlarning ijrosidagi kamchiliklar yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 46 deputatlik so‘rovi kiritilgan.
2018-yilda nodavlat notijorat tashkilotlari uchun 15 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Ta’kidlanishicha, mablag‘ning asosiy qismi grantlarga taqsimlanadi.

























