Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) Savdo-sanoat palatasi (SSP) bilan hamkorlikda mamlakatimizning sifat jihatidan yangi bosqichga oʻtayotgan biznes muhitini oʻrganish maqsadida barcha hududlardan 5 mingdan ortiq tadbirkor oʻrtasida keng koʻlamli soʻrovnoma oʻtkazdi.
Tadqiqot natijalari biznesning keyingi oʻsish imkoniyatlari koʻp jihatdan ishlab chiqarish va boshqaruvga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga bogʻliq ekanini koʻrsatmoqda. Ushbu soʻrov biznes yuritish sharoitlari va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligini baholash, shuningdek, ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.
Soʻrov ishtirokchilarining asosiy qismini xususiy biznes vakillari (93%) tashkil etdi. Faoliyat turlari boʻyicha ulgurji va chakana savdo eng katta ulushga ega boʻlib (43%), xizmatlar sohasiga qariyb uchdan bir qismi (30%) toʻgʻri keladi. Keyingi oʻrinlarda sanoat (17%), qurilish (8%), qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi (2%) tarmoqlari turadi.
Soʻrovnoma turli faoliyat tajribasiga ega korxonalarni qamrab olgan. Qariyb har toʻrtinchi korxona 10 yildan ortiq (24%), toʻrtdan biridan koʻprogʻi 5 yildan 10 yilgacha (28%), qariyb toʻrtdan biri 3 yildan 5 yilgacha (26%), har beshinchi korxona esa 1 yildan 3 yilgacha (20%) faoliyat yuritib kelmoqda.
Soʻrov natijalari korxonalar mehnat unumdorligi va samaradorlikni oshirish uchun turli zamonaviy vositalardan foydalanayotganini koʻrsatmoqda. Har uchinchi korxona bir nechta raqamli yechimlarni joriy etgan (33%), shunga yaqin qismi sun’iy intellektdan kamida ikki yoʻnalishda foydalanmoqda (30,4%), qariyb har toʻrtinchi korxona esa energiya tejamkor yechimlarni qoʻllamoqda (23,2%). Shu bilan birga, korxonalar yangi mahsulot va texnologiyalarni joriy etmoqda, tannarxni pasaytirish maqsadida ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini qayta koʻrib chiqmoqda.
Kompleks choralarni qoʻllash korxonalar faoliyatining yuqoriroq natijalari bilan bevosita bogʻliqdir. Samaradorlikni oshirish boʻyicha kamida uchta chorani joriy etgan kompaniyalarning yarmidan koʻpi mahsulot va xizmatlarga boʻlgan talab oshganini qayd etgan (54,1%). Bunday korxonalar tannarxni 4,1 barobar koʻproq holatda pasaytirishga erishmoqda, ish haqi 10 foizdan ortiq oshgan kompaniyalar ulushi esa 2,1 barobar yuqori.

Samaradorlikni oshirish boʻyicha kamida uchta chorani joriy etgan korxonalar yuqoriroq investisiya faolligini ham namoyon etmoqda. Ularning yarmidan koʻpi kelgusi yilda investisiya hajmini oshirishni rejalashtirgan (57,8%).
Shu bilan birga, samaradorlikni oshirish vositalarini kompleks qoʻllash hozircha keng tarqalmagan. Uch va undan ortiq chorani taxminan har toʻqqizinchi korxona joriy etgan (11,6%), toʻrtdan biridan koʻprogʻi esa koʻrib chiqilgan choralarning birortasini ham qoʻllamagan (28,5%).
Tarmoqlar kesimida uch va undan ortiq chora sanoat va xizmatlar sohasidagi korxonalarda koʻproq uchraydi (har ikkisida 13%), savdoda 11%, qurilishda 9% va qishloq xoʻjaligida 8%ni tashkil etadi.
Hududlar kesimida farqlar yanada sezilarlidir. Kompleks choralar Toshkent shahrida eng keng qoʻllanmoqda (18%), Samarqand (4%), Buxoro (3%) va Sirdaryo (2%) viloyatlarida esa koʻrsatkichlar ancha past.
Soʻrov natijalari korxonalar orasida bazaviy raqamli yechimlar juda keng tarqalganini koʻrsatmoqda (94%).
Sun’iy intellektdan u yoki bu shaklda korxonalarning yarmidan koʻpi foydalanmoqda (60%). Sun’iy intellekt marketing va savdoda (24%), ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishda (15%), buxgalteriya hisobi va moliyaviy tahlilda (14%), shuningdek, chat-botlarda (13%) koʻproq qoʻllanmoqda.
Shu bilan birga, bevosita ishlab chiqarish, logistika va moliyaviy jarayonlarda sun’iy intellektdan korxonalarning qariyb uchdan biri (31%) foydalanmoqda. Bu esa uni amaliyotga yanada keng joriy etish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatadi.
Qariyb har ikkinchi korxona savdo va mijozlar bilan ishlashni tashkil etishda mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish tizimlaridan (CRM) foydalanmoqda (48%). CRM tizimlari xizmatlar sohasida eng keng qoʻllanadi (54%). Raqamli biznes-tahlil vositalaridan esa har yettinchi korxona foydalanmoqda (14%). Xususiy korxonalarning qariyb yarmi bunday tizimlardan foydalanmaydi, toʻrtdan biridan koʻprogʻi esa bunday raqamli yechimlar haqida ma’lumotga ega emas.
Ijtimoiy tarmoqlar har beshta korxonaning toʻrttasidan koʻprogʻi uchun mahsulotni ilgari surish va mijozlar bilan ishlashning odatiy kanaliga aylangan (80,9%). Onlayn-savdo korxonalarning yarmidan koʻpida yoʻlga qoʻyilgan (58,8%), biroq mahsulotining yarmidan koʻpini internet orqali sotadigan korxonalar ulushi hali ham past koʻrsatkichga ega (9%). Raqamli toʻlov tizimlaridan esa har toʻrtinchi korxona foydalanmoqda (25%).
Tarmoqlar kesimi raqamli vositalardan foydalanish xususiyatlarida oʻziga xos farqlar mavjudligini koʻrsatadi.

Xizmatlar sohasida CRM tizimlari eng keng qoʻllanmoqda (54%). Shuningdek, boshqa tarmoqlarga nisbatan sun’iy intellekt (68%), onlayn-savdo (67%) va ijtimoiy tarmoqlardan (87%) foydalanish koʻrsatkichi yuqori.
Sanoatda CRM tizimlari (49%) va sun’iy intellekt (60%), shuningdek, onlayn-savdo (61%) va ijtimoiy tarmoqlar (81%) keng tarqalgan.
Savdoda raqamli toʻlov tizimlaridan foydalanish nisbatan yuqori (31%). Korxonalarning yarmidan koʻpi sun’iy intellekt (55%) va onlayn-savdodan (54%) foydalanadi, ijtimoiy tarmoqlarni esa korxonalarning toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻi qoʻllaydi (77%).
Qurilishda ijtimoiy tarmoqlar eng keng qoʻllanmoqda (80%). Korxonalarning yarmidan koʻpi sun’iy intellekt (55%) va onlayn-savdodan (51%) foydalanadi, CRM tizimlarini esa 43% korxona qoʻllaydi.
Qishloq xoʻjaligida raqamli toʻlov tizimlari nisbatan keng tarqalgan (30%). Shu bilan birga, korxonalarning 43%i sun’iy intellektdan foydalanadi, 49%da onlayn-savdo yoʻlga qoʻyilgan, 66% esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda.
Tadqiqot natijalari korxonalar samaradorligini yanada oshirish imkoniyatlari zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv yechimlarini kengroq joriy etish, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish va avtomatlashtirish, raqamli savdo kanallarini rivojlantirish hamda energiya samaradorligini oshirish bilan bogʻliq ekanini koʻrsatmoqda.
Alohida yoʻnalish korxonalarni texnologik yangilash bilan bogʻliq. Soʻrov natijalari yangi mahsulot va texnologiyalarni joriy etish, talabning oʻsishi va investisiya faolligi oʻrtasida chambarchas bogʻliqlik mavjudligini koʻrsatmoqda.
Shu bilan birga, korxonalarning yarmi (51%) modernizasiya, yangi mahsulot, xizmat va innovasiyalarni joriy etish hisobiga keyingi texnologik yangilanish uchun imkoniyatlarni saqlab qolmoqda.
Raqamli yechimlarni yanada keng joriy etish ularni tatbiq qilish sharoitlariga ham bogʻliq. Tadbirkorlarning fikriga koʻra, internet infratuzilmasini yaxshilash (13%), malakali mutaxassislar imkoniyatlarini kengaytirish (10%) va texnologiyalarni joriy etish bilan bogʻliq moliyaviy xarajatlarni kamaytirish (9%) raqamlashtirishni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Kadrlarga boʻlgan ehtiyoj tadqiqotning boshqa natijalarida ham oʻz tasdigʻini topgan. Korxonalar turli malakaga ega mutaxassislar, jumladan, IT va muhandislik-texnik kadrlar yetishmasligini qayd etgan.
Umuman olganda, soʻrov natijalari biznes samaradorligini yanada oshirish alohida raqamli vositalardan foydalanishdan ularni bevosita ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga joriy etishga oʻtish bilan bevosita bogʻliqligini koʻrsatmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xulosalari Jahon banki tadqiqotlari natijalari bilan ham toʻliq mos keladi. Korxonalar ma’lumotlari tahlili shuni koʻrsatadiki, mehnat unumdorligining eng sezilarli oʻsishi raqamli texnologiyalarga bazaviy kirishdan murakkabroq yechimlardan foydalanishga oʻtishda, jumladan, bulutli servislar, boshqaruv tizimlari, tahlil va sun’iy intellektni qoʻllashda kuzatilmoqda. Shu bilan birga, raqamli toʻlovlar va onlayn-savdoning oʻzi ichki biznes jarayonlaridagi oʻzgarishlar bilan birga kechmasa, cheklangan samara beradi.
Texnologik yangilanishning hali toʻliq ishga solinmagan salohiyati, avvalo, boshqaruv va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda texnologiyalarga kirishni qoʻllab-quvvatlashdan ularni korxonalarda amaliy joriy etishga oʻtishga bogʻliq.
Shu munosabat bilan biznesni qoʻllab-quvvatlashning keyingi choralari texnologiyalarni korxonalarning ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga amaliy joriy etishni kengaytirishga yoʻnaltirilishi lozim.
“Dunyo» AA


























