Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi mamlakatimizning boshqa hududlarida bo‘lgani singari Surxondaryo viloyati ahlining ham kayfiyatini ko‘tarib, yoshu keksaga bayramona ruh bag‘ishladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichda izchil rivojlanayotganida chuqur ma’no mujassam. Zero, o‘tmishdan yaqin qo‘shni, ishonchli do‘st bo‘lib yashagan ikki mamlakat xalqlarini azaliy quda-andachilik, oshna-og‘aynichilik rishtalari ham bir-biriga mustahkam bog‘lab kelgan. Dini va dili bir, madaniyati, urf-odat va an’analari mushtarak bo‘lgan mamlakatlarimiz uchun olamshumul voqeaga aylangan oliy darajadagi bu tashrif O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitayotgani barchaga bir olam quvonch ulashmoqda.
– Tojikistondagi yaqin qarindoshlarimiz bilan emin-erkin bordi-keldi munosabatlari yo‘lga qo‘yilishini uzoq yillardan buyon orziqib kutayotgan edik, – deydi Termiz tumanida yashayotgan G‘afur Pardayev. – Qo‘shni mamlakatning Qabadiyon tumanida qavm-qarindoshlarimiz bor. Opam ham Qabadiyonga kelin bo‘lib tushgan. Qarang, ularnikiga mehmonga bormaganimga, jajji jiyanlarimni o‘z uyida erkalab, suymaganimga yigirma bir yil bo‘libdi. Prezidentimizning Tojikistonga davlat tashrifi azaliy udumlarimizni qayta tiklab, oshna-og‘ayni va qavm-qarindoshlarning quvonchli kunlarida ham, qayg‘uli damlarida ham bir-biriga sherik, hamdard bo‘lish imkoniyatini yaratgandan behad minnatdormiz.
Surxondaryo viloyatini qo‘shni davlatning Xatlon viloyati bilan bog‘laydigan Gulbahor nazorat punktining rasmiy ochilish marosimi xalqlarimizning uzoq tarixga ega do‘stlik aloqalari yuksak darajada ulug‘lanishini, o‘zbeklar va tojiklar ikki tilda so‘zlashuvchi bitta millat ekanini keng namoyon etdi. Tantanali tadbirda ikki viloyat ahlining bir-birini quchoq ochib kutib olganiyu, qavmu qarindoshlar, do‘stu birodarlarning samimiy diydorlashuvida ham bu kabi ulug‘ fazilatlar o‘z ifodasini topdi.
– Tojikiston eng og‘ir notinch yillarni boshdan o‘tkazayotgan ilk yillarda o‘zbek xalqi bizni quchoq ochib kutib olganini umrbod yodda saqlaymiz, – deydi Termiz shahrida yashayotgan Abduzoir Mamutov. – O‘shanda urush-janjallardan qochib, Surxondaryoga kelganmiz. Bu yerda farzandlarimiz bilan tinch, farovon turmush kechirmoqdamiz. O‘zim umumta’lim maktabida yosh avlodga saboq bermoqdaman. Lekin Tojikistonda yashab qolgan aka-opalarimiz, uka-singillarimizning to‘y-tomoshalariga borishimiz yoki ularning biznikiga kelib-ketishida to‘siqlar, ortiqcha rasmiyatchiliklar bor edi. Chegara postining ochilishida xayolimdan beixtiyor ana shu fikrlar o‘tdi. Oliy darajadagi uchrashuv ana shunday to‘sig‘u, rasmiyatchiliklarga chek qo‘yib, mamlakatlarimiz xalqlari uchun qulayliklar yaratayotganidan haqli ravishda faxrlanamiz.
Asrlar o‘tdi, zamonlar evrilib, tuzumlar o‘zgardi. Biroq, xalqlarimizning azaliy do‘stlik an’analari barqaror qoldi. Ko‘p asrlik sinovdan o‘tgan ana shu an’anaga muvofiq o‘zbek xalqi hamisha tojik birodarlariga ko‘makdosh, ularning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lib kelgan.
– Mamlakatimizda elektron savdo ommalashgan ikki minginchi yillar edi, – deya xotirlaydi Respublika tovar xom-ashyo birjasi Surxondaryo viloyati filiali sobiq rahbari Po‘lat Ismoilov. – Hukumatlarimiz kelishuvi doirasida Dushanbe shahrida filialimizning savdo maydonchasini tashkil etdik. Bundan maqsad qo‘shni davlatdagi taqchillikka barham berishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan tovarlarni elektron savdo orqali rasmiylashtirish va yetkazib berish edi. Bu savdoning tartib-taomilini o‘rgatib, ilk savdoni o‘tkazganimizda tojikistonlik hamkorlarimizning behad suyungani ko‘z oldimda bir umrga muhrlanib qoldi.
Ha, qo‘ni-qo‘shni va do‘stlarga ko‘maklashish, mehr-oqibat ko‘rsatish, tashvishlariga sherik, hamdard bo‘lish millatimizga xos yuksak fazilat. Po‘lat akaning bu gurungi mening ko‘z oldimda yana bir voqeani gavdalantirdi. Bundan to‘qqiz yil muqaddam bahor faslida tinimsiz yomg‘ir, sel va suv toshqinlari Tojikiston Respublikasining ko‘plab qishloqlariga katta shikast yetkazgan, ayrim fuqarolar boshpanasiz qolgan edi. O‘shanda tabiiy ofatdan jiddiy talafot ko‘rgan qo‘shni davlat xalqiga o‘zbekistonliklar birinchi bo‘lib amaliy yordam ko‘rsatdi. Talafot oqibatlarini tezda bartaraf etishga ko‘maklashdi. Surxondaryo viloyatining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh Uzun tumanidagi Sariosiyo temir yo‘l bekatidan qo‘shni mamlakatga yirik hajmdagi gumanitar yordam yuklari – palatka, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari jo‘natilganida bu xayrli ishni xalqimiz chin dildan qo‘llab-quvvatlagan edi. Bunday ulug‘ amallar qadimdan quvonchli damlarda ham, og‘ir kunlarda ham bir-biriga yelkadosh bo‘lgan ikki qardosh xalqning insonparvarlikka yo‘g‘rilgan ezgu an’analari bardavomligiga yaqqol misoldir.
Azaldan o‘zbek va tojik xalqlari qadimiy bir daryo suvidan bahramand bo‘lib, ahil, inoq yashaydi. Surxondaryo viloyatida tojik birodarlarimizning tinch, farovon hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Tojik milliy madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. Termiz davlat universitetining tojik filologiyasi fakultetida tojik tilidagi maktablar uchun mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Tojik tilida chop etilayotgan gazetalar qardosh xalq vakillarining erkin so‘z minbariga aylangan. O‘zbekiston – Tojikiston o‘rtasidagi eng yaqin qo‘shnichilikka asoslangan iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlik rivojlanib, ishbilarmonlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar mustahkamlanayotir.
– Mahsulotimizning ichki bozordan ortiq qismini qo‘shni davlatlarga jo‘natishni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘onparranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Abduqahhor Qulmatov. – Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida Afg‘onistonga 469 ming dollar qiymatidagi parranda tuxumi eksport qildik. Davlatlarimiz rahbarlarining Dushanbe shahrida oliy darajadagi uchrashuvi arafasida Tojikiston Respublikasidagi hamkorlarimiz bilan Tursunzoda tumaniga arzon va sifatli parranda tuxumi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Dastlabki mahsulotimiz tojik do‘stlarimizga manzur bo‘lganidan quvonchimiz cheksiz.
Xalqlarimiz o‘rtasida yangi bosqichda rivojlanayotgan bu kabi do‘stona aloqalar amaliy mazmun bilan yangi bosqichda boyib borayotganidan har qancha faxrlansak arziydi.

























