O‘zbekiston milliy taraqqiyot yo‘lida yangilangan va ulkan maqsadlarni qamrab olgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini taqdim etdi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Aprel 2, 2026

O‘zbekiston milliy taraqqiyot yo‘lida yangilangan va ulkan maqsadlarni qamrab olgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini taqdim etdi

O‘zbekiston yangilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini taqdim etdi. Bu hujjat mamlakatning islohotlar va taraqqiyot yo‘lidagi navbatdagi muhim bosqichni anglatadi.

Ta’kidlanishicha, islohotlarni amalga oshirish mas’uliyat, izchillik, institutsional intizom va jamoatchilik ishonchini talab etadi.

Hukumat ushbu strategiyani keng jamoatchilik muhokamalari asosida qayta ko‘rib chiqib, fuqarolarning fikri unda o‘z ifodasini topishini ta’minladi.

Xalqaro standartlarga uyg‘un va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishga qaratilgan mazkur strategiya O‘zbekistonni global taraqqiyot kun tartibining faol ishtirokchisi sifatida namoyon etmoqda.

Strategiyaning eng muhim xususiyatlaridan biri — uning amalga oshirilishi aniq o‘lchanadigan mezonlar asosida tashkil etilganidir.

2030-yilga qadar har yili baholab boriladigan 100 ta maqsad belgilangan bo‘lib, har biri uchun mas’ul idoralar, amalga oshirish mexanizmlari va moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatib qo‘yilgan.

Bu yondashuv hisobdorlik va shaffoflikka asoslangan boshqaruv modelini shakllantiradi. Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar ham jarayonni kuzatish, hisobotlar bilan tanishish va ekspertlik hissasini qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Rasmiylar fikricha, bu shaffoflikni yanada kuchaytiradi va tashqi qo‘llab-quvvatlashni kengaytiradi.

Strategiyaning birinchi yirik ustuvor yo‘nalishi — har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyat yaratish bo‘lib, aholi farovonligi bilan bog‘liq 44 ta maqsadni qamrab oladi.

Ular ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoya sohalaridagi vazifalarni o‘z ichiga oladi.

Xususan, ta’lim sohasida hukumat maktabgacha ta’lim qamrovini 80 foizga yetkazish, maktabga tayyorlov guruhlarida to‘liq qamrovga erishish, maktablarni elektron doskalar va yangi avlod darsliklari bilan jihozlashni rejalashtirgan.

O‘qituvchilarning ish haqi ikki baravar oshiriladi, 500 ming nafar ta’lim xodimi esa muntazam malaka oshirishdan o‘tadi.

Oliy va kasbiy ta’lim sohasida qamrovni kengaytirish, bitiruvchilarning ishga joylashish ko‘rsatkichini yaxshilash hamda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan universitet dasturlari sonini 200 taga yetkazish maqsad qilingan.

Rasmiylar inson kapitali rivojini ilm-fan va innovatsiya taraqqiyoti bilan uzviy bog‘lamoqda.

Strategiyada ilm-fanga ajratiladigan mablag‘larni YAIMning 1 foizigacha oshirish, tadqiqot va innovatsiya loyihalari sonini ko‘paytirish hamda O‘zbekistonni Global innovatsiyalar indeksida dunyoning yetakchi 60 davlati qatoriga kiritish vazifasi belgilangan.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazishga qaratilgan bo‘lib, ushbu sohaga ajratiladigan mablag‘lar YAIMning 5 foizigacha oshirilishi kutilmoqda.

Asosiy ustuvor yo‘nalishlar qatoriga asosiy kasalliklardan erta o‘lim holatlarini kamaytirish, ona va bola salomatligini yaxshilash hamda raqamli tibbiyot xizmatlarini kengaytirish kiradi.

Xotin-qizlarning rahbarlik va davlat xizmatidagi ulushini oshirish, qashshoqlikka barham berish, ishsizlikni 4 foizgacha kamaytirish hamda 2 million nafar fuqaroni yangi ko‘nikmalar va xorijiy tillarga o‘qitish vazifalari ham bor.

Yoshlar siyosati ham strategiyaning markaziy ustunlaridan biri hisoblanadi. Unga ko‘ra, 7 million nafar yoshlar xorijiy tillarni bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi, 3 million nafar zamonaviy kasblarni sun’iy intellekt vositalari orqali o‘rganadi, 300 ming nafar yosh esa IT sohasida ish bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, sport, madaniyat va san’atda ishtirokni kengaytirish ham nazarda tutilgan. Strategiyaning ikkinchi yirik ustuvor yo‘nalishi — barqaror iqtisodiy o‘sishdir.

Hukumat 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 145 milliard dollardan 240 milliard dollardan ortiq darajaga yetkazishni, aholi jon boshiga YAIMni esa 3 800 dollardan 5 800 dollargacha oshirishni maqsad qilgan.

Boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlar qatorida inflyatsiyani 5 foiz darajasida ushlab turish, davlat qarzini YAIMning 50 foizidan past saqlash va budjet taqchilligini 3 foizdan oshirmaslik kabi vazifalar belgilangan.

Sanoat siyosati diversifikatsiya va qo‘shilgan qiymatni oshirishga qaratilgan. Jumladan, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, avtomobil ishlab chiqarish hajmini 1 million donaga, shundan 200 mingtasi elektromobillarga yetkazish, 1,8 million sanoat ish o‘rni yaratish hamda sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 60 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Hukumat umumiy qiymati 150 milliard dollar bo‘lgan 400 dan ortiq strategik loyiha orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kutmoqda.

Moliyaviy islohotlar esa banklarni xususiylashtirish, kreditlashni kengaytirish va islomiy moliyani rivojlantirishni qamrab oladi.

Strategiya “yashil iqtisodiyot” masalasiga ham alohida urg‘u beradi. Rasmiylar qayta tiklanuvchi energiya manbalari umumiy generatsiyaning 54 foizini tashkil etishini, issiqxona gazlari chiqindilarini esa 35 foizga qisqartirishni maqsad qilgan.

Transport va logistika sohasida tranzit tashuvlarni kengaytirish, yo‘llarni qurish va ta’mirlash, aeroportlarni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligida esa asosiy e’tibor unumdorlik va eksportni oshirishga qaratilgan bo‘lib, agrar eksport hajmini 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Atrof-muhitni muhofaza qilish va suvni tejash ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish, ichimlik suvini to‘liq hisobga olish tizimini joriy etish va qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Boshqa ekologik maqsadlar qatorida shaharlarda yashil hududlarni kengaytirish, o‘rmon maydonlarini ko‘paytirish va Orolbo‘yi hamda cho‘l hududlarida yangi yashil zonalar barpo etish bor.

Shuningdek, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish, havo sifati va iqlim barqarorligini kuchaytirish ham ustuvor vazifalar qatoriga kiradi.

Qonun ustuvorligini mustahkamlash va xalqqa xizmat qiladigan davlat boshqaruvini shakllantirish ham strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Unda mahalliy boshqaruvni takomillashtirish, elektron davlat xizmatlarini kengaytirish va tezkor xizmatlar yetib kelish vaqtini qisqartirish nazarda tutilgan.

Qonunchilik islohotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar sonini oshirish va ortiqcha tartibga solish yukini qisqartirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, meritokratiya, sud islohoti, inson huquqlari, korrupsiyaga qarshi kurash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ham ko‘zda tutilgan.

Strategiya, shuningdek, xavfsiz va tinchliksevar davlat g‘oyasini ham ilgari suradi.

Bu faol tashqi siyosat, mintaqaviy hamkorlik, xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash va mehnat migratsiyasini yanada tartibga solish orqali ta’minlanadi.

Maqsadlar qatorida O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz yo‘nalishlar sonini ko‘paytirish, qo‘shni davlatlar bilan savdo aylanmasini oshirish, diplomatik vakolatxonalar tarmog‘ini kengaytirish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini ilgari surish bor.

Boshqa vazifalar esa mudofaa sohasini modernizatsiya qilish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni kuchaytirish hamda jamoatchilik ishonchi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashni qamrab oladi.

Strategiya ijrosi rasmiy monitoring tizimi orqali raqamli platforma asosida kuzatib boriladi.

Unda natijalar rangli toifalar orqali baholanib, yutuqlar yoki kechikishlar aniq ko‘rsatiladi.

Bu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi strategik ko‘rsatkichlarni monitoring qilish va islohotlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishda muhim o‘rin tutadi.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasining o‘ziga xosligi shundaki, u yuksak maqsadlarni aniq, tuzilmali va natijaga yo‘naltirilgan yondashuv bilan uyg‘unlashtiradi.

Hukumat alohida-alohida tashabbuslarni emas, balki muvofiqlashtirilgan, hisobdor va uzoq muddatli transformatsiya dasturini amalga oshirmoqda.

Shubhasiz, ushbu strategiya kelgusi o‘n yillikda O‘zbekistonning taraqqiyot va islohotlar yo‘lini belgilab beruvchi asosiy hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

Eldor Tulyakov,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori