O‘zbekiston Prezidenti “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi
Konstitutsiyaviy qonun davlatning huquqiy iyerarxiyasida Konstitutsiyadan keyin turadi. Bu shuni anglatadiki, hech bir idora, hech bir yo‘riqnoma, hech bir qonunosti hujjati uning normalariga zid kelishi mumkin emas. Investor uchun, ayniqsa, xalqaro investor uchun bu huquqiy kafolatning oliy shaklidir: kapital ertaga uni tortib ololmaydigan joyga boradi.
Bundan tashqari, ushbu hujjatning imzolanishi bilan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga mamlakat hududida alohida huquqiy rejimlarni yaratish imkoniyatini mustahkamlovchi tuzatishlar kiritildi. Shuningdek, Jinoyat, Fuqarolik, Soliq va Bojxona kodekslariga, banklar, qimmatli qog‘ozlar, investitsiyalar, audit to‘g‘risidagi qonunlarga va boshqa ko‘plab hujjatlarga tuzatishlar kiritildi.
Konstitutsiyaning 15-moddasi alohida zonalarda mamlakatning yagona huquqiy makoni doirasida maxsus huquqiy rejim o‘rnatilishi mumkinligi to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirildi. Bu Asosiy qonunga zid bo‘lmagan holda, O‘zbekiston ichida boshqa qoidalarga ega bo‘lgan yurisdiksiya sifatida markazning mavjudligini qonuniylashtiradi.
Konstitutsiyaning 131-moddasi Toshkent xalqaro tijorat sudi uchun konstitutsiyaviy asos bo’lgan maxsus huquqiy rejim zonalarida ixtisoslashtirilgan sudlar tashkil etilishiga yo‘l qo‘yadigan norma bilan to‘ldirildi.
Toshkent xalqaro moliya markazi o‘z faoliyatini boshlagandan keyin o‘zboshimchalik bilan qisqartirilishi mumkin bo‘lmagan, chegaralari aniq belgilangan mustaqil birlik sifatida tashkil etiladi.
Markaz huquqiy tizimi asosida Angliya huquqi va Angliya hamda Uelsning adolat tamoyillari yotadi. Dunyodagi eng yirik moliya markazlari aynan shu tizim asosida ishlaydi. U global banklar, investitsiya fondlari va transmilliy korporatsiyalar uchun tushunarli va odatiy holdir. Boshqacha aytganda, bu xalqaro kapital tili.
Markaz organlari tomonidan qabul qilinadigan barcha qarorlar rasmiy reyestrda ingliz tilida e’lon qilinadi, bu esa xorijiy ishtirokchilar uchun muhim signal hisoblanadi. Ko‘pincha bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan tarjima to‘sig‘i bu yerda avvalboshdanoq bartaraf etilgan.
E’tiborli jihati, Toshkent xalqaro moliya markazi doirasida ishonch institutiga aylanadigan Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etildi. Sud to‘liq mustaqil bo‘lib, hech qanday idora yoki davlat organi unga ko‘rsatmalar berishga yoki uning faoliyatiga aralashishga haqli emas. Sudyalar har qanday davlat fuqarolari: xalqaro savdo huquqi, moliya, texnologiya, arbitraj sohasidagi mutaxassislar bo‘lishi mumkin, bu esa dunyoga mashhur va obro‘li sudyalarni jalb qilishga yo‘l ochadi.
Yana shunisi muhimki, Toshkent xalqaro tijorat sudining qarorlari O‘zbekistonning butun hududida ijro etilishi majburiydir va qat’iy belgilangan hollardan tashqari mamlakatning oddiy davlat sudlari tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas. Sud birinchi instansiya sudi va apellyatsiya sudidan iborat.
Qonun bilan markaz ishtirokchilari uchun himoya mexanizmlarining aniq va to‘liq ro’yxati belgilanmoqda. Avvalo, sud tartibidan tashqari va qonunga qat’iy muvofiq ravishda aktivlarni musodara qilish, natsionalizatsiya qilish, ekspropriatsiya qilish va muzlatish taqiqlanadi.
Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilariga O‘zbekiston Markaziy banki bilan birgalikda Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi tomonidan belgilangan doirada kapital harakati erkinligi, xorijiy valyuta va raqamli aktivlarda operatsiyalarni amalga oshirish huquqi kafolatlanadi. Kapitalni erkin repatriatsiya qilish huquqi, ya’ni foydani ma’muriy to‘siqlarsiz chet elga olib chiqish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Soliq va bojxona rejimi to‘g‘risidagi normalar alohida blokda bayon etilgan. Markaz organlari va ular nazorati ostidagi tuzilmalar foyda solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lashdan ozod qilingan. Imtiyoz 2076-yil 1-yanvargacha, ya’ni 50 yilga mustahkamlangan. Bu taktik rag‘bat emas, balki avlodlar almashinuviga mo‘ljallangan strategik kafolatdir.
Markaz doirasida ishtirokchilar ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xizmatlar ro‘yxati zamonaviy moliya sanoatining butun spektrini qamrab oladi. Bular bank va sug‘urta faoliyati, investitsiya va pensiya jamg‘armalarini boshqarish, trast tuzilmalari, lizing, kraudfanding, islomiy moliya, raqamli aktivlar bilan ishlash, market-meyking, barcha toifadagi qimmatli qog‘ozlar – aksiyalar, obligatsiyalar, sukuk, derivativlar bilan operatsiyalardir.
Moliya sektoridan tashqari audit, konsalting, yuridik va buxgalteriya xizmatlari, korporativ boshqaruv, moliyaviy sohadagi texnologik startaplar (fintech) faoliyatiga ruxsat berildi. Xolding kompaniyalari, maxsus maqsadli tuzilmalar, g‘aznachilik kompaniyalari tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qonun bilan Toshkent xalqaro moliya markazida ishlayotgan chet el fuqarolari uchun alohida viza rejimi o‘rnatilmoqda. Kirish vizasini besh yilgacha muddatga, bevosita Toshkent xalqaro aeroportida olish mumkin. Xorijiy mutaxassislar O‘zbekistonda ishlash uchun ruxsatnoma olmasdan ishga qabul qilinishi mumkin, bu esa global kadrlarni jalb qilishni sezilarli darajada osonlashtiradi.
Toshkent xalqaro moliya markazi to‘rtta organ: Markaz kengashi, ma’muriyati, moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudi orqali boshqariladi. Ularning har biri qat’iy belgilangan vakolatlar doirasida harakat qiladi va bir-birining vakolat doirasiga aralashishga haqli emas.
Kengash tarkibi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Kengash a’zolarining kamida uchdan bir qismi O‘zbekiston hukumati tizimida hech qachon lavozimni egallamagan xalqaro moliya va huquq sohasidagi mustaqil mutaxassislar bo‘lishi kerak. Bu boshqaruv organining navbatdagi ma’muriy tuzilmaga aylanishidan sug‘urta qilishdir.
Kengash a’zolari (raisdan tashqari) besh yil muddatga tayinlanadi va faqat qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgandagina muddatidan oldin chetlashtirilishi mumkin. Boshqaruv organi tarkibining barqarorligi – bozor ishtirokchilari uchun bashorat qilishning yana bir shaklidir.
Shunday qilib, Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi shunchaki navbatdagi iqtisodiy rivojlanish loyihasi emas. Bu oliy huquqiy darajada mustahkamlangan niyatlar bayonotidir. O‘zbekiston global moliya tizimining bir qismi bo‘lishni istaydi va bunga tayyor.
Yarim asrlik soliq imtiyozlari, ingliz huquqi, mustaqil xalqaro sud, kapitalni himoya qilishning konstitutsiyaviy kafolatlari, viza imtiyozlari – bu elementlarning har biri alohida-alohida raqobat ustunligidir. Birgalikda ular uzoq muddatli, institutsional, aqlli kapitalni jalb qila oladigan tizimni shakllantiradi.
Dunyo AA


























