Toshkentda “Chegara bilmas maqom” nomli xalqaro qo‘shma konserti bo‘lib o‘tdi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Oktabr 14, 2025

Toshkentda “Chegara bilmas maqom” nomli xalqaro qo‘shma konserti bo‘lib o‘tdi

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining katta zalida Buyuk Britaniyaning SOAS universiteti bilan hamkorlik doirasida “Chegara bilmas maqom” nomli xalqaro qo‘shma konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konsert O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan madaniyat va san’at sohasidagi xalqaro hamkorlik siyosatining amaliy ifodasidir.

Musiqiy dasturning ochilishida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda milliy merosni asrab-avaylash, maqom san’atini jahon miqyosida targ‘ib etish va yosh avlod qalbida milliy g‘urur tuyg‘usini shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

“Chegara bilmas maqom” konserti shu ezgu siyosatning yana bir yuksak namunasi bo‘lib, unda o‘zbek va uyg‘ur maqomlarining boy ohanglari, musiqiy uyg‘unligi va madaniy hamjihatlik ruhi aks etdi.

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti institut rektori vazifasini bajaruvchi  Eldor Shermanov mazkur konsert san’atning millatlar, madaniyatlar va tillar o‘rtasidagi ko‘prik ekanini, bugungi hamkorlik esa xalq diplomatiyasining yorqin namunasi sifatida alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Musiqiy dasturida taniqli ijrochilar — Abror Zufarov, Go‘zal Mo‘minova, Saniyam Ismoil, Bahodir Omarjon va Sherzod Nazarov ijrosida o‘zbek va uyg‘ur maqomlarining nafis ohanglari yangradi. Ularning har bir chiqishi san’at ixlosmandlari, xalqaro mehmonlar va talabalar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Tadbirda Buyuk britaniyalik  professori, “ Maqom Beyond Nation” xalqaro loyihasi rahbari Rachel Harris, Fransiyaning Tuluza universiteti professori Muqaddas Mijit, shuningdek, institutning professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari, madaniy jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro madaniy almashinuvni yanada chuqurlashtirish, ilmiy hamkorlikni izchil davom ettirish hamda yosh ijrochilar uchun qo‘shma xalqaro loyihalar yaratish borasida kelishuvga erishdilar.

Mazkur xalqaro konsert O‘zbekistonning jahon madaniy makonidagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etib, milliy musiqa merosimizni keng targ‘ib etish, Sharq musiqiy tafakkurining chuqur qatlamlarini zamonaviy badiiy ifoda bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi izchil harakatlarning mantiqiy davomiga aylandi.

Bu jarayon san’atni insoniyatni birlashtiruvchi ma’naviy qadriyat sifatida yuksak pog‘onaga ko‘tarmoqda.  O‘zbekistonning madaniy diplomatiya yo‘lidagi sa’y-harakatlariga munosib hissa qo‘shmoqda.

Tadbir yakunida xalqaro mehmonlar institut jamoasiga samimiy minnatdorlik bildirar ekan, bu hamkorlikning nafaqat ilmiy va ijodiy, balki madaniy-diplomatik jihatdan ham samarali natijalar berishiga, o‘zaro do‘stlik va ishonch rishtalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdilar.

O‘zA