O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

May 16, 2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli madaniyat va san’at namoyandalari!

Bugun yurtimizda katta shodiyona – san’at va madaniyat bayrami. Azim Toshkent shahrining qoq markazida xalqimizning ardoqli farzandi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlab muazzam haykal ochilmoqda.

Mana shu quvonchli voqea munosabati bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari, shogird va muxlislarini, butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Muhtaram do‘stlar!

Muqaddas yurtimiz zaminidan asrlar davomida ne-ne buyuk alloma va shoirlar, adib va me’morlar, muhandis va rassomlar, hofiz va bastakorlar yetishib chiqqanini yaxshi bilamiz. XX asrda ana shunday ulug‘ zotlarning munosib davomchisi bo‘lib Botir Zokirov san’at maydoniga chiqdi.

Barchamizga ma’lumki, u O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirov va xonanda Shohista Saidova oilasida, ziyoli bir muhitda tug‘ilib, voyaga yetgan edi.

Taqdir Botir Zokirovning zimmasiga o‘zbek estrada san’atining asoschisi bo‘lishdek ulug‘vor bir vazifani yukladi va bu vazifani u sharaf bilan ado etdi.

U san’at olamiga qadam qo‘yganida respublika va sobiq ittifoq sahnalarida biri biridan buyuk va betakror xonandalar shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarilib ulgurgan edi. Ana shunday mashhur san’at darg‘alari orasida munosib o‘rin egallash oson emas edi.

Ammo, Alloh taoloning o‘zi Botir Zokirovga ato etgan benazir iste’dod va insoniy fazilatlar tufayli u san’at olamida chinakam mo‘jizalar yaratdi.

Bunday yuksak darajaga erishish uchun u avvalo xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga, mumtoz musiqa merosimiz, milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayandi.

Botir Zokirov hayot mashaqqatlaridan qo‘rqmaydigan, har qanday sharoitda ham faqat ezgu maqsad sari intiladigan beqiyos iroda va matonat sohibi edi.

Xonanda 1955 yilda, ayni kuchga to‘lgan paytida og‘ir dardga yo‘liqdi. Xastalik tufayli bir necha marta g‘oyat murakkab tibbiy operatsiyalarni boshidan o‘tkazdi. Shifokorlar hofizning hayotini saqlab qolish uchun unga qo‘shiq aytishni taqiqlashga majbur bo‘ldilar.

Ammo “Kuylamoq – yashamoq demakdir” degan e’tiqodni hayot mazmuni deb bilgan, ismi jismiga mos o‘zbek o‘g‘loni qo‘shiq aytishdan to‘xtamadi. Qalbidagi ezgu tuyg‘ularni yanada to‘lib-toshib kuyladi. Hech shubhasiz, bunday jasorat, san’atga bunday fidoyilik cheksiz hayrat va tahsinga loyiqdir.

Aziz yurtdoshlar!

Botir Zokirov yashab ijod qilgan murakkab zamonda uning iste’dodi, shon-shuhratiga g‘arazli ko‘z bilan qaraydigan kimsalar ham, afsuski, yo‘q emasdi. Lekin hayotni kurash maydoni deb bilgan bu matonatli inson barcha to‘siqlarni mardona yengib o‘tdi.

Betakror hofizning billurdek tiniq ovozida xalqimizning asriy orzu-armonlari, yorug‘ kunlarga ishonchi baralla yangradi. U qisqa muddatda sobiq sho‘ro makonida millionlab ixlosmandlarga ega bo‘lgan sevimli san’atkorga aylandi. Botir Zokirov SSSRdagi barcha yirik shaharlar, dunyoning manaman degan madaniyat poytaxtlarida o‘zbek san’atini zo‘r muvaffaqiyat bilan namoyish etdi.

Xonandaning ijodiy repertuari uning go‘zal va hassos qalbi singari keng edi. Uni hindlar – hind deb, fransuzlar – fransuz, arablar – arab qo‘shiqchisi deb qabul qilishar edi.

Ayniqsa, 1966 yili Parijga qilgan ijodiy safari Botir Zokirovga olamshumul shuhrat keltirdi. Ushbu shahardagi mashhur “Olimpiya” teatri sahnasiga ko‘tarilib, ikki marta kuylash – e’tibor bering, ikki marta kuylash – dunyoda kamdan-kam ijrochiga nasib etgan. Noyob iste’dodi bilan jahonni zabt etgan bunday afsonaviy san’atkorimiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi.

Qadrli marosim qatnashchilari!

Botir Zokirov juda qisqa – bor-yo‘g‘i 49 yil umr ko‘rdi. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi. Salkam 30 yillik faoliyati davomida o‘zidan rang-barang va boy ijodiy meros qoldirdi. O‘lmas hofizimizning sehrli ovozi yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borib, san’atimiz oltin fondidan, xalqimiz qalbidan mustahkam o‘rin egalladi.

U umr bo‘yi yangilikka intilib yashagan, izlanishdan charchamaydigan, odamlarga mehribon, olijanob bir inson edi. Sharq folklori va zamonaviy estrada san’atini uyg‘unlashtirib, “Myuzik-xoll” ijodiy jamoasini tashkil etgani, xonanda va kompozitor sifatida ko‘plab iste’dodli yoshlarga mehr ko‘rsatib ustozlik qilganini alohida ta’kidlash lozim.

Xususan, respublikamizda xizmat ko‘rsatgan “Yalla” ansamblining tashkil topishida Botir Zokirovning xizmatlari beqiyosdir. Mana, 50 yildirki, ushbu musiqiy jamoa va uning rahbari, 6 ta mamlakatning “Xalq artisti” degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan mashhur xonandamiz Farrux Zokirov jonajon O‘zbekistonimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etib kelmoqda.

Bugungi davramizda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirovani, Ravshan va Bahodir Zokirovlarni, Zokirovlar sulolasining boshqa ko‘plab vakillarini ko‘rib turganimdan xursandman. Ayniqsa, Gavhar Zokirovaning ma’naviyatimiz fidoyisi sifatida ko‘plab shahar-qishloqlarimizni kezib amalga oshirayotgan ezgu ishlari, yosh avlod tarbiyasi yo‘lidagi katta xizmatlari uchun chin qalbimdan tashakkur bildiraman.

Muhtaram do‘stlar!

Botir Zokirov tom ma’noda vatanparvar inson edi. Ona O‘zbekistonimizni, azim Toshkentni cheksiz farzandlik mehri bilan sevar, mahoratli rassom, talantli adib va aktyor sifatidagi faoliyatida ham Vatanga muhabbat tuyg‘usi jo‘sh urib turar edi.

U o‘tgan asrning 70-yillarida xalq qahramoni Spitamen haqida “So‘g‘d elining qoploni” opera librettosini yaratgan va bu asar Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatrda muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan edi.

Bularning barchasi Botir Zokirovning olmosdek serqirra iste’dod egasi bo‘lganini tasdiqlaydi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Inson qadrini ulug‘lash – Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Ayni shu maqsadda buyuk san’atkorimiz Botir Zokirovning so‘nmas xotirasini e’zozlash, uning ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yili alohida qaror qabul qilinib, xonandaning 85 yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi.

Botir Zokirov tahsil olgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan mana shu go‘zal va obod ko‘chaga u kishining tabarruk nomi berildi. Ulug‘ hofizimiz nomidagi milliy mukofot ta’sis etildi, estrada ijrochilarining respublika ko‘rik-tanlovi muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Botir Zokirov haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratilmoqda, ilmiy anjumanlar, ijodiy uchrashuv va kechalar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida, ko‘rib turganingizdek, Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati instituti barpo etildi. Ushbu oliygohda tahsil olayotgan navqiron yoshlarimiz orasidan Botir Zokirov kabi ulug‘ san’atkorlar albatta yetishib chiqadi, deb ishonamiz va ularning barchasiga omad va zafarlar tilaymiz.

Yaqinda Botir Zokirovning xotira kechasi mamlakatimiz jamoatchiligi hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan, u kishining do‘stlari bo‘lmish atoqli san’atkorlar ishtirokida katta shodiyona sifatida o‘tkazildi.

Ushbu musiqiy anjuman xalqimizning o‘z ardoqli farzandiga bo‘lgan yuksak ehtiromining yana bir yorqin namoyoni bo‘ldi.

Muhtaram do‘stlar!

Albatta, bugun sizlarning ishtirokingizda ochilayotgan ushbu muhtasham haykal Botir Zokirov xotirasiga o‘rnatilgan ramziy bir timsoldir.

Ayni paytda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atni ravnaq toptirish yo‘lida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulug‘ ijodkorga eng munosib yodgorlik bo‘ladi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Hozirgi kunda yurtimizdagi yuzlab musiqa va san’at maktablarida, texnikum va kollejlar, madaniyat yo‘nalishidagi institutlarimizda, konservatoriyamizda minglab iste’dodli yoshlarimiz bilim va tarbiya olmoqda. Biz ana shunday iqtidorli o‘g‘il-qizlarimizni milliy san’atimiz vorislari, barkamol, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazsak, atoqli san’atkorimizning ruhi albatta shod bo‘ladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy san’atimiz tarixida butun boshli bir davrni tashkil etadi.

Ulug‘ san’atkorimizning xotirasini abadiylashtirish, boy merosini chuqur o‘rganish va jahon miqyosida targ‘ib qilish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ushbu masala bo‘yicha yangi qaror loyihasini tayyorlash topshiriladi.

Qarorda, jumladan, Toshkent shahrida Botir Zokirov memorial muzeyini barpo etish, estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik-tanlov tashkil qilish, madaniyat va san’at oliy o‘quv yurtlarining talabalari uchun Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasini joriy etish, “Botir Zokirov” badiiy filmini yaratish, Botir Zokirov nomidagi jamg‘arma va Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ko‘zda tutilishi lozim.

Fursatdan foydalanib, ushbu hududni obod etishga munosib hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizga, qo‘li gul quruvchi va muhandislar, haykaltarosh va me’morlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Barchangizni bugungi shodiyona kun bilan yana bir bor tabriklayman. Bu joy poytaxtimiz aholisi va mehmonlari uchun qutlug‘ ziyoratgohga aylanadi, deb ishonaman.

Dunyoga Botir Zokirovdek buyuk zotlarni bergan xalqimiz omon bo‘lsin!

Milliy san’atimiz doimo gullab-yashnasin!