Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axboroti bilan tanishdi.
Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon qonunlarning ham murakkablashishiga olib kelayotganini qayd etdi vazir. Biroq ular oddiy insonlar uchun tushunarli va sodda bo‘lishi lozim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi qabul qilingan qonunlar va qarorlarning asosiy ma’nosini aholiga yetkazish bo‘yicha soatdek ishlaydigan samarali mexanizm yaratish kerakligi ta’kidlab o‘tgan.
Shu maqsadda Adliya vazirligi “Telegram”da “Huquqiy axborot” kanalini ishga tushirdi.
80 ming a’zoga ega bo‘lgan mazkur kanal orqali bugungi kungacha
2,5 mingdan ortiq huquqiy axborot tarqatildi.
Ijtimoiy tarmoqlaridagi adliya sahifalari orqali targ‘ibot , aholi bilan muloqot kuchaytirildi. Bu sahifalarga keyingi besh oyda 100 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.
Bunday zamonaviy usullar rivojlanayotgani bois an’anaviy ravishda ko‘p resurs va vaqt talab qiladigan tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazish kamaytirilmoqda. Chunki ko‘p hollarda bunday tadbirlar auditoriya xuddi majburlab bir joyga to‘planganday, achinarlisi, tadbirlarning ta’sirchanligi yo‘q.
Adliya vazirligi rahbariyati va xodimlari tomonidan barcha hududlar aylanib chiqilib, tahlil qilingan. Dastlabki tahlillar natijasi shuni ko‘rsatdiki, joylardagi aholining huquqiy madaniyati darajasi, qonunlarni tushunish qobiliyatini shakllantirishda jiddiy kamchiliklar borligiga ma’lum bo‘ldi.
– Oxirgi yillarda nafaqat huquqiy madaniyatni oshirishga erisha olmadik, -deya qayd etdi vazir. – Balki bu borada aniq negativ tendensiya yaqqol ko‘zga tashlandi.
Ko‘plab fuqarolarimizdagi boqimandalik kayfiyati, mehnatga munosabatning sustlashgani bu jarayonga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Ikkinchi tomondan sudlar, boshqa huquqni muhofaza qilish organlaridagi sansalorliklar, pensiya bilan bog‘liq tushunmovchilik aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazgan.
Shuning uchun real holatdan kelib chiqib, hududlarda shunday yondashuv qilinmoqdaki, ya’ni muammodan kelib chiqib, tegishli huquqiy axborot shakllantirilmoqda.
Sir emas, uy-joy, qurilish, mehnat va kommunal sohada minglab muammolarimiz mavjud. Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga tushayotgan murojaatlar shuni tasdiqlaydi. Hayotimiz ko‘zgusiga aylangan ushbu tizimga tushayotgan shikoyatlar ijrosi tegishli organlarninng diqqat markazida bo‘lishi lozim.
Adliya bu borada “manzilli targ‘ibot” loyihasini amalga oshiradi. Shu orqali fuqarolarning yoshi, ijtimoiy holati, faoliyat turiga qarab targ‘ibot tadbirlari tashkil qilinadi.
Huquqiy axborotni insonlar uchun qulay bo‘lgan vaqtda va ko‘rinishda yetkazish kerak. Adliya vazirligi bu imkoniyatni aholiga ta’minlab beradi.
Mazkur masala yuzasidan fikr bildirgan senatorlar axborot tanqidiy-tahliliy ruhda tayyorlangani e’tiborga loyiqligini ta’kidladi. Lekin huquqiy targ‘ibotda son emas, balki samardorlikka erishishga intilish zarurligiga e’tibor qaratildi.

























