Namanganda bu yil Navro‘z bayrami har safargidan-da ko‘tarinki ruhda boshlandi. Avval ma’lum qilinganidek, 5 tonnalik sumalak tayyorlanishi haqidagi xabar nafaqat namanganliklar, balki mamlakatimiz viloyatlari ahli e’tiborini Namangan Navro‘ziga qaratdi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tayyorlangan og‘irligi 3 tonnalik doshqozon va o‘choqning karnay-surnay sadolari ostida keltirilishi va o‘rnatish jarayonlari ham katta shodiyonaga aylandi. Qozon shaharliklar va viloyat mehmonlari uchun asosiy Navro‘z sayilgohlaridan biri bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga o‘rnatildi.
19-mart kuni soat 20.00 da Navro‘z tarixidagi ilk eng ko‘p miqdordagi sumalak masalliqlari qozonga solindi.

M.Jo‘raboyevaning so‘zlariga ko‘ra,– Sumalak pishirishga tayyorgarlik 24 fevral kunidan boshlandi. Uni pishirishga o‘ziga xos tanlov asosida 25 nafar tajribali sumalakchi ayol tanlab olindi, – deydi M.Jo‘raboyeva. – Yuz nafardan ziyod pazanda ayol qatnashgan tanlovning asosiy sharti shu bo‘ldiki, ulardan mahalla-ko‘yda o‘zlari tayyorlagan sumalakdan bir piyoladan olib kelish so‘raldi va eng sifatli sumalak mualliflari saralab olindi.
Tayyorgarlik jarayonida 1,1 tonna bug‘doy tozalandi va yuvildi, 2,5 tonna un elakdan o‘tkazildi. Bu jarayonlarda 300 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi. Yuvilgan bug‘doy maxsus tayyorlangan va umumiy yuzasi 112 kvadrat metrdan ko‘proq bo‘lgan 50 xontaxtaga undirgani qo‘yildi. Sumalak pishirishga jalb etilgan 25 nafar ayolning tunu kun navbatchiligi tashkil qilindi. Chunki bug‘doyga ob-havoga qarab har uch soatda suv sepib turish, unish sur’atini boshqarib turish kerak. Aks holda bug‘doy belgilangan kunga zarur darajada unmay qolsa reja barbod bo‘lganidek, muddatidan avval me’yoridan ortiq o‘sib ketgan bug‘doy maysasidan tayyorlangan sumalak taxir bo‘lib qoladi. Maysani parvarishlash jarayonida otinoyilar tomonidan xatmi qur’on o‘qildi, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dehqonchiliklarimizga baraka, ezgu ishlarimizga rivoj tilab, duoyu salovotlar bilan suv sepib turildi.
Ajib bir hikmatni qarang-ki, qiymalagichdan chiqarilgan 5,2 ming litr bug‘doy shirasi mustaqilligimizning yigirma yetti yilligiga ramziy ishora sifatida katta qozon atrofiga joylashtirilgan 27 doshqozonga jo bo‘ldi.
Yuqoridagi masalliqlardan tashqari yana 250 litr o‘simlik moyi va 2,4 ming litr suv ishlatilgan va daryodan maxsus terib kelib yuvib-qaynatib tozalangan tosh solingan sumalak 24 soat qaynadi. Tun bo‘yi o‘choqboshi laparlar, yor-yorlar, ezgu tilaklar, xolis niyatlar bilan fayziyob bo‘ldi. Nihoyat 21-mart – Navro‘z tongida obdon dam yedirish uchun o‘rab qo‘yilgan qozon o‘ramasi ochildi. Borliqni tansiq va yoqimli, sog‘inilgan sumalak bo‘yi tutib, ko‘klam nafasiga qorishib ketdi.
Bog‘da jarchining ovozi yangradi: “Odamlaru odamlar, tog‘da bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar, keyin pushmon yemanglar e-he-e-y!..” Shunday ham tun bo‘yi odam arimagan sayilgoh to‘rt tomondan oqib kela boshlagan yurtdoshlarimiz bilan bir pasda gavjum bo‘ldi. Nevarasini yetaklab olgan buvayu buvilar, baxtiyor yosh ota-onalar, o‘ktam yigit-qizlar, barcha-barchaning yuz-ko‘zida bayramona kayfiyat jilvalanadi.
Navro‘z sayli sumalak tarqatish bilan boshlandi.
– Sumalakning uchdan bir qismi viloyatdagi Mehribonlik, Saxovat uylari, shifoxonalar va kam ta’minlangan oilalarga yetkaziladi, – deydi mega-sumalak tayyorlash g‘oyasi tashabbuskori, “Namangan kitob olami” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, shahar kengashi deputati Ma’rufjon Mo‘minov. – Bundan tashqari, sayilga kelgan yurtdoshlarimiz, viloyatimiz mehmonlari ham ezgu niyatlar bilan tayyorlangan bahor taomidan bahramand bo‘lishadi. Ularga shu maqsadda tayyorlab qo‘yilgan 15 mingdan ziyod bir martalik idishlarda sumalak tarqatiladi.
Ha, viloyatning tumanlari, olis qishloq va mahallalarida boshlangan Navro‘z sayli shukuhi bugun viloyat markazidagi madaniyat va istirohat bog‘ida avj pardasida yangradi. Bu yerda shaharning barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim-tarbiya, madaniyat va tibbiyot muassasalari jamoalari jam bo‘ldi. Bir tomonda “Namangan kitob olami”ning kitoblar ko‘rgazmasi, bir tomonda yaqinlashib kelayotgan “Gul bayrami” oldidan astoydil izlanayotgan gulchilarning eng noyob gullari namoyishi. Varraklar musobaqasi, sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari… Barcha-barchasida tinchlik, farovonlik, go‘zallik, shodlik ranglari uyg‘unlashib ketgan.
– Men kecha ertalabdan kelib, sumalak pishirish jarayonini mo‘yqalamga olishni boshlagan edim, – deydi yosh musavvir, Namangan davlat universiteti magistranti Muqaddas Temirova. – To‘g‘ri, bunday gavjum joyda ijod qilish qiyin, lekin bunday jonli manzarani yana qachon, qayerdan topib bo‘ladi?! Xayolan chizish mumkin, ammo unda bugungi ruhiyatni aks ettirib bo‘lmaydi. Qanchalik uddasidan chiqdim, muxlis va mutaxassislar baho berishar-ku, lekin men shunday go‘zal bayramning eng ajoyib manzarasini moybo‘yoq bilan matoga ko‘chirganimdan g‘oyat baxtiyorman.
“Do‘ppiday osh” ko‘rik-tanlovida mohir pazandalar eng kam miqdor – 250 gramm guruch damlash bo‘yicha bahsga kirishdilar, yana bir yonda esa “Tandir shou” bellashuvi, unda novvoyu somsapazlar tandirda pishiriladigan taomlar tayyorlash mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda.
Bundan tashqari, Namangan shahrining to‘rt katta xiyobonida ham xalq sayli davom etdi. Ularda viloyatdagi barcha ansambl, folklor, xalq sirki jamoalari, estrada xonandalari, taniqli adib va shoirlar, san’atkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari joylarda el-yurtga xush kayfiyat ulashdi.


























