Jizzax va Samarqand viloyatlarining o‘sish nuqtalari belgilandi

“Investment portal of Uzbekistan”

Citizens of 76 countries will be able to get an electronic visa to Uzbekistan (List)

Uzbekistan announces visa waiver for citizens of 45 countries (List)

Important Visa Information for Indian Citizens Travelling to Uzbekistan

July 6, 2020

Jizzax va Samarqand viloyatlarining o‘sish nuqtalari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov boshchiligidagi vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruh yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, shuningdek, Jizzax va Samarqand viloyatlarida iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash bo‘yicha tahlillar olib boryapti, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Ishchi guruh dastlab Jizzax viloyatini mintaqaviy rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalar ijrosi bilan tanishdi.

Viloyatda 2020-2021 yillarda 12,4 trillion so‘mlik 726 loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shundan joriy yilda 4,9 trillion so‘mlik 549 ta loyiha amalga oshiriladi. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi 2021 yil yakuniga qadar 20,1 ming ish o‘rni yaratishga imkon beradi. Mas’ul rahbarlarga mazkur loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish va ishga tushirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, viloyatda istiqbolli loyihalarni shakllantirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash topshirildi.

Shuningdek, tashrif davomida viloyatda kasanachilikni rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligi tahlil etildi. Ushbu yo‘nalishda to‘qimachilik, parrandachilik va bog‘dorchilik sohasida jami 28,2 million dollarlik 44 ta, jumladan, 24 ta keng ko‘lamli loyihalar ishlab chiqildi. Chorvachilik, asalarichilik, quyonchilik va baliq ovlash sohasida qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

«Jizzax» erkin iqtisodiy zonasining mintaqa iqtisodiy rivojlanishining alohida «drayveri» sifatidagi salohiyati o‘rganildi. Guruh faoliyati davomida qator investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish uchun hozirgi vaqtda mavjud muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tegishli boshqarmalar rahbarlariga aniq texnik ko‘rsatkichlar va muddatlarni hisobga olgan holda qo‘shimcha transformator podstansiyalarini qurish, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, avtomatik gaz taqsimlash stansiyalari va gaz quvurlarini barpo etish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish topshirildi. Ushbu choralarning amalga oshirilishi erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari maqomini olgan va hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan korxonalar muammolarini hal qilishga yordam beradi. Shuningdek, erkin iqtisodiy zona hududining bo‘sh qismida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkonini yaratadi.

«Zomin-farm» erkin iqtisodiy zonasining ishga solinmagan ulkan salohiyati mavjudligi aniqlandi. Shu sababli mas’ul rahbarlar tomonidan ushbu hududda ichki va tashqi bozorda xaridorgir, yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan istiqbolli va yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha konstruktiv takliflar tayyorlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Eksport klasterlar modelini joriy etish orqali Jizzax viloyatida bog‘dorchilikni rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Viloyatda meva ekinlari yetishtirish uchun foydalaniladigan jami 11,3 ming gektar, shu jumladan, intensiv bog‘dorchilik uchun ajratilgan 3,9 ming gektar yer maydoni mavjud. 2020 yilda ushbu sohani rivojlantirish uchun qo‘shimcha 4,1 ming gektar yer maydoni ajratilmoqda va bu 2021 yil oxirigacha yillik meva yetishtirish hajmini 130 ming tonnaga ko‘paytiradi, 2019 yilga nisbatan 40 foizga o‘sishini ta’minlaydi. Natijada viloyatda yetishtirilayotgan mevalarni qayta ishlash darajasi 2019 yildagi 10,3 foizdan 2021 yil oxiriga qadar 15 foizgacha ortadi. Loyihalarni moliyalashtirish manbalarini va tashabbuskorlarini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

To‘qimachilik, elektrotexnika hamda qurilish materiallari sanoati iqtisodiy o‘sishning alohida nuqtalari sifatida belgilandi. Misol uchun to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati 257,9 million dollarga teng 31 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 8 ming 218 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Natijada 2021 yilga kelib mahalliy kalava-ipni qayta ishlash darajasi 60 foizga yetadi (o‘sish – 80 foiz). To‘qimachilik matolari tayyorlashda o‘sish – 78 foizni, ip gazlama bo‘yicha o‘sish – 76 foizni, tayyor tikuv trikotaj mahsulotlari bo‘yicha o‘sish – 2,7 baravarni tashkil etadi. Qurilish materiallari sohasida 36 yangi foydali qazilmalar konlarini (marmar oniksi, sement, tabiiy dekorativ toshlar, gips va angidrit, ohaktosh, keramzit, silikat qumi) ishlatishni boshlash va sement, ohak, gips, pishiq g‘isht, qum, tabiiy qoplamali toshlar, gazli beton va temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha umumiy qiymati 4,5 trillion so‘mlik 66 ta investitsiya loyihasidan iborat paket shakllantirilib, 198,1 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida 556 milliard so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshiriladi va natijada 2 ming 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ishchi guruh tomonidan, shuningdek, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan foydalanishning hozirgi holati o‘rganib chiqildi. Bu tizimda hosildorlikning pasayishi tufayli nafaqat baliq ovlashning qisqarishi, balki qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun Sirdaryo daryosidan chuchuk suv ajratilishining ko‘paygani aniqlandi. Bu, o‘z navbatida, hudud yerlarining ortiqcha sho‘rlanishiga olib kelmoqda. Ishchi guruh tomonidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanilishi tahlil qilinib, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, ko‘llar tizimini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish, suv resurslarini tarqatishni elektron tizim orqali optimallashtirish hamda baliq ovlash sanoati uchun kvotalar joriy etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, baliqchilikni yagona tizimga integratsiya qilish mexanizmlarini joriy etish, brakonerlikka qarshi himoya tizimini mustahkamlash va logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, ishchi guruh safar davomida Samarqand viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash borasidagi ishlarning borishi o‘rganildi.

Jumladan, 16,4 trillion so‘mlik 1 ming 268 ta loyihani o‘z ichiga olgan hududiy rivojlantirish dasturi ijrosi tahlil qilindi. 2021 yilning birinchi choragi yakunigacha 10,3 trillion so‘mlik 1 ming 183 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 2021 yil oxiriga borib viloyatda 25 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

To‘qimachilik, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sanoati, ipakchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, hunarmandchilik, asalarichilik va zargarlik sohalarida amalga oshirish uchun 153 ta loyiha ishlab chiqildi. Shundan 27 ta yirik loyiha aholi bilan hamkorlikni rivojlantirish va kasanachilikni tashkil etish orqali ular bandligini oshirishga qaratilgan. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 104,2 million dollarni tashkil etadi.

Safar davomida mintaqadagi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish jarayoni bilan tanishildi. Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasidan jalb etilgan 90 million dollar mablag‘ Samarqand shahri ichimlik suvi ta’minoti tizimini zamonaviylashtirishga, Jahon banki tomonidan ajratilgan 66 million dollar esa viloyat va alohida tarzda Kattaqo‘rg‘on shahrida suv ta’minoti, sanitariya tarmoqlarini qurish, qayta ta’mirlashga yo‘naltirilgani, bu yo‘nalishdagi loyihalarning umumiy miqdori 273,5 million dollarni tashkil etgani ta’kidlandi. Xalqaro moliya institutlarining 117,5 million dollar miqdordagi qo‘shimcha mablag‘lari 6 ta tuman markazlari va shahar tipidagi posyolkalarda oqova tizimlarini qurish va zamonaviylashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Umumiy miqdori 217 million dollarni tashkil etuvchi Samarqand shahri markaziy ko‘chalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, viloyatda asosiy yo‘llarni qurish va jihozlash bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish jadallashadi.

Mutasaddilar «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tahlil qildi. Hududda gilam to‘qish, tayyor charm-poyabzal mahsulotlari, shuningdek, maishiy texnika ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. EIZni kengaytirish uchun unga Urgut va Paxtachi tumanlarida, shuningdek, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida chegaralari aniq belgilangan 730 gektar yer maydonlari qo‘shiladi.

Xorijda yashab, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar imkoniyatlari bilan amalga oshiriladigan qator istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi. Ushbu yo‘nalishda umumiy qiymati 366,1 million dollarlik 43 loyiha rejalashtirildi.

Viloyat iqlim sharoitini hisobga olgan holda mahsulotlarni yetishtirish, yig‘ish, qayta ishlash, saqlash, sertifikatlash va tashish jarayonlarini qamrab oladigan eksport klasterlari modelini keng joriy etish orqali bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishga topshiriq berildi. 2020-2021 yillarda bu loyihalar uchun 3,1 ming gektar, shu jumladan, ilgari paxta va bug‘doy yetishtirish uchun foydalangan 800 gektar maydon ajratiladi. Shu bilan birga, ushbu loyihalar natijasida viloyatda yillik meva ishlab chiqarish hajmi 334 ming tonnadan 431,5 ming tonnaga (30 foiz o‘sish) oshishi kutilmoqda.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, tadbirkorlar mavjud muammolarini hal etish, shuningdek, yuqorida qayd etilgan loyihalarning aniq tashabbuskorlari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash maqsadida ishchi guruh Jizzax va Samarqand viloyatlarida ishni davom ettiradi.

Shu bilan birga, safar davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov boshchiligidagi joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha eksport faoliyati yakunlari, shuningdek, mamlakat ayrim mintaqalarining kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ishlab chiqilgan takliflar videokonferensiya shaklida muhokama qilindi.

Tadbirda joriy yilning 6 oyi davomida mahalliy korxonalar tomonidan 6,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, 950 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi va 85 ta yangi mahsulot turlarining xorijga eksport qilinishi yo‘lga qo‘yildi.

Tarmoq idoralari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining hisobоtlari tinglanib, ular asosida eksport faoliyatini amalga oshirishga xalaqit qilayotgan tizimli muammolar tahlil qilindi. Eksport qiluvchi korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligiga baho berildi. Misol uchun, to‘qimachilik korxonalariga o‘z vaqtida va manzilli tarzda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlar ajratilishi natijasida to‘qimachilik sanoatida 828 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Joriy yilning ikkinchi yarmida mamlakatda qator sohalar va mintaqalar tashqi iqtisodiy faoliyatiga tashqi omillarning ehtimolli salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida amaliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati alohida qayd etildi, ularning fidokorona mehnati tufayli joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida 2,7 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha eksport amalga oshirildi.

Shuningdek, hududlar va tarmoqlarning eksport salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan konstruktiv takliflar muhokama etildi. Mas’ul rahbarlarga barcha mavjud resurslardan foydalanish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovarlarini eksportga yetkazib berishni oshirish maqsadida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan mexanizmlardan to‘liq foydalanish hamda eksport yo‘nalishlari va mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilish topshirildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlari, xususan, So‘x tumanining jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirishga oid vazifalar ijrosi alohida ko‘rib chiqildi. 2020-2021 yillarda ushbu hududda jami 216,1 milliard so‘mlik 98 investitsiya loyihasini amalga oshirish va 4 ming 920 yangi ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishda ishlar allaqachon boshlangani ta’kidlandi – tijorat banklari va investorlar mablag‘lari hisobidan ushbu tumanda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘lar ajratilmoqda.

Videokonferensiya yakunida vazirlik va idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar mas’ul rahbarlariga amalga oshirish muddatlari aniq belgilangan topshiriqlar berildi.