O‘zbekiston – Qirg‘iziston: suv bo‘yicha hamkorlikistiqbollari

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Iyul 27, 2026

O‘zbekiston – Qirg‘iziston: suv bo‘yicha hamkorlikistiqbollari

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tashqi siyosatida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va amaliy hamkorlik ustuvor tamoyilga aylandi.

Bu siyosat natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi. Ilgari yechimi murakkab sanalgan ko‘plab masalalar muloqot, kelishuv va umumiy manfaat asosida hal etilmoqda. Ana shu o‘zgarishlar suv sohasida ham yaqqol namoyon bo‘layapti.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng muvaffaqiyatli hamkorlik namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning siyosiy irodasi, muntazam uchrashuvlari, hukumatlararo komissiyalar faoliyati, sohaviy idoralar o‘rtasidagi yaqin muloqot suv resurslarini boshqarishda mutlaqo yangi yondashuvni shakllantirdi. Eng muhimi, suvga nisbatan qarash o‘zgardi. Endi u tortishuv manbai emas, balki umumiy taraqqiyot va barqarorlikni taʼminlaydigan boylik sifatida baholanmoqda.

Daryolar davlat chegaralarini tanlamaydi. Ammo ularning taqdirini davlatlar o‘rtasidagi ishonch belgilaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida suv tanqisligi sharoitida mintaqa davlatlari umumiy masʼuliyat asosida harakat qilishi lozimligini taʼkidladi. 2026–2036-yillarni «Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi» deb eʼlon qilish tashabbusini ilgari surdi.

Bu tashabbus Qirg‘iz respublikasi bilan ikki tomonlama munosabatlar doirasida transchegaraviy gidrotexnika inshootlaridan birgalikda foydalanish, irrigatsiya infratuzilmasini qayta qurish, suv xo‘jaligini raqamlashtirish, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislarni tayyorlash hamda suv resurslarini barqaror boshqarish sohasidagi mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Oxirgi o‘n yillikni tahlil qiladigan bo‘lsak, ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichi 2017-yildan boshlandi. Eng muhim voqealardan biri 2017-yil 6-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iz Respublikasi Hukumati o‘rtasida Kosonsoy (O‘rtato‘qay) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bitimning imzolanishi bo‘ldi.

Mazkur hujjat hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi va mintaqaning eng yirik transchegaraviy suv omborlaridan birini birgalikda boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini ilk bor belgilab berdi.

Ushbu bitimning imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanishning ayrim masalalarini har yili kelishib olishdan suv resurslarini birgalikda boshqarishning uzoq muddatli tizimini shakllantirishga o‘tish imkonini yaratdi.

Kelishuv qoidalarini amalda joriy etish maqsadida Kosonsoy (O‘rtato‘qay) suv omboridan foydalanish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston–Qirg‘iz qo‘shma komissiyasi tuzildi. Uning doirasida ikki davlatning tegishli vazirliklari vakillari gidrotexnika inshootlaridan foydalanish, suv omborini to‘ldirish va undan suv chiqarish rejimlarini kelishish, taʼmirlash ishlarini o‘tkazish, gidrologik maʼlumotlar almashish hamda obyektlarning texnik holatini birgalikda monitoring qilish masalalarini doimiy asosda ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

2021-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasining suv xo‘jaligi va energetika sohalari rahbarlari ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan muntazam uch tomonlama uchrashuvlar doirasida vegetatsiya davrida Sirdaryo havzasida suv taʼminotini oshirish maqsadida “To‘xtagul” suv omboridan qo‘shimcha suv chiqarish hamda kuz-qish davrida Qirg‘iz Respublikasiga elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish masalalari bo‘yicha tegishli bayonnomalar va jadvallar tasdiqlanmoqda.

Mazkur kelishuvlar doirasida Qirg‘iz Respublikasi qish mavsumida “To‘xtagul” suv omborida suvni ko‘proq to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.  O‘zbekiston va Qozog‘iston esa vegetatsiya davrida qo‘shimcha suv resurslari bilan taʼminlanmoqda. Natijada Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimida joylashgan sug‘oriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilanib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan barqaror taʼminlashga erishilmoqda.

So‘nggi uch tomonlama uchrashuv 2026-yil 20-iyun kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning suv xo‘jaligi hamda energetika sohalari rahbarlari ishtirok etib, 2026-yilgi vegetatsiya mavsumida suv chiqarish hajmlari va elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish masalalari bo‘yicha navbatdagi Bayonnomani imzoladilar.

Kelishuvlarga asosan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, vegetatsiya davri mobaynida suv berish, taqsimlash daryo va soylardan foydalanish reja-grafiklar asosida olib borilmoqda.

Tomonlar tasdiqlangan grafiklarga qatʼiy rioya qilish, suv taqsimotini doimiy monitoring qilish va vakolatli suv xo‘jaligi tashkilotlari o‘rtasida tezkor muvofiqlashtirishni taʼminlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari amaliy natijalarini berayapti. Transchegaraviy suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish, suv taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mintaqaviy hamkorlikni yuksaltirish kabi keng qamrovli masalalar hal etilmoqda.