1 sentyabr — qutlugʻ ayyom — Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yillik yubileyi munosabati bilan Dehli shahridagi qadimiy meʼmoriy obida — Qutb Minor mamlakatimiz Davlat bayrogʻining yorqin ranglariga burkandi.
1991 yil 26 dekabr kuni Hindiston birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonning davlat mustaqilligini tan olgan. 1992 yil 18 martda esa Toshkentda ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida Protokol imzolangan.
Oʻtgan davr mobaynida davlatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Soʻnggi yillarda bu aloqalar oʻzgacha dinamika kasb etdi, strategik sheriklik munosabatlarimiz yangi bosqichga koʻtarildi.
Ikki tomonlama hamkorlik siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar, innovatsiyalar, taʼlim, madaniyat hamda boshqa bir qator ustuvor sohalarni qamrab olgan holda jadal kengaymoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Oʻzbekistonga davlat tashrifi amalga oshirilgani ramziy maʼnoga egadir.
Oliy darajada boʻlib oʻtgan samarali muzokaralar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi samimiy doʻstlik, yuksak oʻzaro hurmat va ishonchning navbatdagi yorqin ifodasi boʻldi.
Ushbu tashrif Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlarni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqqani bilan tarixiy ahamiyat kasb etdi. Shubhasiz, u oʻzbek-hind munosabatlarida yangi davrni ochib beradi va barcha ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Muzokaralarda asosiy eʼtibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. Oʻtgan yili oʻzaro tovar aylanmasi hajmi 33 foizga ortib, 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. 2030 yilga borib ushbu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga etkazish vazifasi qoʻyildi.
Tashrif doirasida muhim qoʻshma investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi. Bir qator yirik Hindiston kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishildi. Muzokaralar chogʻida energetika, muhim minerallar, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik sanoati va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi oʻsish nuqtalari belgilab olindi.
Bu yil bayram alohida shuquh va tantana bilan nishonlanmoqda. Hindistonning eng tabarruk meʼmoriy yodgorliklaridan biri — Qutb Minornining Oʻzbekiston Davlat bayrogʻi ranglari bilan yoritilishi hind xalqining doʻst va qardosh oʻzbek xalqiga boʻlgan chuqur hurmat-ehtromining yorqin namunasi hamda oʻziga xos bayram sovgʻasi boʻldi.
Qutb Minor majmuasi 1193 yilda Dehli sultonligi asoschisi Qutbiddin Oybekning farmoni bilan qurila boshlangan va XIV asrda yakunlangan. Balandligi 72,6 metr boʻlgan ushbu inshoot dunyodagi eng baland gʻishtli minora hisoblanadi. 1993 yilda u YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
























