So‘ngi vaqtlarda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xalqaro ekspertlar, siyosatshunoslar, tahlilchilar, Markaziy Osiyo mintaqasi bilan qiziquvchi tomonlar O‘zbekistonda kechayotgan mazkur o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib, olib borilayotgan islohotlar haqida o‘z xulosalarini bayon etmoqda.
O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati va nohukumat tashkilotlar faoliyati, ta’lim sohasidagi muammolar, yangi qarorlar hamda axborot vositalari, jurnalistika olamida kuzatilayotgan va kuzatilmayotgan siljishlar haqida xalqaro miqyosda turli doiralarda tashkil etilayotgan muloqotlarda soni so‘nggi vaqtlarda birmuncha ortdi.
Ana shunday davra suhbatlari Vashingtonda ham tashkil etilib, muloqot davomida yirik tahlil markazlari vakillari «O’zbekistonda islohotlar davri endi boshlanmoqda», deya xulosa qilmoqda.
Fred Starr (Fred Starr), Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari, Vashingtonning mintaqa bo‘yicha yetuk mutaxassislardan. Starr Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha ko‘plab ilmiy maqolalar va kitoblar muallifi. Uzoq yillar davomida AQShning nufuzli ilm dargohlarida dars bergan, jumladan, Jons Xopkins universitetida. Starr “Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi va uning kelajagi shimoldagi qo‘shnilar ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq”, deya integratsiyaga undab keladi.
— Mintaqa tarixi, siyosiy va madaniy ongi, qolaversa, mavjud vaziyat haqida yaxshi bilish uchun hukumatlar bilan muloqot qilmay turib, biror hudud va xalq haqida aniq ma’lumot yig‘ish mumkin emas.
Nazarimda O‘zbekistonda boshlangan islohotlar real, biroq ularning qancha davom etishi, o‘zgarish uchun xohish qanchalik keng va chuqur ekanini jarayonni qadamma-qadam kuzatmay bilish qiyin. Mamlakat oldida ulkan dovonlar turibdi. Islohot dasturlarini ko‘zdan kechirib, ularga yordam berish kerak.
O‘tgan bir yil ichida bir narsa oydinlashdi. Markaziy Osiyoning besh davlati va Afg‘oniston birga ishlashga qodir va buning uchun xohish yetarli. Ular agar “biz birlashmasak, boshqalar bundan foydalanib, bizning manfaatlarimizni chetga uloqtirib, bizni o‘z foydalari uchun ishlatishadi”, deya ochiq aytmoqda.
Bu davlatlar har bir mamlakatning tashqi siyosatida mintaqaviy manfaatlarni hisobga olish va o‘zaro kelishuv asosida harakat qilishga ahd qilishgan. O‘zbekiston va Qozog‘iston, mintaqaning ikki yirik respublikasi yetakchilikni qo‘lga olayotgani ijobiy holdir.
Richard Vaytz (Richard Weitz), Gudzon instituti olimi, Evropa, Evrosiyo va Sharqiy Osiyodagi siyosiy va harbiy masalalar bo‘yicha ekspert, AQSh davlat xavfsizligi bilan bog‘liq mavzular tahlilchisi. Vaytz Rossiya, Xitoy, Eron va AQSh tashqi siyosati haqida o‘nlab maqolalar yozgan. Markaziy Osiyo G‘arb uchun strategik jihatdan qanchalik muhim ekaniga urg‘u berib keladi. Vaytz O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda bir necha bor safarda bo‘lgan.
— Toshkent harbiy tashkilotlarga bosh qo‘shmoqchi emas va o‘z hududiga ham xorijiy qo‘shin kiritmaslik qarorida qat’iy. Mazkur pozitsiya o‘zgarmas ekaniga ishonch yetarli.
Yirik davlatlar bilan jumladan, Rossiya, Xitoy, AQSh, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan aloqa unchalik o‘zgarmagan. O‘zbekistonning NATO va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti singari katta siyosiy bloklar bilan hamkorligida yangilik yo‘q.
Menga ma’lum bo‘lgan jihatlar shuki, Prezident Mirziyoyev nazarida dunyo bilan aloqalarni tebratish uchun mas’ul Tashqi ishlar vazirligi o‘z oldidagi vazifalarni hozirgi holida bajarishga qodir emas. Yanvar oyining o‘rtasida Prezident vazirlik haqida qilgan majlisida vazirdan tortib elchilar, diplomatlardan tortib boshqa tegishli mutasaddilarni layoqatsizlikda, ishiga nisbatan loqaydlik va uquvsizlikda ayblab, hukumatning bu qismini tubdan isloh qilishga bel bog‘laganini aytdi. Yaqin kelajakda bu borada ham katta o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonch bildirdi, Prezident.
Shon Roberts (Sean Roberts), Jorj Vashington universiteti professori, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligida ishlagan, xususan, Markaziy Osiyodagi loyihalar amaliyoti bilan shug‘ullangan. Siyosiy-ijtimoiy mavzularda ilmiy ishlari bilan tanilgan mintaqashunos. Evrosiyo va Xitoy hamda turkiy xalqlar hayoti uning asosiy e’tiborida. O‘zbekistonga yaqinda safar qilib, bugungi muhit bilan tanishgan.
— O‘zbekistonda nohukumat tashkilotlar faol, lekin ular aslida mustaqil emas, hukumat nazoratidagi va qo‘shtirnoq ichidagi fuqarolik jamiyati hisoblanadi. Bu jihatdan, hali katta o‘zgarishlar sezilmaydi, lekin mazkur tashkilotlar jamiyatdagi muhim masalalarga yechim qidirish, aholiga yordam berish va imkon qadar o‘z takliflarini olg‘a surish bilan mashg‘ul bo‘layotgani quvonarli.
Demokratik muhitlarga xos, tom ma’noda mustaqil va o‘z g‘oya va maqsadlarini olg‘a sura oladigan fuqarolik jamiyati shakllanishi uchun O‘zbekistonda hali ko‘p o‘zgarishlar bo‘lishi lozim.
Sebastiyan Peyruz (Sebastien Peyrouse), Jorj Vashington universiteti professori, Fransuz tadqiqotchisi, siyosat va taraqqiyot masalalarini o‘rganadi. Peyruz O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardan izlanishlar olib borgan. Mintaqa haqida o‘nlab ilmiy-tahliliy maqolalar yozgan. Markaziy Osiyo qatorida Kavkazdagi vaziyatga ham qiziqadi. Geosiyosat, mafkura, din va ta’lim Peyruzning diqqat markazida.
— Ilm-fan, ta’lim yo‘nalishda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda va yangi siljishlar kutilmoqda. Prezident Mirziyoyev aynan ta’limga tinimsiz urg‘u bermoqda. Shaxsan o‘zi tub muammolarni ko‘tarib chiqayotir, oiladan tortib bog‘chagacha, boshlang‘ich sinfdan tortib o‘rta maktab, kasb-hunar o‘quv yurtlari, universitetlardagi ta’lim sifatini oshirish zarurligi haqida gapirmoqda.
O‘zbekistonda oliy ta’limga talab katta, lekin sharoit yo‘q. Universitet va institutlarda o‘qish aksariyat aholining moliyaviy qurbi yetmaydigan imkoniyat. Ta’lim haqqi yil sari osmonga chiqar ekan, respublikaga zarur kadlarni yetishtirish ham qiyinlashaveradi. O‘qituvchilarning maoshi juda past ekani ham muhim omil. Korrupsiya eng chuqur ildiz otgan sohalardan biri ham shu.
Navbahor Imomova, «Amerika Ovozi» telejurnalisti, uzoq yillardan beri AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati va mintaqa bilan aloqalarini yoritib keladi. Vashingtonda tanilgan o‘zbek mutaxassis. Kasbiy faoliyatini O‘zbekistonda boshlagan. Hindiston va AQSh universitetlarida jurnalistika sohasini o‘qigan. Garvard universitetining davlat boshqaruvi bo‘yicha Jon Kennedi nomidagi oliy maktabini bitirgan.
— Onlayn, ya’ni internetda asoslangan axborot manbalari faollashdi va rang-baranglashdi – mazmun va ko‘lam jihatdan. O‘zbekistondagi hayotni kengroq yoritishga intilayotgan, qiziqarli materiallar berayotgan, mahalliy manbalarga tayanib, muntazam axborot uzatayotgan vositalar ko‘paydi.
Jamoatchilik fikriga e’tibor oshdi. Mahalliy mutaxassislar, jamoatchi faollar va oddiy fuqarolar ham bugun O‘zbekiston axborot vositalarida ko‘proq so‘zlamoqda, fikr almashmoqda. Bu uzoq yillar faqat rasmiy xabarlarni berish bilan band bo‘lgan matbuot uchun progress.
Erkinlik sha’badasi esa boshladi, deydigan jurnalistlar ko‘p, lekin malaka va uquv pastligi tub muammo bo‘lib qolmoqda. O‘tkir jurnalistlar yetishtiradigan dargohlar vujudga kelishi kerak. Jurnalistika ta’limida islohotlar zarur.
Achinarlisi, hukumatning axborot vositalariga nisbatan munosabati va yondashuvi o‘zgarmagan. Davlatning ishi ularni nazorat qilish emas, ularni o‘ziga bo‘ysundirish, axborot oqimini to‘sish emas, balki xalqqa uning faoliyati haqida haqqoniy va xolis xabarlar yetib borishini ta’minlashdan iborat bo‘lishi kerak.
Dunyoda hukumat borki, informatsion ta’sirga ega bo‘lishni xohlaydi va shunga harakat qiladi. Lekin bu jurnalistlarning erkinligini bo‘g‘ish yoki axborot vositalarini o‘z izniga olish degani emas. Bugungi O‘zbekistonda hamon shunga guvohmiz va erkinlikka erishish yo‘lida qilinadigan ishlar talaygina.
Islohotlar samara bersin desak, nafaqat jurnalistlar balki hukumatning o‘zi ham professionallashishi kerak. Xalq ishonchli axborotga ega bo‘lishi kerak. Bu esa hukumatning ham to‘g‘ri axborotga ega bo‘lishini talab qiladi. Demak, jurnalistlar mana endi haqiqiy informatsion elchilarga aylanishi kerak bo‘ladi.
Mutassaddilar matbuot xodimlari bilan ishlashni o‘rganib, jurnalistlar mustaqil tomon bo‘lishi shartligini tan olib, ular bilan kasbiy etikaga asoslangan o‘rnatmas ekan, axborot vositalari xalq va davlat orasidagi ko‘prik bo‘la olmaydi.
Jon Herbst (John Herbst), 2000-2003 yillarda AQShning O‘zbekistondagi, 2003-2006 yillarda esa Ukrainadagi elchisi bo‘lgan. Hozirda u Atlantika Kengashida etakchi ekspert, iste’fodagi diplomat. Vazifasi Evrosiyodagi siyosiy dinamikani tahlil qilish va AQSh hukumatiga maslahat berib turish. Sobiq ittifoq bo‘yicha katta tajribaga ega arbob sanaladi.
— O‘tgan bir yil ichida Toshkent tashlagan qadamlarga qarab, bu mamlakatda siyosiy-biznes elita Prezident atrofida birlashganini ko‘rish mumkin. Mirziyoyevga yakkahokim deb qaray olmaymiz. Prezident qarorlarni o‘zi bilganicha qilayotgani yo‘q, u uyushgan elitaga tayanmoqda.
Prezident xalqning ishonchini qozonish orqali norozi tomonlarni o‘ziga bo‘ysundirmoqda. Shu bilan Mirziyoyev usta siyosatchi ekanini namoyon qilmoqda. Aytayotgan gaplari, tashlayotgan ehtiyotkor qadamlari bilan hammani sinovdan o‘tkazmoqda, tavakkal ham qilayotgani aniq.
O‘zbekiston Rossiya va Xitoy bilan tutashmagani unga ustunlik beradi. Vashington u bilan shu bois ham yaqindan ishlashi kerak. Va bir narsani esda tutish lozim: O‘zbekiston tobora o‘zgarib, erkinlashib borishi uchun yordam zarur, lekin demokratiya va matbuot erkinligiga erishish uchun o‘nlab yillar kerak bo‘ladi.
Siyosiy mentalitet yangilanishi, xalq erkinlik va qonun ustuvorligi degan qadriyatlarga o‘rganishi uchun nafaqat sabr-qanoat zarur, balki qattiq mehnat ham qilish zarur. Islohotlar faqat Prezidentga bog‘liq emas, o‘zgarish qilish faqat uning qo‘lida emas. Lekin davlat rahbari xalqiga bu borada yetakchilik qilishi zarur.