Dehlida O‘zbekiston va Hindiston tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Subramanyam Jayshankarning kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
“Tor doiradagi muzokaralardan so‘ng delegatsiyalar ishtirokida Hindiston tashqi ishlar vaziri, janob Subramanyam Jaishankar bilan samimiy, ochiq va sermazmun muloqotni davom ettirdik, – deb yozadi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining Telegram-kanalida. – Asosiy eʼtibor davlatlarimiz rahbarlari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi, ikki tomonlama hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarga qaratildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport va logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashdik.”
“Dunyo” AA


























