Italiyaning “Benetton Group” kompaniyasi tomonidan “Luciano Benetton Collection – Imago Mundi” kollektsiyasidagi zamonaviy o‘zbek rassomlarining 140 ijodiy ishlarini o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston/Yo‘llar” deb nomlangan to‘plam chop etildi.
Shuni qayd etish joizki, ushbu kollektsiya “Benetton Group” asoschisi Luchano Benettonning dunyo bo‘ylab sayohatlari chog‘ida uning buyurtmasi asosida tayyorlangan va saralangan 10×12 sm o‘lchovidagi to‘plam hisoblanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa “bilimni va san’atni anglash, shu jumladan, butun dunyo san’atini ilgari surish” vositasida ijodiy asarlar katalogini tuzish bilan izohlanadi. Ushbu yirik loyiha dunyodagi 80 mamlakat rassomlarining 10 mingdan ziyod asarlarini o‘z ichiga olgan.
“Benetton Group” 1965 yili L.Benetton tomonidan tashkil qilingan. Bugungi kunda kompaniya o‘zining 5 mingdan ziyod savdo shahobchalari tarmog‘i bilan jahonning 120 mamlakatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur to‘plam 2015 – 2016 yillarda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, «Chorsu» art-galereyasi (Samarqand), Kamoliddin Behzod nomidagi san’at muzeyi (Buxoro) va o‘zbek rassomlari ko‘magida tuzilgan.
“Jahon” AA,
Rim


























