O‘zbekiston xavfsiz va ochiq turistik yo‘nalish sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Mart 23, 2026

O‘zbekiston xavfsiz va ochiq turistik yo‘nalish sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm tarmog‘ining ishonchli va jadal o‘sishini namoyish etmoqda. Mamlakatga qariyb 12 mln xorijiy turist tashrif buyurdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘pdir.

Turizm xizmatlari eksporti 4,8 mlrd AQSH dollaridan oshdi, bu O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini hamda uning mintaqadagi eng istiqbolli turistik yo‘nalishlardan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini tasdiqlaydi.

Ushbu natijalarga turizm sohasida infratuzilmani yaxshilash, transport qulayligini rivojlantirish, xizmatlarni raqamlashtirish va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan izchil islohotlar tufayli erishildi. Mamlakatda turistik klasterlarni rivojlantirish, servis sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda.

Respublikada xorijiy fuqarolar uchun kirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan, xususan, hozirgi vaqtda 94 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish, 52 ta mamlakat uchun elektron kirish vizasi va 45 ta mamlakat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish tartibi belgilangan.

Dunyoning qator mintaqalaridagi joriy geosiyosiy beqarorlik, jumladan, ayrim mamlakatlarda ommaviy aksiyalar va namoyishlar o‘tkazilayotgani sharoitida, turistlarning xavfsizligi va qulay bo‘lishi omili tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu kontekstda O‘zbekiston millati va dinidan qat’i nazar, barcha mehmonlar uchun ochiq bo‘lgan barqaror, xavfsiz va mehmondo‘st davlat maqomini saqlab qolmoqda. Hurmat, bag‘rikenglik va samimiy mehmondo‘stlik an’analari o‘zbek xalqi madaniyatining ajralmas qismidir.

Xalqaro reytinglar O‘zbekistonda xavfsizlikning yuqori darajada ekanligini tasdiqlaydi. O‘zbekiston so‘nggi yillar davomida global xavfsizlik indekslarida barqaror ravishda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Xususan, “International SOS Risk Map”ga ko‘ra, mamlakat xavf darajasi past bo‘lgan yo‘nalishlar (Low Risk) toifasiga kiritilgan bo‘lib, bu uni umumiy xavfsizlik darajasi bo‘yicha Yevropaning qator davlatlari bilan bir qatorga qo‘yadi.

“Numbeo Safety Index” ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning 148 ta mamlakati orasida 25-o‘rinni egallab, jinoyatchilik darajasi barqaror past ekanligini namoyish etmoqda. Bundan tashqari, “Solo Female Travel Safety Index” va “Safety Perceptions Index” reytinglarida O‘zbekiston ayollarning mustaqil sayohat qilishi uchun xavfsizlikning eng yuqori ko‘rsatkichlaridan birini olgan holda dunyoda 1-o‘rinni egalladi. Qo‘shimcha ravishda, “Gallup Global Law and Order Index” bo‘yicha ham mamlakat jamoat xavfsizligi darajasi va huquq-tartibotga bo‘lgan ishonch bo‘yicha jahon yetakchilari qatoriga kirdi.

Ushbu baholar O‘zbekistonning turistlar uchun xavfsiz, barqaror va qulay yo‘nalish sifatidagi mustahkam xalqaro nufuzini shakllantirmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston sayyohlarga nafaqat Buyuk ipak yo‘lining boy madaniy-tarixiy merosini, balki zamonaviy infratuzilma, qulay sharoitlar va ochiqlik muhitini ham taklif etmoqda.