O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va serqirra hamkorlik natijasida bugun turli sohalarda hamkorlik qilish, oliy bilim yurtlarida zamonaviy bilim olish, yetakchi sanoat korxonalari, tibbiyot, ilmiy va boshqa muassasalarda amaliyot o‘tash va malaka oshirish, sayohat qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ikki davlat fuqarolari so‘nggi yillarda shakllangan qulayliklardan samarali foydalanmoqda.
Biroq, shu bilan birga turli nosog‘lom maqsadlar yo‘lida ish tutayotgan kimsalar ham uchrab turibdi. Ular ishonuvchan, yordamga muhtoj kishilarni turli va’dalar va bahonalar bilan o‘z tuzog‘iga tushirish payida bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan diplomatiya missiyasi sizni tanimagan va bilmagan shaxslar bilan muloqot jarayonida sergak bo‘lishga, ehtiyotsizlik qilib murakkab vaziyatlarga tushib qolmaslikka, ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy mazmunga ega xabarlar ta’siriga berilmaslikka chaqiradi. Hindistonga kelishdan avval bo‘lajak safar maqsadlari va ularga erishish yo‘llarini aniq belgilab olishni, ushbu mamlakatda bo‘lib turgan davrda hayotingizga, sog‘ligingizga, mehnat/ta’lim olish faoliyatingizga nisbatan kutilmagan tahdidlar paydo bo‘lganini sezgan holatlarda zudlik bilan Elchixonaga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
O‘zbekistonning Dehlidagi Elchixonasi tomonidan Hindistonning vakolatli idoralari bilan muntazam aloqa o‘rnatilgan hamda mamlakatimiz fuqarolari bilan bog‘liq barcha vaziyatlarda ularga zarur bo‘lgan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
Murojaat uchun telefon raqamlari:
+91 11 2467 0774
+91 11 2467 0775