O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojiboyev Namangan viloyatidagi o‘quv muassasalarida o‘quvchi va talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Namangan davlat universiteti, ushbu oliy o‘quv yurti qoshidagi akademik litsey va Namangan shahridagi 57-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Shahand qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan yosh akademik bilan uchrushuvlar yoshlarning havas va hayajonga yo‘g‘rilgan ko‘tarinki kayfiyati bilan samimiy va mazmunli o‘tdi.
Talaba va o‘quvchilar tomonidan berilayotgan ko‘plab savollarga javoban akademik o‘zining o‘quvchilik, talabalik yillari, keyingi hayoti va ilmiy faoliyati haqida so‘zlab berar ekan, bu yoshlar uchun sinfdan tashqari dars sifatida katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etdi.
– Insonning jamiyatda tutadigan o‘rni, hayot yo‘lining qay darajada ravon bo‘lishi ko‘p hollarda u tug‘ilib o‘sgan oilada berilgan tarbiya va maktab yillarida olingan ta’limga bog‘liq, – dedi akademik. – Ayni shu davrda qo‘yilgan tamal toshi kelgusidagi yutuqlarga asos bo‘lib xizmat qiladi. Yoshligimdan atrofdagi voqea va hodisalarning tub ma’nosini bilish, ularga nistaban o‘z fikrim bo‘lishiga harakat qilardim. Bunda, avvalo, oiladagi tarbiya, ota-onamning menga bo‘lgan munosabati, ko‘proq kitob o‘qishim, bilim olishim uchun yaratib bergan sharoiti muhim ahamiyat kasb etgan. Ulg‘ayganim sari oilamizdagi ichki muhit menda biologiya, xususan, o‘simliklar to‘g‘risidagi fanlarga qiziqishimni oshirdi va shu yo‘nalishda ilmning yuqori cho‘qqilari sari boshladi. Ilmda va hayotdagi birinchi ustozim, otam Sharofiddin Tojiboyevning bu harakatlari biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini, professor va akademik unvonlarini olishimda asosiy omil bo‘ldi.
Talabalik yillari botanika faniga bo‘lgan qiziqish ilmiy layoqatni shakllantirishga yordam berdi. Bu davrda olgan bilimlarim menga hozir o‘zim rahbarlik qilayotgan O‘zFA Botanika instituti qoshidagi aspiranturaga kirishimga va uni 2002-yili fan nomzodi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilish bilan tamomlashimga yordam berdi. Aspiranturada o‘qish va institutda kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlash davomida fanning sermashaqqat qirralari bilan tanishdim. Davrimizning yirik botanik olimlari bilan birgalikda faoliyat olib bordim.
Fan nomzodi ilmiy darajasini olganimdan so‘ng butun e’tiborim O‘zbekistonda floristika fanini rivojlantirish, uning metodologik asoslarini takomillashtirish, ustozlar an’analarini davom ettirgan holda fanga yangi yo‘nalishlar olib kirishga qaratildi. Aynan 2002-2010 yillarda jahon botanika fani darajasidagi dastlabki yirik natijalarga erisha boshladik. Jumladan, 2009-yilda Namangan viloyatining Chorkesar va Chodak qishloqlari atrofida olib borilayotgan dala tadqiqotlari davomida Qurama tizmasining balandtog‘ mintaqasida hali fanga noma’lum bo‘lgan o‘simlik turini kashf etdim. Bu soyabonguldoshlar oilasiga mansub o‘simlik bo‘lib, unga keyinchalik burmaqorabargli qurama soyabonguli (Kuramosciadum corydalifolium) nomi berildi. Bu boradagi tadqiqotlar Moskva davlat universiteti professori M.G.Pimenov va biologiya fanlari nomzodi Ye.V.Klyuykovlar bilan hamkorlikda olib borildi va 2011 yilda ilmiy izlanishlarimiz haqida AQShdagi nufuzli «Systematic Botany» jurnalida maqola chop etildi.
Bu kashfiyot o‘zining ahamiyatiga ko‘ra, O‘zbekistonda oxirgi bir asr davomidagi uchta yirik ilmiy yangilikning biri hisoblanadi. 2009-2017 yillar shu singari ilmiy botanik kashfiyotlarga boy bo‘ldi. Dala tadqiqotlari davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari hududidan shu vaqtgacha fanga noma’lum bo‘lgan yovvoyi lola (Tulipa L.), piyoz (Allium L.), gulsafsar (Iris L.) turkumlariga mansub o‘simlik turlari kashf etildi. Hozir men rahbarlik qilayotgan botanik olimlar guruhi tomonidan fan uchun yangi bo‘lgan 40 dan ortiq o‘simlik turi kashf etildi. E’tiborlisi, ularning aksariyat qismi tabiiy landshaftlar maydoni kamligi bilan O‘rta Osiyoda ajralib turadigan Farg‘ona vodiysi, xususan, Namangan viloyati adirlari, tog‘li mintaqalaridan topilgan.
Botanika institutida laboratoriya mudiri va keyinchalik institut direktori lavozimida olib borgan faoliyatim o‘zim tadqiq qilayotgan fan sohasini rivojlantirish barobarida o‘z maktabimni yaratish, uni dunyo olimlari taniydigan va tan oladigan maktablardan biri sifatida shakllantirishga qaratilgan faoliyat bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida yurtimizning barcha viloyatlarini qamrab oladigan botanik olimlar jamoasi shakllantirildi.
Mazkur jamoaning ilmiy tadqiqotlari samarasi sifatida bir qator yirik ilmiy-amaliy muammolar, xususan, O‘zbekistonni botanik-geografik rayonlashtirish, o‘simliklar xilma-xilligining elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, mamlakatimizning floristik jihatdan kam o‘rganilgan mintaqalari o‘simliklar tarkibini tuzish, davlat kadastri yuritish, monitoring kuzatuvlari tashkil etish, O‘zbekiston florasining yangi nashrini tayyorlash kabi fundamental va amaliy ahamiyatga ega muammolar hal etilmoqda.
Bu samarali ilmiy-tadqiqot faoliyati Fanlar akademiyasi Botanika institutining Markaziy Osiyoda ko‘zga ko‘ringan ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida tan olinishi va uning xalqaro obro‘si oshishiga katta hissa qo‘shdi. Buning yaqqol misoli sifatida 2017-yil Xitoy Xalq Respublikasining Shenjen shahrida bo‘lib o‘tgan XIX Butunjahon Botanika kongressiga O‘zbekiston delegatsiyasi birinchi marta taklif etildi va ushbu yirik anjuman doirasida bir qator o‘zaro foydali kelishuvlar imzolandi.
2017-yil Fanlar akademiyasi, xususan, uning tarkibiy qismi hisoblangan Botanika instituti uchun ham tub burilish yili bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning e’tiborlari bilan ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Aynan shu yil Fanlar akademiyasida 22 yillik uzilishdan so‘ng Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari (akademiklari) tayinlangani bilan ham tarixda qoladi. O‘tgan yilning 29 dekabrida Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlangan va eng yuqori darajadagi ilmiy unvon – akademik sifatida tayinlangan 32 nafar olim qatoridan men ham joy olganimdan faxrlanaman. Har bir ilm ahlining orzusi bo‘lgan bu unvon yuksak sharaf bo‘lish bilan birga, ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. Bu o‘zbekistonlik botanik olimlar mehnatiga berilgan yuksak baho bo‘lib, ilm-fan taraqqiyoti va soha bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal qilish borasidagi tadqiqotlarni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarish, mamlakatimiz nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.


























