Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab “Islom Karimov – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti” mavzuida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda taniqli olim va mutaxassislar, kasb-hunar ta’limi tizimi o‘qituvchi va o‘quvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining rafiqasi T.Karimova, Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari M.Quronov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning buyuk farzandi, mustaqilligimiz asoschisi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotirasiga yuksak ehtiromning yaqqol namunasi ekanini ta’kidlab, qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan mamlakatimizda izchil ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Bunday insonning xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish ham sharaf, ham farzdir. Zero, Vatanimiz, xalqimizga butun borlig‘ini baxshida qilib, fidoyilik ko‘rsatib yashagan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning ibratli hayoti va faoliyati mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida, mustaqillikka sadoqatli qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.

Tadbirda “O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, mamlakatimiz Birinchi Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirdi.


























