Mamlakatimizda tinch-totuv va ahil-inoq istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizning 130 dan ortiq millat va elat vakillari ekani ko‘p ham xayolimizga kelavermaydi. Sababi oddiy, yurtimizda olib borilayotgan odilona siyosat ona diyorimizdagi osoyishtalik, ijtimoiy barqaror, o‘zaro mehr-oqibat muhiti millatidan qat’i nazar, barchani shu tabarruk zamin ravnaqi, uning istiqboli yo‘lida yakdil bo‘lib mehnat qilishga chorlovchi asosiy omildir. Yurtdoshlarimizning bari o‘zi, oilasi, farzandlarining taqdiri, baxtu iqbolini, ertangi kunini jonajon O‘zbekistonimizning taraqqiyoti, uning istiqboli bilan chambarchas bog‘lagan.
Millatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitining mustahkam shakllangani yurtimizda milliy madaniy markazlarning erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishi yo‘lida yaratilgan ulkan sharoit va imkoniyatlar bilan ham bevosita bog‘liq. Yurtimizdagi milliy madaniy markazlar safida Respublika tojik milliy madaniy markazi ham yosh avlodni vatanpavarlik, fidoyilik, bag‘rikenglik, yurt taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘ularida tarbiyalashga faol hissa qo‘shib kelmoqda.
Bugungi O‘zbekiston zamini azaldan turli millat va diniy konfessiya vakillari ahil-inoq yashagan, do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat va saxovatda o‘rnak bo‘lib kelgan. Yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari orasida tojiklar ham borligi, ikki xalqning do‘stligi, an’ana va urf-odatlari, e’tiqodi, yashash tarzi, hayotiy qarashlarida mushtaraklik mavjudligi tarixiy, adabiy, ilmiy-ma’rifiy manbalardan yaxshi ma’lum.
Maktablarimizda tojik tilida ham o‘qish imkoniyati mavjud. Bu tilda chop etilayotgan nashrlarning o‘z o‘quvchisi, efirga uzatilayotgan teleko‘rsatuv va radio eshittirishlarning doimiy auditoriyasi bor. Bir qator oliy o‘quv yurtlarida tojik filologiyasi o‘qitiladi.
–Millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini ta’minlashdagi ulkan e’tibor bizning markaz faoliyatida ham o‘z ifodasini topmoqda, – deydi Respublika tojik milliy madaniyat markazi raisining o‘rinbosari Tojiboy Ikromov. – Faoliyatiga 10 yil to‘lgan ushbu markazning tarkibiy tuzilmasida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Jizzax viloyatlaridagi hududiy bo‘linmalari, shuningdek, Buxoro viloyatida «Oftobi So‘g‘diyon», poytaxtimizdagi «Oriyono», Chirchiq shahrida «So‘g‘diyon» markazlari ishlab turibdi.
Markaz tomonidan «Avesto»ning 2700 yilligi, Abulqosim Firdavsiy, Abu Abdullo Ro‘dakiy, Jaloliddin Balxiy Rumiy, Mir Sayid Ali Hamadoniy, Abdurahmon Jomiy, Sadriddin Ayniy kabilarning hayoti va ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan adabiy tadbirlar ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Shu bilan birga, asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan To‘xtamish To‘xtayev, Abdullo Subhon, Ja’far Muhammad, Fayz Mahmud, Yunus Imomnazar, Muhammadjon Shodiyev, Asadullo Shukurov singari ijodkorlar bilan uchrashuvlar ham muxlislarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Markaz tomonidan har yili tojik tili kuni, tojik xalqining tarixi va madaniyati bo‘yicha ijodiy tanlovlar, adiblar bilan uchrashuvlar, mushoiralar, rassomlar, xalq amaliy san’ati ustalari ijodi yuzasidan ko‘rgazmalar, har ikki xalq adabiyoti, san’ati va madaniyatiga oid adabiyotlar ekspozitsiyalarining muntazam tashkil etilishi yaxshi an’anaga aylangan. Markaz faollari, uning tarkibidagi badiiy jamoalar «O‘zbekiston – umumiy uyimiz», «Shu aziz Vatan – barchamizniki!» kabi do‘stlik festivallarining doimiy ishtirokchisi. Har yili Toshkentdagi «Do‘stlik bog‘i»da bo‘lib o‘tadigan Navro‘z saylida barcha dildan yayraydi. Sababi, bu ayyom Vatanimizdagi barcha millat va elatlar – butun O‘zbekiston xalqining birdamligi, ahilligi va do‘stligining o‘ziga xos ramziga aylangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy madaniy markazlar faoliyatiga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor ushbu tuzilma faoliyatini davr ruhiga hamohang yo‘lga qo‘yishda, qiziqarli, rang-barang festival, ijodiy loyihalar, tanlovlar, konsert dasturlari, umrboqiy an’ana va qadriyatlar tarannumiga bag‘ishlangan kechalar tashkil etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ushbu jihat markaz faollarining yanada samarali mehnat qilishi, o‘z san’ati, ijodi, faoliyati bilan yurt taraqqiyotiga ko‘proq hissa qo‘shishida asosiy omil bo‘layapti.
–O‘zbek va tojik xalqlarini bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva. – Bu ikki xalq azaldan quda-anda bo‘lib kelgan. Axir ularning tafakkuri, turmush tarzi, e’tiqodi va qarashlari ham mushtarak. 2017 yil kuzda Tojikistonning Konibodom shahrida bo‘lib o‘tgan musiqa anjumanida qo‘shni yurt ahli o‘zbek milliy musiqa san’atini nechog‘li yuksak qadrlashi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Ko‘plab uchrashuvlar, mahorat saboqlari, ijodiy muloqotlar, konsertlar ikki xalqning san’ati va madaniyati naqadar yaqin va mushtarak ekanini ko‘rsatdi. To‘y-tantanalar, musiqiy kechalarda birgalikda maqomlardan namunalar, yor-yorlar kuylash nasib etaversin.
–Buxoro viloyatida tug‘ilganman, – deydi mohir bastakor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Mustafo Bafoyev. – Tariximiz, musiqa san’atimiz, adabiyotimiz biri-biriga g‘oyat mushtarak. Ulug‘ mutafakkirlar Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik munosabatlari tobora mustahkamlanib, ijodiy hamkorlikka aylangani tarixdan yaxshi ma’lum. O‘zbek xalqining sevimli adibi Sadriddin Ayniy o‘z asarlarini ikki tilda yaratgan. Yurtimizda ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar tufayli «Umar Xayyom», «Al-Farg‘oniy», «Xamsa» singari asarlarim Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida muvaffaqiyat bilan namoyish etilmoqda. Shu bilan birga, Dushanbe shahridagi Sadriddin Ayniy nomidagi opera va balet teatri uchun ham operalar yozdim. O‘zbek va tojik azaldan et bilan tirnoq kabi totuv, qarindosh, yakdil xalq. Bu jihatlar nainki ijodkorlarning o‘zaro hamkorligiga, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, ahillik, mehr-oqibat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Mohir rejissyor Baqo Sodiqovning kartinalari yurtimiz va xorijda ham kino muxlislariga yaxshi ma’lum. 2018 yilning 26 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti topshirilganida ijodkor quvonchu hayajonining chegarasi yo‘q edi.
–Prezidentimizning xalqimiz og‘irini yengil qilish, odamlarning ko‘nglini olish yo‘lidagi ezgu intilishlari mening ham taqdirimda ijobiy ifodasini topdi, –deydi Baqo Sodiqov. – Men shu zaminda dunyoga kelganman. Shu tabarruk yurtning fuqarosi bo‘lish qalbimga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. O‘zbekistonda turli millat va elat vakillarining inoqlikda istiqomat qilishi, yurtimizda bugungi kunda kechayotgan shiddatli o‘zgarishlar, ayniqsa, madaniyat va san’at, ta’lim, ma’naviyat va ma’rifat rivoji yo‘lidagi ulkan g‘amxo‘rliklar xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda. Yurtimizning gullab-yashnashiga, undagi tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga, kechayotgan ijobiy islohotlar rivojiga hissa qo‘shish shu diyorda yashayotgan barchamizning muqaddas burchimizdir.
Markaz faollaridan biri Saodat Beknazarova poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Alixonto‘ra Sog‘uniy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Opaning aytishicha, bundan 28 yil muqaddam uning yaqinlari xonadoniga tushgan kelin uchun endi Tojikistonga qarindoshlari holidan xabar olish imkoni paydo bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining qo‘shni davlatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga doir sa’y-harakatlari qancha-qancha oilalar yana diydor ko‘rishishi, qardoshlik, ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
…Davrada jo‘shqin kuy-qo‘shiq yangraydi. Dilbar she’rlar g‘azallarga ulanadi. Mushoira, muloqotlar hali uzoq davom etadi. Bularning barchasi yurtimizdagi tinch va osuda, baxtiyor, to‘kin va farovon hayotning amaliy ifodasidir.

























