TIIF-2026: Markaziy Osiyoning yangi investitsiya arxitekturasini shakllantiradi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

May 29, 2026

TIIF-2026: Markaziy Osiyoning yangi investitsiya arxitekturasini shakllantiradi

16–19-iyun kunlari poytaxtimizda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi – mamlakatning asosiy investitsiya platformasi va mintaqadagi eng yirik biznes forumlaridan biri bo‘lib o‘tadi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) Markaziy Osiyoning asosiy investitsiya platformasi sifatida mustahkamlanib, davlatlar, xalqaro investorlar va global biznes vakillarini birlashtirmoqda. Forum shunchaki muloqot maydoni emas, balki mintaqaning amaliy investitsiya kun tartibi shakllanadigan makon sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Forumning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, O‘zbekiston izchil ravishda nafaqat kapital jalb qila oladigan, balki Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishida uzoq muddatli qoidalar va yo‘nalishlarni belgilay oladigan mintaqaviy investitsiya markazi maqomini mustahkamlab bormoqda.

TIIF-2025 ko‘lami forum o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga o‘tganini yaqqol namoyon qildi. Tadbirda dunyoning 97 mamlakatidan 8000 dan ortiq delegat ishtirok etdi, imzolangan investitsiya kelishuvlarining umumiy hajmi esa 30,5 milliard AQSH dollarini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkichlar mintaqaviy investitsiya platformalari orasidagi eng ahamiyatli natijalardan biriga aylandi.

Ishtirokchilar sonining ortishi, geografiyaning kengayishi va tuzilgan bitimlar hajmining ko‘payishi O‘zbekiston investitsiya muhitiga xalqaro biznes ishonchining sezilarli darajada mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda. Forum tobora bir martalik muhokama maydoni sifatida emas, balki real investitsiya qarorlarini yaratishning barqaror mexanizmi sifatida qabul qilinmoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati nafaqat uning ko‘lami, balki ishtirokchilar uchun amaliy qiymati bilan ham belgilanadi. TIIF davlat va hukumat rahbarlaridan tortib, xalqaro moliya institutlari, suveren fondlar va yirik korporatsiyalar vakillarigacha bo‘lgan asosiy iqtisodiy va siyosiy qaror qabul qiluvchi shaxslarga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatini taqdim etadi.

Forum davlat, investorlar va biznes bir makonda jamlanadigan noyob muhitni shakllantirmoqda, bu esa umumiy muhokamalardan aniq hamkorlik formatlariga o‘tish imkonini beradi. TIIF doirasida B2B va B2G formatidagi uchrashuvlari faol rivojlantirilmoqda, ular investitsiya kelishuvlarini tuzish va yangi loyihalarni ishga tushirish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

2026 yil 16–19-iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan TIIF-2026 avvalgi yillar formatini saqlab qolgan holda yanada kengaytiradi va yuqori darajadagi siyosiy muloqot, biznes muzokaralari hamda sohaviy muhokamalarni o‘zida mujassam etadi. Forum dasturi davlat rahbarlari ishtirokidagi plenar yig‘ilish, panel sessiyalar, mavzuli pitch-taqdimotlar, shuningdek, mamlakatning sanoat va investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan kengaytirilgan ko‘rgazmani o‘z ichiga oladi.

TIIF-2026ning asosiy xususiyatlaridan biri – bir makonda siyosiy, moliyaviy va korporativ kapitalning noyob konsentratsiyasini shakllantiradigan yuqori darajadagi vakillik hisoblanadi. Forumda Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari yetakchilari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari rahbarlari ishtirok etadi.

Ishtirokchilar orasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD), Yevropa investitsiya banki (EIB), Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), shuningdek, suveren fondlar va eksport-kredit agentliklari vakillari bor. Bunday tarkib davlat islohotlari, global moliyaviy institutlar va xususiy kapital o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani ta’minlaydi.

IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2025) yakunlari davlat tuzilmalari, moliyaviy institutlar va global biznes vakillari tomonidan keng xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ular O‘zbekistonning mintaqa investitsiya markazi sifatidagi roli tobora ortib borayotganini qayd etdi.

Global va mintaqaviy tadqiqotlar markazi (CEGREG) direktori, professor Iqboljon Qoraboyev (Qozog‘iston) forum ko‘lami va ahamiyati haqida fikr bildirdi:

– Markaziy Osiyo yana xalqaro biznes hamjamiyati diqqat markazida bo‘ldi. 9–12-iyun kunlari Toshkentda IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi — bu yildan-yilga nufuzi va xalqaro ahamiyati ortib borayotgan eng yirik mintaqaviy investitsiya platformasidir. Bu yilgi forum ko‘lami haqiqatan ham keng ko‘lamli bo‘ldi: dunyoning qariyb 100 mamlakatidan 3000 ga yaqin xorijiy delegat ishtirok etdi.

TIIF Markaziy Osiyoning sanoat va iqtisodiy salohiyatini namoyish etuvchi yetakchi platformaga aylanmoqda, davlat rahbarlari, yirik investorlar va xalqaro banklar ishtirok etayotgani esa forumning mintaqa imkoniyatlari vitrinasi sifatidagi strategik ahamiyatini yanada kuchaytirmoqda.

Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti dots.nti, siyosatshunos Emin Garibli forumning integratsion ahamiyatiga xususida shunday dedi:

– Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat Markaziy Osiyoning asosiy iqtisodiy platformasi, balki Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishning muhim vositasiga aylanmoqda. Forum Toshkentning mintaqaviy investitsiya markazi maqomini mustahkamlab, mamlakatning Yangi O‘zbekiston strategiyasi doirasida islohotlarni ilgari surishdagi qat’iyatini namoyon etmoqda.

CGTN ijrochi prodyuseri Chjan Xe (Xitoy) islohotlarning investitsiya samarasini alohida qayd etdi:

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar investorlar uchun yanada qulay sharoit yaratdi. O‘zbekiston sanoat, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida katta salohiyatga ega. Bu investitsiyalarni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qiladi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi forum rolining transformatsiyasini ta’kidladi:

– Forum Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning turli hududlaridan biznes yetakchilari va moliyachilarni birlashtiruvchi to‘laqonli mintaqaviy platformaga aylandi. O‘zbekistondagi islohotlar uzoq muddatli investitsiyalar uchun prognoz qilinadigan va jozibador muhitni shakllantirmoqda.

Xitoyning “CAMCE” kompaniyasi raisi Van Bo forumning amaliy qiymati haqida so‘z yuritdi:

– Bu nufuzli tadbir nafaqat kompaniyamiz, balki O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotida istiqbol izlayotgan xorijiy investorlar uchun ham ajoyib imkoniyatlarni ochib beradi. Xorijiy investorlar uchun O‘zbekiston, ayniqsa, JSTga a’zo bo‘lish jarayoni fonida, o‘ziga xos imkoniyat hisoblanadi. Prezident ta’kidlaganidek, bu barqaror rivojlanish uchun yanada katta istiqbollarni ochib, O‘zbekistonni global investitsiyalar uchun jozibador yo‘nalishga aylantiradi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) Markaziy Osiyodagi investitsion muloqotning asosiy platformalaridan biri sifatida o‘z rolini mustahkamlamoqda. Bu yerda nafaqat iqtisodiy siyosat yo‘nalishlari, balki davlat va global kapital o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning real mexanizmlari ham shakllantirilmoqda.

Avvalgi yillar tajribasi TIIF an’anaviy konferensiya formatidan chiqib, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish tuzilmasiga ta’sir ko‘rsatuvchi amaliy investitsiya ekotizimiga aylanganini ko‘rsatmoqda. Shu nuqtayi nazardan, TIIF-2026 O‘zbekistonning global investitsiya arxitekturasidagi rolini mustahkamlash va uning xalqaro kapital bozorlariga integratsiyasini yanada kengaytirishning navbatdagi bosqichi sifatida qaralmoqda.

«Dunyo» AA