Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari soddalashtirilmoqda

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 29, 2018

Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari soddalashtirilmoqda

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Highway Logistics” zamonaviy logistika markazida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari uchun seminar-trening o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda sertifikatlashtirish organlari xodimlari, tijorat banklari, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Bojxona brokerlari assotsiatsiyasi mas’ul vakillari, shuningdek, xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi mahalliy hamda xorijiy avtotashuvchilar va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga mazkur kompleks faoliyatida tadbirkorlik subyektlariga kulay sharoit yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ortiqcha byurokratik to‘siqlar hamda sansolarlikka barham berish maqsadida jahon andozalariga mos, zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida soddalashtirilgan, kam vaqt va mablag‘ sarflanadigan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ayniqsa, bojxona terminalida bojxona rasmiylashtiruvi va ruxsatnoma hujjatlarini olish bilan bog‘liq tartiblar «yagona darcha» tamoyili asosida yaratilganiga alohida e’tibor qaratildi.

– Tovarlarni soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish mexanizmini amaliyotga joriy qilish bugungi kunning dolzarb vazifasidir, – deydi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i N.Salimjonov. – Joriy yil 5 yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev zamonaviy logistika markazi faoliyati bilan tanishib, bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish, ushbu tajribani mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tatbiq etish va namuna sifatida ko‘rsatish lozimligini qayd etgan edi. Bunday e’tibor bizni yanada mas’uliyat bilan ishlashga undaydi.

Seminarda mutaxassislar tomonidan katta hajmdagi yuk tashuvchi mahalliy va xorijiy avtotransport vositalarida mamlakatimiz hududida tashuvchilarga ruxsatnoma hujjatlari berishga doir jarayonlarning soddalashgan tartibda amalga oshirilishi haqida ham ma’lumot berildi. Ishtirokchilar bojxona terminalida eksport-import qilinayotgan tovarlarni faqat dastlabki bojxona rejimida rasmiylashtirish vaqtida «xavfni boshqarish» tizimini qo‘llash asosida tanlab tekshirish prinsipiga rioya etgan holda bojxona ko‘rigi o‘tkazish loyihalari bilan tanishtirildi. Yangi «xavfni boshqarish» tizimi halol tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirgan tartibda tezkorlik bilan o‘tkazish, aksincha, belgilangan bojxona qoidalarini buzganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida yaratilgan.

Tadbirda tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish va ortiqcha rasmiyatchiliklarni qisqartirish maqsadida mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish, xususan, bojxona organlari faoliyatiga doir joriy qilingan 20 dan ortiq interaktiv davlat xizmatlarini yanada faollashtirish, yangi elektron xizmatlarni joriy etish bo‘yicha fikr almashildi.